Demensiyaning oldini oladigan oqsil aniqlandi

    San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti (UCSF) olimlari keksa maymunlarda miya faoliyatini yaxshilash yoʻlini topishdi. Klotho deb ataladigan oqsilning bir martalik inyeksiyasi foydali taʼsir koʻrsatdi.

    Oldingi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, klothoni qoʻllash sichqonlarning kognitiv faoliyatini yaxshilaydi. Yangi tadqiqot doirasida olimlar 18 ta makaka maymuni ustida tajriba oʻtkazishdi. Bu primatlar odamlarga oʻxshab ketadi va koʻpincha keksalikda aqliy zaiflikdan aziyat chekadi. Tajribalar uchun 22 yoshli makakalar tanlandi – bu odamlarda 65 yoshga toʻgʻri keladi.

    Primatlarning bir guruhiga klotho inyeksiyasi yuborildi. Natijada ular shirinliklar joylashuvini eslashni talab qiladigan testlarda yaxshi natijalarga erishishdi.

    Klotho oqsili inson organizmida tabiiy ravishda ishlab chiqariladi. Ammo yosh oʻtgani sari uning darajasi besh baravar kamayishi mumkin. Olimlar klotho miqdorini inyeksiya yoʻli bilan toʻldirish qarigan odamlarning kognitiv qobiliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini taʼkidlashdi, deb xabar beradi mir24.tv.