Endi tez yordam mashinasi manzilda adashmaydi

    Yosh tadqiqotchi yaratgan “Elektron tez tibbiy yordam” elektron dasturi “Tez yordam” tezligini yanada oshirishi mumkin.

    Bugun hayotimizni kompyuter texnologiyalarisiz, sunʼiy intellektsiz tasavvur qila olmaymiz. Ular hayotimizni, turmushimizni osonlashtiruvchi vositaga, taʼbir joiz boʻlsa, yordamchimizga aylandi.

    Birgina smartfonni olaylik. Uning imkoniyatlari shu darajada kengki, u orqali taksi chaqirish, masofadan turib onlayn taʼlim olish, kommunal va boshqa toʻlovlarni toʻlash oddiy holga aylandi. Vaholanki, oʻn yillar oldin ham bu haqda tasavvur qilish qiyin edi.

    Biroq vaqt shitob bilan oʻtmoqda, dunyoda axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, robototexnika shunga monand tarzda yuksak darajada taraqqiy etayotir. Bunday yutuqlardan ortda qolish marrani boy berish, rivojlanishdan chekinish bilan barobar. Chunki hamma soha raqamlashmoqda, sunʼiy intellekt imkoniyatlari tatbiq etilyapti.

    Guvohi boʻlib turibmizki, mamlakatimizda ham mazkur yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkentda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki — IT-park hamda viloyatlarda uning filiallari ochildi.

    Toshkent shahrida Innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparki hamda hududlarda yoshlar texnoparklari tashkil etildi. Maqsad — yoshlarni dasturiy va texnik mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish, qobiliyatli yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning yaratuvchanlik qobiliyatini yuzaga chiqarish, gʻoyalarini haqiqiy biznes loyihalarga aylantirishga koʻmaklashishdan iborat.

    Ohangaron shahrida joylashgan Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkida ham ilm-fanni raqamlashtirish, yosh avlodni salohiyatli, zamonaviy bilimlarga ega qilib tarbiyalash, qolaversa, jahon bozorida raqobatlasha oladigan innovatorlarni tayyorlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. 2021-yilning fevral oyidan ish boshlagan mazkur Yoshlar texnoparkida 6 ta yoʻnalish: kompyuter savodxonligi, IT-dasturlash, AutoCAD, 3D-modellashtirish, kibersport, Scrach boʻyicha mashgʻulotlar olib borilmoqda.

    Bu yerda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar muayyan yutuqlarga erishmoqda. Ulardan biri Sarvarjon Yoʻlchiyev. U joriy yilning 15-16-sentyabr kunlari Nurafshon shahrida oʻtkazilgan “InnoWeek.Uz-2022” hududiy innovatsion gʻoyalar koʻrgazmasi doirasida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “TechnoWays” tadbirida gʻolib boʻldi.

    Jami 71 iqtidorli yosh oʻzining ishlanmalari va innovatsion mahsulotlari bilan ishtirok etgan tadbir yakunida 3 nafar eng yaxshi loyiha egasi saralandi. Ular orasida Sarvarjon Yoʻlchiyevning “Elektron tez tibbiy yordam” loyihasi 1-oʻringa loyiq koʻrildi. Bunda muallifning Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkida loyiha rahbari Oybek Toʻychiyev boshchiligida olib borgan ilmiy izlanishlari samara berdi.

    Ushbu elektron platforma koʻrsatiladigan tez tibbiy yordam xizmati sifati va samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Loyihaning afzalligi shundaki, har bir aholi yashaydigan xonadon “Google maps” elektron tizimi orqali dasturga kiritiladi. Buning natijasida tibbiyot xodimlariga bemorlarning turar joylari aniq koʻrsatiladi. Har bir tuman, mahalla, uy, uning har bir qavatidagi xonadonlar manzili dasturda aniq yozilib qoʻyiladi.

    — Baʼzan olis qishloqlardagi xonadonlardan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriqlar boʻlib qoladi, — deydi loyiha muallifi S.Yoʻlchiyev. — Bunday hududlarning ayrimlarida yoʻl koʻrsatkichlari, joy nomlari, xonadonlar raqamlari yozib qoʻyilmagani yoki koʻcha nomi va xonadon raqami almashgan boʻlsa-da, ular eski holatida qolib ketgani, yangisiga almashtirilmagani uchun manzilni vaqtida topib borishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Oqibatda tez tibbiy yordam mashinasi adashib qoladi, belgilangan manzilga oʻz vaqtida yetib borolmay, fursat boy beriladi, ortiqcha yonilgʻi sarflanadi, eng yomoni, bemorga vaqtida tibbiy yordam koʻrsatishda kechikish holatlari yuzaga keladi. Agar bemorning oʻzi tomonidan chaqiriq boʻlsa-chi, uning ahvoli ogʻir boʻlsa, yonida koʻmaklashadigan hech kim boʻlmasa-chi, adashib qolgan tez tibbiy yordam xizmatini kim koʻchaga chiqib kutib oladi? Bu tizim ana shunday holatlarning, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Tez tibbiy yordam xodimlarini bemorning uy manziliga adashmasdan, kechikmay, oʻz vaqtida yetib borishiga imkon yaratadi.

    Bu platforma haydovchilarni necha daqiqa davomida manzilga yetib olishini, eng qulay va yaqin yoʻlni ham onlayn rejimda koʻrsatib turadi. Qolaversa, hududda qaysi kasallikka koʻp chalinayotgani bilan bogʻliq statistika ham yuritiladi.

    Hozirgi kunda ushbu elektron platforma Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida joriy qilingan boʻlib, test rejimida ishlayapti. Ayni kunlarda uni boshqa hududlarda ham joriy qilish borasida izlanish olib borilmoqda.

    Shahzod Gʻafforov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri