Dunyo davlatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar uchun qanday javobgarlik belgilanganini bilasizmi?

    Bilasizmi? 21 Fevral 2024 3086

    Korrupsiyaviy jinoyatlarning kengayishi muammosi soʻnggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzu hisoblanadi.

    Hatto, ayrim siyosatchilar tomonidan korrupsiyaga global inqirozni keltirib chiqaruvchi omil sifatida ham taʼrif beriladi. Korrupsiyaning xalqaro munosabatlarga taʼsirini oʻrgangan tadqiqotchilar esa, rivojlangan “birinchi dunyo” mamlakatlari korrupsiya yordamida oʻzlariga maʼqul kelmagan hukumatlarni agʻdarib tashlashi, oʻzlariga xayrixoh rejim oʻrnatishi, amaldagi hokimiyatga oppozitsiyani moddiy taʼminlash imkoniyatiga ega boʻladi degan xulosani bildirishgan.

    Shu oʻrinda biz ayrim rivojlangan davlatlarning koppursiyaviy jinoyatlarga qarshi kurash umuman korrupsiyaga qarshi kurash masalalari boʻyicha tajribalarini oʻrgan dik va ularni dunyoda tutgan korrupsiyalashmaganlik darajasi boʻ0yicha reyting asosida birma bir yoritmoqchmiz.

    Buyuk Britaniya sud tizimi korrupsiyaga qarshi kurash borasida oʻziga xos samarali mexnizmlarga ega boʻlib, pora olish bilan bogʻliq (korrupsiya) jinoyat qonunchiligi asoslarini 2010-yilda qabul qilingan “Poraxoʻrlik toʻgʻrisida”gi Qonun tashkil etadi.

    Mazkur qonun mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi avvalgi qonunchiligiga nisbatan ogʻirlashtiruvchi tavsifga egaligi yaʼni sudyalarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish uchun muddatlar oʻtishi institutining hamda ularda jinoiy taqibga oid immunitetning mavjud emasligi bilan alohida xususiyatga ega.

    Qonunchilik normalariga koʻra, sodir etilgan muayyan jinoyatlar boʻyicha sudyalar va sud mansabdorlari uchun jarima va ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq jazolar koʻrib chiqiladi.

    Buyuk Britaniyaning korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasida jamiyatning barcha sohalarida, davlat xizmatlari (shu jumladan sud tizimi)da halollik va vijdonlilik tamoyillarini oʻzida mustahkamlovchi maxsus dastur amalga oshirildi.

    Mazkur tamoyillar ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik fikri orqali korrupsiyaga qarshi kurashda oʻzining taʼsirchan samarasiga ega boʻldi.

    Skandinaviya davlatlari tajribasi shuni koʻrasatadiki, barcha xorijiy mamlakatlar amaliyotida korrupsiyaning oldini olishda samarali kriminologik tadqiqotlardan foydalanishga alohida eʼtibor beriladi. Xususan, Skandinaviya davlatlari - Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya adliya vazirlari tomonidan 1962-yilda tashkil etilgan Kriminologiya boʻyicha Skandinaviya kengashi bu mamlakatlarda jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatini shakllantirishda ishtirok etishadi. Kengashning asosiy maqsadlari – ishtirokchi mamlakatlarda kriminologiya tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hukumatlarga tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi. Bu mamlakatlardagi jinoyat-huquqiy doktrinada axloqiy kategoriyalar va ijtimoiy qadriyatlar tizimi alohida oʻrin tutadi. Kriminologiya boʻyicha Skandinaviya kengashi 15 ta aʼzodan – har bir davlatdan uchtadan vakil, ikkitasi taniqli kriminolog va bitta adliya vazirligi vakilidan iborat. Skandinaviya mamlakatlari aholisi huquqiy ongiga ijtimoiy tenglik gʻoyasi, jamoatchilik va yuridik institutlarga ishonch, shaxs darajasida har xil hodisalarga bagʻrikeng-lik, shuningdek, “jinoyat”, “jinoyatchi”, “jazo” va “javobgarlik” singari huquqiy kategoriyalarga nisbatan namoyon boʻluvchi umumiy adolat hissi xos hisoblanadi. Umuman Skandinaviya mamlakatlari uchun jinoyatchilikning ijtimoiy ildizlari asosiy kriminogen dominant degan qarash ustunlik qiladi.

