Buxoroda yangi sanoat korxonasi ish boshladi

    “Siyovush Tekstil Buxoro” MCHJ tomonidan qiymati 36,0 mln. dollarga teng yiliga quvvati 40,0 ming tonna akril ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishiga kirishilgan edi.

    “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon tumani hududida “Siyovush Tekstil Buxoro” MCHJ tomonidan qiymati 36,0 mln. dollarga teng yiliga quvvati 40,0 ming tonna akril ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishiga kirishilgan edi.

    Bugun mazkur loyiha ishga tushirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, korxona ishchi-xodimlari, jamoatchilik ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlash, qulay biznes muhitini shakllantirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanganini eʼtirof etdi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “tadbirkor boy boʻlsa, xalq ham, davlat ham boy boʻladi”.

    Qayd etish joizki, loyiha ishga tushirilishi natijasida viloyatimizda sifatli akril ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu orqali esa viloyatning eksport koʻrsatkichlari uchun qoʻshimcha 6,0 mln. dollarlik zaxira bazasi yaratilib, 4,5 mlrd. soʻmlik byudjetga qoʻshimcha tushumlar tushishi taʼminlanadi. Shu bilan birga, korxonada 1200 dan ortiq doimiy ish oʻrni yaratildi.

    Loyihaning ishga tushirilishi akril ip-kalava hamda undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq mahalliylashtirish imkonini ham bermoqda. Tadbirkor xorijlik hamkorlar bilan birgalikda keyingi bosqichda korxona faoliyatini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqda.

    — Akril ip-kalava bugun mamlakatimiz tekstil sanoatida yangi yoʻnalish. Shunga qaramay, biz kelgusida yanada kattaroq loyihani amalga oshirishni reja qilganmiz,-deydi korxona taʼsischisi Zamir Baratov.

    Yangi korxona — yangi imkoniyat. Choʻl bagʻrida qisqa fursat ichida bunday muhtasham korxonaning ish boshlashini shunchaki tasavvurga sigʻdirish qiyin. Buni yangi fabrikada boʻlgan uzoq yillik tajribaga ega mehnat faxriylari ham alohida eʼtirof etishdi.

    Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati