Davlat tomonidan taʼminlanadigan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining turlari kengaytiriladi

    Salomatlik 28 Fevral 2024 2506

    “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-88-son, 27.02.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2024-yil 1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.

    2024-yil 1-maydan:

    • protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablagʻlar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib oʻrtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi;
    • nogironligi boʻlgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida belgilanadi;
    • nogironlik guruhiga ega boʻlmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.

    2024-yil 1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024-yil 1-oktyabrgacha respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida taʼminlash tartibi joriy etiladi.