    Skandinaviya davlatlari tajribasi shuni koʻrsatadiki korrupsiyaga qarshi samarali kurashni tashkil qilish uchun kriminologik tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, bunda huquq yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar kriminologiya sohasidagi tad-qiqotlarni muvofiqlash-tirish maqsadga muvofiqdir . Shuni aytish lozimki, Transperensi Interneyshnl (Transparency International) tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan jahon mamlakatlarining korrupsiyalashganligi darajasini aks ettiruvchi reytingda Skandinaviya mamlakatlarida bu koʻrsatkich eng past darajada ekanligi qayd etilgan. Unga koʻra, Yangi Zelandiya, Daniya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Finlyandiya mamlakatlari bu borada eng past koʻrsatkichga ega boʻlgan davlatlar hisoblanadi.

    Korrupsiya, eng avvalo, har qanday mamlakatda davlat apparatining xalq oldidagi minimal majburiyatlarini bajarishda ojizligini anglatadi. Bu Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoning koʻpgina rivojlanayotgan davlatlarini ham qamrab olgan va mazkur mamlakatlar uchun jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Bu mamlakatlarning barchasida korrupsiya xalqning qashshoqligi, mamlakatning qoloqligiga sabab boʻlmoqda.

    Gonkong tajribasi haqida gapiradigan boʻlsak, Gonkongda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil komissiya mazkur faoliyatda muvaffaqiyatli va keskin choralarni amalga oshira oluvchi institutlarga namuna boʻlishi mumkin. Hokimiyat idoralari faoliyatini sinch-kovlik bilan – rasmiy institutlar, alohida fuqarolar tomonidan monitoring qilib borish, shuningdek, aybdorlarni sud taʼqibi Gonkongdagi korrupsiyaga qarshi kurashning asosi sifatida xizmat qiladi.

    Amerika Qoʻshma Shtatlari qonunchiligi toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, AQSHda korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan maxsus qonun hujjati qabul qilingan. “Foreign Corrupt Practices Act” deb nomlangan mazkur qonun hujjati Amerika kompaniyalarini shartnomalar tuzishda imtiyozlar va kafolatlar olishda xorijiy mansabdor shaxslarga pora berganlik uchun javobgarligini belgilaydi.

    AQSHda bexosdan xatoga yoʻl qoʻygan xodim jazolanmaydi. Amerikaning boshlangʻich va oʻrta maktablarida ijtimoiy etika boʻyicha mashgʻulotlar olib borilmoqda.

    AQSH rasmiy axloqiy idorasi oʻz veb-saytida ijro etuvchi organlarda xodimlar uchun zarur axloqiy fazilatlarga ega boʻlish haqida maʼlumot beradi. Deyarli barcha AQSH federal organlarida muntazam ravishda (odatda yiliga bir marta) korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha treninglar oʻtkaziladi.

    Koʻpgina idoralarda suiisteʼmollikni aniqlash uchun ichki nazorat xizmati (Internal Revenue Service) kabi maxsus boʻlinmalar tashkil etilgan boʻlib, doimiy ravishda rasmiy muvofiqlik masalalari boʻyicha masʼul xodimlar ishlaydi, ularga yordam yoki maslahat uchun murojaat qilinadi. Agar rasmiy shaxs notoʻgʻri ish qilgan boʻlsa-da, buning uchun ichki nazorat xizmati xodimi tomonidan oldindan koʻrsatma berilgan boʻlsa, u jazolanmaydi. Ushbu qoida bexosdan xatoga yoʻl qoʻyadigan halol xodimlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

