Endi tabiiy meros ham davlat tomonidan muhofaza qilinadi

    Yangi Konstitutsiyada O'zbekiston xalqining tabiiy merosini asrab-avaylash shartligi hamda tabiiy meros ham davlat tomonidan muhofaza qilinishini qonun bilan kafolatlaydi.

    Tabiatning har zarrasi insoniyat uchun berilgan beqiyos in'om. Biz nafas olayotgan atmosfera havosidan tortib, tiriklik manbai bo'lgan jamiki tabiiy boyliklar, hayotning bir maromda aylanishiga xizmat qilayotgan ekotizmlarning bari odamzodga omonat qilib berilgan. Ularni asrash, oqilona foydalanish, ajdodlarimiz singari kelajak avlodga o'z holicha etkazish, kerak bo'lsa, qayta tiklash zimmamizdagi ulkan mas'uliyatdir. Bugun mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta'minlashdek dolzarb vazifaga katta e'tibor qaratilayotgani boisi ham shunda.

    Asrimizga kelib, moddiy va nomoddiy meros bilan bir qatorda, ilmiy va tabiiy merosni asrab-avaylash zarurati oshib bormoqda. Ammo qachonlardir bunga yetarlicha e'tibor qaratilmagan. Buni yurtimiz misolida ham ko'rishimiz mumkin. Masalan, eski Konstitutsiyamizda fuqarolarning O'zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini asrab-avaylash majburiyati norma sifatida belgilangan. Biroq ushbu normani to'liq holda to'ldiruvchi sifatida “ilmiy va tabiiy meros”ga e'tibor qaratilmagan.

    To'g'ri, ona zaminimiz madaniy meros ob'ektlariga boy va asrlar davomida saqlanib kelinayotgan bu obidalarni asrash har birimizning vazifamiz. YUrtimizda madaniy, tarixiy meros obyektlari xalqning ma'naviy mulki bo'lib, shonli tariximiz, dunyo tamadduniga munosib hissa qo'shgan asori-antiqalarimizni o'rganish, asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga butun bo'y-basti bilan etkazish davlatimiz va jamoatchiligimizning doimiy g'amxo'rligida, fuqarolar, hukumat bu merosni saqlab qolishni o'z zimmasiga oladi. Davlat, o'z navbatida, amaldagi qonunchilikka binoan, moddiy va nomoddiy meros ob`ektlaridan foydalanish, ularni saqlash, ro'yxatini olib borish bo'yicha nazoratni o'rnatgan.

    Bu borada mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirilib, ma'naviy va madaniy boyliklarimizni asrashga qaratilgan sa'y-harakatlar, ayniqsa, so'nggi yillarda faollashib boryapti. Jumladan, o'tgan yillar davomida O'zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida” hamda “Arxeologiya merosi ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida”gi qonunlari qabul qilindi. Qolaversa, yurtimiz bu yo'nalishda qator xalqaro konventsiyalarga qo'shilgan.

    Ammo masalaning yana bir jihati bor. Gap shundaki, mamlakatimizda moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari bilan bir qatorda ilmiy va tabiiy meros ob'ektlari ham etarlicha. Ularni ham muhofaza qilish, ayniqsa, ekologik muammolar kun sayin dolzarblashib, ekotizim va tabiiy meroslarga antropogen ta'sirlar ortib borayotgan bugungi davrda o'z holicha asrab qolish yanada muhimroq zaruratga aylanmoqda. Yuqorida ta'kidlanganimizdek, afsuski, bugunga qadar ushbu masalaning qonuniy kafolatlari belgilanmagan edi.

    Yangilangan Konstitutsiyamizda esa ayni shu jihatga e'tibor qaratilib, Bosh qomusimizdagi mavjud modda birinchi qismi matniga “ilmiy va tabiiy” so'zlari qo'shildi, ikkinchi qismi matni “Tarixiy, ma'naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, degan tahrirda bayon etildi. Ushbu o'zgartirish aholi va keng jamoatchilik takliflari asosida kiritilgani yanada quvonarli va bu yurtdoshlarimizning ekologik muammolarga befarq emasligi, bioxilma-xillikni saqlab qolishga daxldorlik hissi bilan yashayotganining isbotidir.

    Insoniyat o'z xatti-harakatlari bilan tabiatga qanchalik salbiy ta'sir ko'rsatmasin, undan ayro yashay olmasligi, ona zaminni asrab-avaylash sifatli turmush tarziga kafolat ekanini yaxshi tushunadi. Biz so'z yuritayotgan tabiiy meros esa aynan mana shu — o'simlik va hayvonot dunyosi, ekotizimlar va geologik tuzilmalarni o'z ichiga olgan biologik xilma-xillik elementlarining yig'indisidir. Ularning odamlar va davlat tomonidan muhofaza qilinishi hamisha muhim ahamiyat kasb etadi.

    Hozirgi kunda yurtimizda 7 ta davlat qo'riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo'riqxonasi, 12 ta tabiat bog'i, 1 ta milliy bog', 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qo'riqxonasi, 1 ta jayron maxsus pitomnigi mavjud bo'lib, ularning umumiy maydoni 6,321 million gektarni tashkil qiladi. SHulardan 2 ta tabiiy ob'ekt — “Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog'i” va “Saygachi landshaft buyurtma qo'riqxonasi” Qozog'iston Respublikasi, Turkmaniston va O'zbekiston Respublikasi tomonidan “Mo'tadil mintaqadagi Turon cho'llari” transmilliy seriyali obyektini YUNESKOning Butunjaxon tabiiy merosi obyektlari ruyxatiga kiritish buyicha nominatsiyasiga kiritilgan.

    Yangi Konstitutsiyada O'zbekiston xalqining tabiiy merosini asrab-avaylash shartligi hamda tabiiy meros ham davlat tomonidan muhofaza qilinishini qonun bilan kafolatlaydi. Mazkur norma tarixiy, ma'naviy, madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish hamda undan samarali foydalanish bo'yicha davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarini kengaytirishga asos bo'ladi.

    Qolaversa, davlat barqaror rivojlanish tamoyiliga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekotizimlar hamda ilmiy va tabiiy meroslarni asrab-avaylash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqadi va uning ijrosini ta'minlaydi.

    Shuningdek, mazkur norma dunyo tamaddunida munosib o'ringa ega bo'lgan shonli ko'p ming yillik tariximizni o'rganish, ma'naviy va madaniy merosimizni ko'z qorachig'idek asrab-avaylashga hamda O'zbekistonning tabiiy merosini asl holicha saqlab, kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga xizmat qiladi.

    Baxtiyor PO'LATOV,

    Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi

    Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish

    texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori,

    texnika fanlari doktori