Davlat test markazi TOEFL ITP imtihonini yoʻlga qoʻydi. Imtihon toʻlovi 945 000 soʻm

    Ta'lim 14 Oktabr 2021 7509

    Davlat test markazi AQSHning Educational Testing Service (ETS) tashkiloti bilan ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, TOEFL ITP imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritdi, deya xabar beradi DTM axborot xizmati.

    Unga koʻra, Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan TOEFL ITP imtihonlari xalqaro miqyosda tan olinadi hamda imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga ETS tashkilotining xalqaro sertifikati beriladi.

    TOEFL ITP test sinovlari Davlat test markazi huzuridagi Ilmiy-oʻquv amaliy markazi tomonidan har oy Davlat test markazi binosida onlayn tarzda oʻtkaziladi.
    Mazkur test sinovining oʻziga xos jihati talabgor test sinovi yakunlanishi bilan oʻz natijasini bilib oladi.

    Test sinovida ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlar 25-oktyabrga qadar my.dtm.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtib, test sinovida ishtirok etishlari mumkin.

    Test sinovi roʻyxatga olish yakunlangach 10 kundan soʻng Davlat test markazida oʻtkaziladi.

    Test sinovi uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravarini (945 000 soʻm) tashkil qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qaroriga binoan C1 darajaga toʻgʻri keluvchi TOEFL ITP sertifikatiga ega boʻlgan taʼlim muassasalarining xorijiy tillar oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama beriladi.