    Singapur davlati barchamizga maʼlumki, 1965-yil mustaqillikka erishgan davrga qadar Singapur zamonaviy korrupsiyalashgan mamlakatlardagi manzarani eslatuvchi vaziyatga tushib qolgandi. Bir tomondan qonunchilik uzoq Angliyadan, yaʼni Britaniya mustamlakachilari tomonidan import qilingan, ikkinchi tomondan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uyushgan jinoyatchilikka kurashish qobiliyatiga ega emasdi. Amaldorlarning aksariyati esa korrupsiya botqogʻiga botib boʻlgandi. Aholining koʻpchiligi savodsiz boʻlib, oʻz huquqlarini himoya qilolmasdi. Mamlakat rahbarlari korrupsiya va oʻzi boʻlarchilikni ildizi bilan qoʻporib tashlash kerakligini, busiz mamlakatning kelajagi yoʻqligini tushunib yetdi. Bu esa qatʼiyligi va izchilligi bilan ajralib turuvchi butun bir choralar tizimini qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qildi.

    Amaldorlarning harakatlari yoʻlga solindi, byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, yuqori axloq-odob standartlariga rioya etish ustidan kuchli nazorat taʼminlandi. Mazkur choralarni hayotga tatbiq etgan va oʻz vakolatlarini bugungacha saqlab qolgan organ – korrupsiya holatlarini tergov qiluvchi maxsus Byuro illatni mahv etishda ulkan rol oʻynadi. Fuqarolar Byuroga davlat xizmatchilarining harakatlari ustidan shikoyat bilan murojaat qilishar va ziyonni undirib berishni talab qilardi.

    Bir vaqtning oʻzida korrupsiya harakatlari uchun jinoiy jazo kuchaytirildi, sud tizimi mustaqilligi oshirildi, sudyalarning maoshlari keskin oshirildi, ularning ijtimoiy maqomi taʼminlandi, pora berganlik yoki korrupsiyaga qarshi tergovda ishtirok etishdan boʻyin tovlaganlik uchun sezilarli iqtisodiy jazo joriy etildi. Koʻplab davlat tashkilotlarida barcha xodimlarni ishdan haydashgacha boʻlgan qattiq choralar koʻrildi. Ushbu choralar davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish, amaldorlarning maoshini oshirish, malakali maʼmuriy kadrlarni tayyorlash orqali amalga oshirildi. “Foiz”, “taqdirlash”, “bakshish” – mahalliy jargonda korrupsiyani qanday atashmasin, u osiyocha turmush tarzining koʻrinishlaridan biridir. Vazirlar va amaldor shaxslar ehtiyojlari talab qilayotgan darajada maoshlariga yashay olmaydi. Mansabi qanchalik yuqori boʻlsa, ularning uylari ham shuncha koʻp. Bu ham yetmaganidek, ularning xotinlari, jazmanlari koʻp. Erlarining mansablariga qarab tilla taqinchoqlari ham qimmatbaho. Bunday mamlakatlarda biznes qiluvchi singapurliklar yaramas odatlarni uyga olib kirmasliklari kerak, deb yozgan edi mamlakat bosh vaziri, Singapurdagi islohot tashabbuskorlaridan biri Li Kuan Yu.

    Hozirgi paytda kuchli avtoritar boshqaruvli davlat - Singapur korrupsiya koʻlami kamligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi boʻyicha jahon reytinggida yetakchi oʻrinda bormoqda. Atigi 4 million aholi istiqomat qilayotgan Singapur tajribasi siyosiy iroda, samarali antikorrupsion qonunchilik va pulga sotilmas mustaqil agentlik evaziga atigi bir necha yilda korrupsiyani juda past darajaga tushirish mumkinligini namoyish etdi.

    Singapur davlati amaldorlari tijoriy sektor xodimlaridan oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanishi, aholi savodxonligining past darajasi, huquqiy madaniyatning yetishmasligi kurashni qiyinlashtirdi. Natijada pora maqsadga erishishning yagona usuliga aylandi.

