Davlat xizmatchisi qanday bo‘lishi kerak?

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan rivojlanishiga, xalq erkinligi va farovonligining taʼminlanishiga hamda O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitishga xizmat qilmoqda.

    Bu borada davlatimiz rahbari, eng avvalo, davlat xizmatchilarining ham o‘zi kabi odil rahbar bo‘lishini va har birining o‘tirgan lavozmida xalq manfaatini o‘z manfaatidan-da ustun qo‘yadigan, inson qadrini ulug‘laydigan, fidoyi, shuningdek, masʼuliyatni qalban his etadigan, halollik bilan ish yuritib, mamlakatimizni yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilishini talab etmoqda. Davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va faoliyatini yagona qoidalar asosida tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning imzolangani esa buning tasdig‘i hisoblanadi.

    Davlat xizmatchisi davlat organlarining huquqiy manfaatlarini himoya qiluvchi, uning tashkiliy-boshqaruv funksiyalarini bajaruvchi, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni amalga oshiruvchi hamda xizmat majburiyatlarini bajarmaganligi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxs sanaladi.

    Shu o‘rinda “Davlat fuqarolik xizmati”, degan tushunchaga ham alohida izoh berib o‘tish lozim. Davlat fuqarolik xizmati – davlat xizmatining bir turi bo‘lib, fuqarolarning davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi, haq to‘lanadigan kasbiy faoliyat sanaladi.

    Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilariga bugungi kunda quyidagi talab va vazifalar qo‘yilmoqda. Yaʼni, bunda rahbarlik lavozimiga tayinlanayotgan har qanday shaxs oliy maʼlumotga va davlat fuqarolik xizmati hamda egallagan mutaxassisligiga doir qonun hujjatlarini qo‘llash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birga davlat hamda xorijiy tillardan birini mukammal bilishi, strategik va tahliliy fikr yurita olishi, qarorlarni tez qabul qilishi hamda ularni qisqa fursatda bajarishi, yuqori professionalizm, soflik va adolatda ham birdek o‘rnak bo‘lishi, ish vaqtidan samarali foydalana bilishi va tadbirlarni rejalashtirish ko‘nikmalariga egaligi, muntazam o‘z ustida ishlashi, xususan, xorijiy tajribani kuzatib borishi hamda eng afzal jihatlarini ish jarayoniga qo‘llay olishi, korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga ko‘maklashishi, o‘z xizmat vazifalarini odidona bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasligi, eng muhimi, oxirgi uch yilda davlat organlari va tashkilotlaridan salbiy sabablarga ko‘ra belgilangan tartibda bo‘shatilmagan bo‘lishi lozimligi talab etiladi.

    Yana shuki, mamlakatimizda kadrlarni ochiq mustaqil tanlab olish shartlari asosida saralash va lavozimlarga joylashtirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yurtimizda va xorijda malakasini oshirish, ularga darajalar berish orqali mansab pog‘onalaridan ko‘tarilib borishini taʼminlanishi ham taʼkidlangan.

    Shu bilan birga ushbu qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan.

    Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan har qanday davlat bora-bara tanazzulga yuz tutishi va jamiyatning asta-sekinlik bilan yemrilib, qulashiga sabab bo‘ladi. Bunda asosan “poraxo‘rlik” deb atalmish jirkanch illatni jamiyatdan siqib chiqarish maqsadga muvofiq sanaladi. Chunki har bir davlat xizmatchisi hallolik, xolislik, professionallik va kompetentlik, qonuniylik, adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida ish yuritar ekan, muvaffaqiyat kalitini qo‘lga kiritadi. Bu orqali davlatni pag‘onama-pag‘ona yuksaltirishga va xalq roziligiga erishishga omil bo‘ladi.

    “Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart”, deya talab qo‘yilgan ushbu qonunda.

    Shuningdek, davlat fuqarolik xizmati (DFX) axlokiy xulk-atvor qoidalariga rioya qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldi olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatlari uchun sovg‘alar olish va taqdim etish tartibini belgilash, ijtimoiy himoyasi, moddiy taʼminoti va rag‘batlantirishni taʼminlashni o‘z zimmasiga olishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

    Muxtasar qilib aytganda, ushbu qonunning qabul qilinishi va unga to‘loqonli amal etilishi nafaqat davlat xizmatchilariga, balki jamiyat ravnaqiga, shuningdek, xalq manfaatiga ham birdek xizmat qilishi tabiiy.

    Sherzod ALLABERGENOV,

    “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ

    “14-sonli Rels payvandlash poyezdi” UK boshlig‘i