Bugʻdoyning serhosil navi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 24-may sonida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Gʻulom Gʻaybullayevning “Bugʻdoyning serhosil navi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugun Yer yuzi aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga tobora oʻsib borayotgan talabini qondirish uchun boshoqli donli ekinlar, jumladan, yumshoq bugʻdoy hosildorligini va don sifatini oshirish borasida keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Xususan, oʻtgan yili dunyo boʻyicha jami 724 million tonna don yetishtirilgan boʻlsa, shundan 6,6 million tonnadan ortigʻi yurtimiz hissasiga toʻgʻri keladi.

    Prezidentimiz joriy yil aprel oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida olimlar oldiga bugʻdoydan 100 sentnerdan yuqori hosil beradigan navlarni yaratish, klaster va fermerlar bilan hamkorlikda ishlash vazifalarini qoʻygani ham bejiz emas. Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida keyingi yillarda chuqur islohotlar oʻtkazilishi natijasida don yetishtirish hajmini koʻpaytirish, boshoqli donli ekinlar hosildorligini oshirish borasidagi ayrim masalalar oʻz yechimini topdi.

    Gʻalla hosildorligini yanada oshirish, don sifatini, ayniqsa, uning nonboplik xususiyatini yaxshilashda tup roq unumdorligiga alohida eʼtibor qaratish, seleksiya va urugʻchilikni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda agrotexnologiyani maqbullashtirish, bugʻdoyni kasallik, zararkunanda va begona oʻtlardan himoya qilishning uygʻunlashgan tizimini keng hamda oʻrinli joriy etish bilan birga mexanizatsiyalashgan intensiv texnologiyalarni qoʻllash hosildorlik va don sifati oshishini taʼminlaydi.

    Shunga qaramay, yumshoq bugʻdoyning intensiv navlarini yaratish, ularni yetishtirish texnologiyasi kashf etilgan har bir navning biologik xususiyatlariga mos ravishda yetarlicha ishlab chiqilmagani ayrim xoʻjaliklarda hosildorlik pasayishiga sabab boʻlmoqda. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari bugʻdoyning yangi, serhosil navini kashf etish ustida izchil ilmiy izlanish olib bormoqda.

    Jumladan, yumshoq bugʻdoy kolleksiyasi nav namunalari orasidan hosildor, kasallik va zararkunandalarga, noqulay ob-havo sharoitiga chidamli, doni sifatli, ertapishar namunalarni aniqlab, ularni seleksiya uchun dastlabki ashyo sifatida chatishtirish, olingan duragay tizmalarni oʻrganish ishlari davom ettirildi.

    Bu orqali barcha talabga javob beradigan navlarni yaratish maqsadida Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti hamda xalqaro ilmiy markazlarning jahon kolleksiyasi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti nav namunalari oʻrganildi. Xususan, kuzgi bugʻdoyning 1200 ta nav namunasi va yangi seleksiya tizmalari asosida “Sugʻoriladigan yerlarda shoʻrlanishning oldini olib, ekinzor fitosanitar holatini yaxshilaydigan, kuzgi bugʻdoydan moʻl va sifatli hosil olishning resurstejamkor agrotexnologiyasini yaratish”, “Kuzgi qattiq bugʻdoy navlarining birlamchi urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish va urugʻlik sifatini oshiradigan agrotexnik usullarni ishlab chiqarishga joriy qilish” hamda “Sugʻoriladigan yerlarda zang kasalligiga, tabiatning noqulay omillariga chidamli, serhosil, kuchli va qimmatli yumshoq bugʻdoy hamda angʻizga ekiladigan loviyaning tezpishar navlarini yaratish va ularning resurstejamkor agrotexnologiyalarini ishlab chiqish”, “Kuzgi bugʻdoyning sugʻoriladigan yerlar uchun intensiv tipdagi, serhosil, don sifati kuchli va qimmatli bugʻdoy talablariga javob beradigan navlarini yaratish” ilmiy loyihalari boʻyicha davlat granti asosida tadqiqotlar olib borildi.

    Ushbu oʻrganishlar asosida kuzgi yumshoq bugʻdoyning intensiv tipdagi, don sifati kuchli va qimmatli bugʻdoy talablariga javob beruvchi “Jasmina”, “Farboma” va “Amira” navlari yaratildi. Mazkur navlarga uchta patent olingan. Bugun “Jasmina”, “Farboma” navlari amaliyotga keng joriy etilgan boʻlib, Samarqand viloyatining sugʻoriladigan maydonlarida 2020-2021 hosil yilida 12 ming, 2021-2022 hosil yilida 13 ming gektar yerga ekildi.

    Samarqand viloyatida ekilgan “Jasmina”, “Farboma” navlari yuqori hosildorligi, kasalliklarga chidamliligi va don sifati yuqoriligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu gʻallachilikning rivojlanishiga, donga ehtiyojning taʼminlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali hamda “Farboma selekt” ilmiy urugʻchilik fermer xoʻjaligi hamkorligida intensiv tipdagi serhosil, kasalliklarga chidamli va don sifati yuqori kuzgi yumshoq bugʻdoyning “Samarqand” va arpaning “Bek” navlari yaratildi.

    Ayni kunlarda mazkur navlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazida sinovdan oʻtkazilmoqda. Donli ekinlar seleksiyasi va urugʻchiligini yanada rivojlantirish maqsadida viloyatda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali hamda Rossiyaning “Shyolkovo Agroxim” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida seleksiya va urugʻchilik klasterini tuzish, unda xorijdan keltirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari (bugʻdoy, arpa, kungaboqar, soya) ekish, oʻrganish va yangi navlarni yaratish, birlamchi urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

    Bundan tashqari, Yevropaning bir qancha mamlakatlari bilan gʻallachilikni rivojlantirish boʻyicha ilmiy hamkorlik memorandumlari ham imzolanmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida yaratilgan donli ekinlar seleksiyasi va urugʻchiligi maktabida muayyan ilmiy ishlar bajarilmoqda. Kelgusida yurtimiz tuproq-iqlim sharoit iga mos, eng zoʻr bugʻdoy va arpa navlarini yaratish pirovard maqsad qilib belgilangan.