    Masalaning yana bir murakkab tomoni shunda ediki, inglizlar davrida tashkil etilgan Korrupsiya holatlarini tergov qiluvchi Byuro xizmatchilari mahalliy politsiyadan iborat boʻlib, ular ruhiy jihatdan ushbu illatga qarshi kurashga tayyor emasdi.

    “Bojxona amaldorlari kontrabanda va taʼqiqlangan mahsulotlarni tashiydigan transport vositalarini tekshirishni “tezlashtirish” uchun pora olardilar. Markaziy taʼminot xizmati xodimlari muayyan chaqa evaziga manfaatdor shaxslarga tenderga kelib tushgan arizalar haqida maʼlumot berardi. Import-eksport departamenti amaldorlari ruxsatnomani tezlashtirib berganlari uchun pora olishardi. Klerklar kamchiliklarga koʻz yumishlari uchun pudratchilar pora taklif qilishardi. Doʻkondorlar va uy egalari axlatni olib ketgani uchun Jamoat sogʻliqni saqlash departamentiga haq toʻlashardi. Maktab direktor va oʻqituvchilari kanselyariya mahsulotlari keltiruvchilaridan foiz olishardi. Hokimiyat tizginidan shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanishga oʻtishganida inson ixtirochilik qobiliyatining chegarasi yoʻqoladi”. (Li Kuan Yu).

    Mamlakat juda ogʻir ahvolga kelib qolganini tushungan hukumat jamiyatda ochiqlik va tozalik muhitini yaratishga, korrupsiyani ijtimoiy nomaqbul hodisa deb talqin etilishiga erishish uchun qatʼiy qaror qildi. Oʻz ishining asosiga “toza va sotilmas boʻlib qolish” prinsipini ustuvor qoʻydi. Strategiya mualliflari korrupsiya ustidan nazorat milliy taraqqiyot uchun muhimligiga ishonishardi.

    Singapur hukumati oʻz oldiga Singapurni Janubi-Sharqiy Osiyoning moliyaviy va savdo markaziga aylantirish, shuningdek, mamlakatga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish maqsadini qoʻygandi. Rahbarlarining siyosiy irodasi va kuchli antikorrupsiya qonunchiligi hisobiga Singapur poraxoʻrlikni yengishga va jahonning iqtisodiy yetakchilari qatoridan joy olishga erishdi. Birinchi navbatda korrupsion harakatlar sodir etish imkoniyati qisqartirildi. 1960-yilda korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi korrupsiya oldini olish va korrupsiya tergovi boʻyicha Byuroni alohida vakolatlar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunda mustahkamlab qoʻyildi.

    1989 va 1994-yillarda davlat oliy xizmatchilarining ish haqini qayta koʻrib chiqish jarayonida maoshlar shu qadar oshirildiki, dunyoning boshqa har qanday davlat xizmatchisi buni orzu qilardi xolos. Biroq mazkur formula ish haqining har yili avtomatik tarzda oshirilishini anglatmaydi, chunki xususiy sektorning daromadlari goh tushar, goh koʻtarilardi. 1995-yilda xususiy sektorning daromadi pasaygan boʻlsa, 1997-yilda bunga muvofiq ravishda barcha vazirlar va mansabdorlarning maoshi kamaytiriladi.

    Singapur rahbariyati saylovoldi kampaniyasiga katta xarajatlarni sarflash koʻplab Osiyo mamlakatlari uchun behuda ekaniga ishonardi. Saylovga katta pul tikkan gʻoliblar nafaqat sarflangan mablagʻni qaytarishi, balki kelgusi saylov uchun mablagʻ toʻplashi zarur edi. Bu holat korrupsion operatsiyalarni amalga oshirishga yoʻl ochardi. Shuning uchun Singapur xalq harakati partiyasi yetakchilari saylovoldi kampaniyaga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirishga urindi.

    Singapurning korrupsiyaga qarshi siyosatining asosiy gʻoyasi “insonni korrupsiyaga undaydigan holatlarni yoʻq qilish”dan iborat.

