Zamonaviy dunyoda bir-biridan terisining rangi, koʻz shakli va albatta, boʻyi bilan farq qiladigan 5 mingdan ortiq turli millat va elatlar bor. Masalan, ruslar ayniqsa taylar (Tailand yashovchisi) bilan solishtirganda juda baland boʻyli xalq. Ammo taylar tom maʼnoda aholisining oʻrtacha boʻyi bir yarim metrdan oshmaydigan Madagaskar aholisiga «past nazar» bilan qarashadi.
Antropolog mutaxassislar turli xil xalqlarni oʻrganayotib, qiziqarli xulosaga kelishdi: mamlakat qanchalik qashshoq boʻlsa, aholisining boʻyi shunchalik past boʻlar ekan. Bu mavzu boʻyicha ingliz olimlari NCD “Risk Factor Collaboration” ilmiy hamjamiyati va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda tadqiqot oʻtkazishdi. Mutaxassislar bir necha oʻndan ortiq mamlakatlar aholisi parametrlarini oʻrganib, eng baland va eng past boʻyli odamlar qayerda yashashini aniqladilar.
Shunday qilib, tadqiqotlar dunyodagi eng baland boʻyli erkaklar Sharqiy Yevropada yashashini koʻrsatdi. Masalan, Latviyadagi erkaklarning oʻrtacha boʻyi 181,4, ayollar boʻyi esa 169 santimetr ekan. Estoniya ham oʻzining qoʻshnisidan unchalik uzoqqa bormadi: bu yerda erkaklar oʻrtacha 181, ayollar 168 santimetr boʻyga teng.
Skandinaviyaliklar ham oʻz qad-qomati bilan maqtansa boʻladi, masalan, norvegiyalik erkak oʻrtacha 179,7, ayollar esa 165,6 santimetrgacha oʻsadi. Finlyandiyadagi surat ham taxminan shunday. Tadqiqot eng baland odamlar, shuningdek, Rossiya, Shimoliy Amerika va Avstraliya aholisi ekanligini koʻrsatdi (erkaklar 177-179 sm, ayollar 163-165 sm).
Biroq, Janubiy Sudanda yashovchi «Dinka» nomli nilot xalqi barchani ortda qoldirdi. Bu xalq nafaqat Afrikada, balki butun dunyoda eng baland boʻy hisoblanadi. Turli hisob-kitoblarga koʻra, Dinka erkaklarining oʻrtacha boʻyi 185-190, ayollar boʻyi esa 175-180 santimetrga yetar ekan.
Mutaxassislar Dinkaning qomat rasolik siri ratsionidagi qaymogʻi olinmagan sut va tabiiy mahsulotlar isteʼmoli deb taʼkidlamoqda. Bunda parhez ham katta rol oʻynagan boʻlishi mumkin, biroq genetikani yengib boʻlmaydi. Eʼtiborlisi, tabiiy mahsulotlar va sogʻlom ovqatlanishga rioya qiladigan boshqa qabiladagi unchalik baland boʻlmagan boʻyi ham genetika foydasiga «tosh» bosdi.
Qiziqarli fakt: bir vaqtlar “Miami Heat”, “Golden State Warriors” va “Washington Bullets” basketbol klublarida oʻynagan NBA tarixidagi eng uzun boʻyli oʻyinchi Manute Bol ham Dinka xalqining vakili boʻlgan. Uning boʻyi 231 sm!
Medalning ikkinchi tomoni bor, deganlaridek, sayyoramizda eng past boʻyli aholi yashaydigan burchaklar ham bor. Afrikaning markaziy qismida pigmeylarga mansub «Tva» qabilasi yashaydi. Ochigʻi, ularning vakillari terisining qora rangi, daraxtlarga tez chiqa olishi va juda kichik boʻyi bilan (atigi 140 sm.) odamlardan koʻra koʻproq maymunlarga oʻxshaydi. «Tva» nomining oʻzi esa yunon tilidan «mushtakkina odam» deb tarjima qilinadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.









