Milliy valyuta tizimi bir qator bosqichlarni bosib o'tgan. Markaziy bank tomonidan 1991-1993 yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda ko'p izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganildi.
1993 yilning 15 noyabridan boshlab to'lov vositasi sifatida “So'm-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida ma'lum tajribaga ega bo'lish uchun “So'm-kupon” o'tish valyutasi sifatida xizmat qildi.
Ushbu yo'nalishda etarli tajriba to'plangach, 1994 yil 1 iyuldan boshlab O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasi “so'm” muomalaga kiritildi.
Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996 yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning to'liq tsiklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida Qog'oz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va o'zimizda “pul ishlab chiqarish” yo'lga qo'yildi. Bu korxona hozirda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi.
Milliy valyutamiz – so'm mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy to'lovlar so'mda to'lana boshladi. SHu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta'minlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.