    Bunga bir qator prinsiplar orqali erishiladi:

    1) davlat xizmatchilarining ish haqini xususiy sektorda muvaffaqiyatli ishlayotgan shaxslarning oʻrtacha oylik ish haqi bilan tenglashtirish; 2) davlat organlari mansabdorlarining mulki, aktivlari va qarzlari boʻyicha yillik hisobotlarini nazorat qilish (xususan, prokuror korrupsiyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda gumon qilingan shaxslarning har qanday bank hisob raqamlarini, aksiyalarini tekshirishga haqli); 3) yuqori lavozimdagi mansabdorlarning maʼnaviy yuksakligini taʼminlash; 4) iqtisodiy rivojlanishda duch kelinadigan maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish.

    Yaponiya davlati tajribasida muxim masala shundan iboratki, oʻtgan asrning 90-yillarida yapon tadqiqotchilari korrupsiyaviy jinoyatchilikni kamaytirishda: hokimiyat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlarni oshkoralashtirish, mansabdor shaxslarni nazorat qilish uchun markaziy va mahalliy miqyosda mustaqil ombudsman institutini joriy etish, shu turdagi jinoyatlarga qattiq jazo tayin-lash (deputatlikka saylanishdan mahrum qilish, umrbod yuqori lavozimga koʻtarilishdan mahrum qilish, saylov guruhidagi shunga aloqador kishilarni jazolash), saylov kompaniyalarini moliyalashni toʻla davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshirishni taklif etgan edilar.

    Yaponiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan birga notoʻgʻri(tuhmatdan) pora olish haqida xabar berish ham, pora oluvchilarga nisbatan belgilangan jazoga – uch yil muddatga katorga jazosi yoki jarima jazosiga tortilishi mumkin. Jinoyat qonunchiligida amalga oshirilgan islohotlar orqali bir qator mansabdorlik jinoyatlariga beriladigan jazolar ogʻirlashtirildi. Masalan, davlat va jamoat arboblarining mansabdorlik vakolatlari bilan hokimiyatni suisteʼmol qilishiga 2-yilgacha katorga yoki turma qamogʻi jazosi belgilandi. Ilgari bunday jinoyat uchun shaxs 6 oygacha shunday jazoga tortilardi.

    Niderlandiya korrupsiya darajasi eng past davlatlar qatoriga kiradi. Niderlandiyada korrupsiyaga qarshi kurash tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

    - Korrupsiya holati aniqlangach, korrupsion harakatning oqibatlari muhokama qilinadi va ularga qoʻllangan jazolar muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi. Ichki ishlar vaziri har yili korrupsiya faktlari va korrupsiyaga aloqador shaxslarni jazolash choralari toʻgʻrisida parlamentga hisobot beradi.

    - Korrupsion amaliyotlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan “nuqta”larni kuzatib borish va bu joylarda shaxslarning faoliyatini nazorat qilish tizimi ishlab chiqilgan.

    - Rasmiy axloq qoidalarining buzilishi uchun javobgar mansabdorlarning huquq va majburiyatlari tizimi yaratilgan.

    - Korrupsion harakatlar uchun asosiy jazo davlat tashkilotlarida ishlash huquqidan va barcha ijtimoiy imtiyozlardan mahrum boʻlishdir. Shuningdek, jarima va oʻz vazifasidan vaqtincha chetlatish jazosi ham qoʻllanadi.

    - Eng muhim tashkilotlarda, xususan, vazirliklarda ichki xavfsizlik xizmati mavjud boʻlib, ularning vazifasi amaldorlarning xatosini aniqlash, ularning qoidalarni qasddan yoki tasodifan buzishini aniqlash hisoblanadi.

    - Korrupsiya sodir etishi mumkin boʻlgan lavozimlarga shaxslarni tanlash tizimi yaratilgan.

    - Milliy xavfsizlik tizimiga tegishli boʻlmagan, korrupsiyaga oid barcha materiallar ommaga eʼlon qilinadi.

    - Korrupsiyaning zararini tushunadigan mansabdorlarni tayyorlashning maxsus tizimi yaratilgan.

    - Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat xavfsizligi tizimi yaratilgan va u korrupsiyani aniqlash uchun katta vakolatlarga ega.

