Xususan, Toshkentdagi adib xotirasiga bag'ishlab barpo etilgan yodgorlik ziyorat qilindi, “An'ana va zamonaviylik: Aytmatov zamon ko'zgusida” mavzusida fotoko'rgazma tashkillashtirildi.
Taniqli davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-adiblar, jurnalistlar, talabalar va keng jamoatchilik ishtirokida “Chingiz Aytmatov: O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi ishonch va do'stlik ko'prigi” mavzusida ijodiy kecha uyushtirildi.
Ishtirokchilarga Ch.Aytmatovning singlisi Roza Aytmatova o'z videotabrigini yo'lladi. Shuningdek, tadbirda Ch.Aytmatov nomidagi xalqaro fond prezidenti maslahatchisi A.Axmatov ham ishtirok etib, adibning hayoti va ijodi haqida so'zlab berdi.
Tadbirda ulug' adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar, uning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlashga qo'shgan beqiyos xizmatlari haqida so'z yuritildi.
Ishtirokchilar Chingiz Aytmatov ijodi, uning betakror asarlari qator tillarga tarjima qilingani, shu bois ham adibning ko'plab asarlari jahon adabiyotining eng sara namunalari qatoridan joy olganiga, shuningdek, yozuvchining shaxsi, uning ijodiy merosiga to'xtaldilar.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov o'zbek xalqi buyuk adibning O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasidagi qardoshlik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo'shgan hissasini doimo yodda saqlashini va minnatdorlik hissi bilan qayd etishini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, kechada ishtirok etgan Toshkent viloyati Parkent tumanidagi qirg'iz tilidagi ta'limga ixtisoslashgan 33-o'rta ta'lim maktabi o'quvchilari Ch.Aytmatovning asarlaridan sahna ko'rinishlari, Manas eposidan parcha, qirg'iz xalq ashulalarini ijro etdi.
Kecha yakunida A.Axmatov tashkilotchilarga Ch.Aytmatovga ko'rsatilgan hurmat va ehtirom uchun minnatdorchilik izhor qilib, o'zbek-qirg'iz xalqlarining do'stligi mustahkamlanib borishiga ishonch bildirdi.