    - Barcha darajadagi mansabdorlar oʻzlariga maʼlum boʻlgan korrupsiyani roʻyxatga olishlari shart, bu maʼlumotlar ichki ishlar va adliya vazirliklariga yuboriladi.

    - Korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari katta rol oʻynaydi. Chunki ular korrupsiya holatlarini fosh etadi va ular haqida surishtiruv olib boradi.

    Germaniyada muayyan funksiyalardan qatʼi nazar, davlat xizmatchilari oʻz vazifalarini butun jamiyat manfaati uchun xolis va adolatli bajarishlari shart.

    Germaniyada korrupsiyaga qarshi kurashning birinchi vazifasi rasmiy sirlarni saqlashdan iborat. Davlat xizmatchisi, shuningdek, oʻz faoliyati davomida unga maʼlum boʻlgan maʼlumot va haqiqatlarni yashirishi kerak. Davlat xizmatchisi ruxsat olmasdan turib guvohlik berishga, hatto sudda ham bayonot berishga haqli emas.

    Davlat xizmatchisi xizmat koʻrsatishdan boshqa har qanday ish uchun oldindan yuqori darajadagi rahbarining roziligini olishi talab qilinadi. Davlat xizmatchisi uchun ruxsatnomalar faqat ilmiy muassasalarda va oʻqitish hamda tadqiqotlar bilan bogʻliq faoliyat uchun talab qilinmaydi.

    Davlat xizmatchilari biron-bir tadbirkorlik faoliyati bilan shaxsan yoki vakolatli vakillari orqali shugʻullanish huquqiga ega emas.

    Federal hukumat qonun kuchiga ega qaror chiqarish yoʻli bilan davlat xizmatchilarining oʻrindoshlik asosida ishlash tartibini belgilaydi. Unda qaysi faoliyat davlat xizmati deb hisoblanadi yoki unga tenglashtiriladi; davlat xizmatchisi qoʻshimcha ishi uchun haq oladimi; davlat xizmatchilarining qaysi toifalari ruxsatnoma olishga majbur kabi masalalar aniqlashtiriladi. Ishchilarning turli toifalari bir yilda oladigan eng koʻp haq miqdori va uni hisoblash tartibi belgilanadi.

    Agar xizmatga oid munosabatlar tugatilgandan soʻng davlat xizmatchisi oʻzining oxirgi besh yillik xizmat faoliyati bilan bogʻliq ishda ishlasa, oxirgi xizmat joyida buni eʼlon qilishi kerak. Uning faoliyati, agar xizmat manfaatlari uchun zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, taqiqlanadi. Bu taqiq davlat xizmatining eng yuqori instansiyasi tomonidan joriy etiladi va xizmat munosabatlari tugaganidan keyin 5-yil oʻtgach tugaydi.

    Davlat xizmatchilarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi oqibatlari batafsil tartibga solinadi. Davlat xizmatchisi (Federal intizomiy huquq haqidagi nizomga muvofiq) oʻz vazifalarini bajarish tartibini buzgan deb topilsa, jinoyat sodir etgan deb hisoblanadi.

    Davlat xizmatiga bogʻliq boʻlgan yuqori talab va cheklovlarga yarasha Germaniyada yuqori maosh va boshqa toʻlovlar, ish joyining barqarorligi va yuqori turmush darajasini taʼminlash kafolatlanadi.

    Avstraliyada korrupsiyaga qarshi maxsus kurslar kurashadi. Avstraliyada federal tuzilma yoki korrupsiyaga qarshi kurash organlarining markazlashtirilgan tizimi yoʻq. Hukumat tuzilmalari faoliyatini nazorat qilish Avstraliya milliy jamoat tashkilotlari, parlament va ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi. Har qanday fuqaro bunday komissiyaga shikoyat qilish yoki davlat mansabdor shaxsi tomonidan sodir etilgan korrupsiya harakati haqida xabar berish huquqiga ega.

    Bu yerda korrupsiyaga qarshi asosiy taʼlim dasturi Avstraliya Milliy universiteti (Kanberra) davlat siyosati fakultetida boʻlib oʻtadigan “korrupsiya va unga qarshi kurash usullari” mavzuidagi maxsus kursdir. Trening davomida tinglovchilar korrupsiya hodisasiga turli yondashuvlar va uning namoyon boʻlishiga qarshi kurash usullari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Bundan tashqari, oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari va maktablarning yuqori sinf oʻqituvchilari uchun maxsus kurslar ham mavjud. Ushbu taʼlim dasturi global taʼlim markazi tomonidan taklif etilgan.

    Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi elchixonalarida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha seminarlar tashkil etadi (shu kabi tadbirlar soʻnggi yillarda Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Argentina, Tailand, Singapur, Meksika, Ispaniya va Birlashgan Arab Amirliklarining diplomatik missiyalarida oʻtkazildi).

    Diplomatik lavozimlarga tayinlangan diplomatlar uchun ikki kunlik intensiv kurslar tashkil etiladi, ular doirasida korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi mutaxassislar TIV xodimlari bilan shaxsiy intervyular oʻtkazadilar va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha yozma ishlarni tekshiradilar.

    Xalqaro taraqqiyot vazirligi va Buyuk Britaniya savdo va investitsiyalar agentligining qoʻshma loyihasi doirasida korrupsiya faktlarini aniqlash boʻyicha maxsus darslik chop etildi, bu majburiy ravishda xorijiy mamlakatlardagi savdo vakolatxonalari va elchixonalarga yuboriladi.

    Buyuk Britaniyada korrupsiyaga qarshi kurashning bosh organi — katta miqdordagi firibgarlik boʻyicha kurash boshqarmasi (SFO, Serious Fraud Office) hisoblanadi.

    Buyuk Britaniya korrupsiyaga qarshi kurash siyosatida davlat taʼlimining yana bir xususiyati aholining eʼtiborini ichki korrupsiya muammosidan qasddan chalgʻitishdir. Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida taʼlim dasturlarining tashqi yoʻnalishini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaydi.

    “Britaniya korrupsiyaga qarshi kurash forumi”, “Transparency international”, “Qashshoqlikka qarshi muhandislar”, “Bosh infrastruktura korrupsiyaga qarshi kurash markazi” va boshqalar kabi nodav¬lat tashkilotlari Londonning korrupsiyani global bartaraf etish gʻoyasining eng faol namoyondalari hisoblanadi. Koʻpincha Britaniya nodavlat tashkilotlari davlat organlari, biznes va xorijiy davlatlarning fuqarolik jamiyati institutlari uchun korrupsiyaga qarshi taʼlim dasturlarini begʻarazlik asosida amalga oshirmoqdalar.

    Hindistonda korrupsiya muammosi uzoq vaqt davomida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Mutaxassislarning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashning kam samaradorligi sabablaridan biri aholining huquqiy savodxonligi yetarli emas. Hindiston maktablarida korrupsiyaga qarshi taʼlim dasturlari mavjud emas. Yuridik kollej va universitetlarda korrupsiyaga qarshi qonunlar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish amaliyoti asosan ijtimoiy-iqtisodiy jinoyatlar boʻyicha oʻquv kurslari doirasida yoki “oq yoqa” jinoyatlari yoki jinoyat-protsessual kodeksi doirasida, yaʼni alohida kurslar sifatida oʻqitilmaydi.

    Muammoni hal etishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish maqsadida Markaziy komissiya tomonidan milliy korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi loyihasi tayyorlandi. Ushbu hujjatda korrupsiyaning oldini olish va aholi oʻrtasida poraxoʻrlikka nisbatan murosasizlik munosabatlarini shakllantirish uchun tegishli taʼlimning oʻrni muhimligi taʼkidlanadi.

    Markaziy tergov byurosi Akademiyasida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha maxsus kurslar oʻqitiladi.

    Komil Hakimov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,

    kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi mudiri,

    yuridik fanlar doktori (DSc)