Shoirning bu misralarini bejiz keltirmadik. Boisi, keyingi yillarda anglab yetgan haqiqatimiz mamlakatimizda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz orasida oʻzaro birodarlik, birdamlik va mehrdoshlik hissi yuksalgani boʻldi.
Xalqimiz bu qutlugʻ hodisani, haqli ravishda, mamlakatimizda yuz berayotgan katta islohotlar samarasi bilan bogʻlaydi. Bunga har birimiz oʻz hayotimiz, qolaversa, mahallamiz, ovulimiz, shaharu tumanlarimiz, umuman, mamlakatimiz oʻzgarayotgani misolida guvohmiz.
Prezidentimiz bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emasligi, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emasligini koʻp taʼkidlaydi. Bu – bir qarashda tabiiydek tuyuladi. Lekin bu holga erishishda bir qator bosqichlarni muvaffaqiyatli bosib oʻtganimiz koʻp ham xayolimizga kelavermaydi.
Bugun mana shu bosqichlarni, oʻtgan yillarda erishilgan yutuqlarimiz va ular oddiy fuqarolar hayotini qanchalik oʻzgartirib yuborganini Qoraqalpogʻiston Respublikasi misolida tahlil qilmoqchimiz.
Avvalo, shuni taʼkidlash joizki, Prezidentimiz saylovoldi uchrashuvlari doirasidagi muloqotini bu safar ham Qoraqalpoq elidan boshladi. Va shunda aytdiki: “Albatta, qilingan ishlar haqida koʻp gapirish mumkin, lekin islohotlarimiz natijasiga baho beradigan eng xolis hakam, bu – xalqimiz”.
Mavzuga shu nuqtayi nazardan yondashadigan boʻlsak, koʻp millionli xalqimiz yana bir bor oʻz Prezidentiga ishonch bildirgani bejiz emasligini aniq tushunib olamiz.
Birinchidan, unutilgan ovul va tumanlarga yangi hayot shukuhi qaytdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanadi. Oʻziga xos iqlim sharoitiga ega boʻlgan ushbu hududning yozi jazirama issiq, qishi oʻta sovuq. Lekin keyingi yillarda davlatimiz rahbarining Qoraqalpoq eliga boʻlgan yuksak mehri va eʼtibori, alohida gʻamxoʻrligi jaziramani yumshatib, ayozni iliqlikka aylantira oldi.
Gap shundaki, Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash yoʻlida qilinayotgan ishlar juda koʻp. Bugungi kunga kelib, hududning iqtisodiy tuzilishi tubdan takomillashtirilib, barqaror rivojlanishga mustahkam poydevor yaratilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlariga mamlakatimizning boshqa viloyatlari biriktirilib, hududda iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish, ichki investitsiyalarni jalb qilgan holda sanoat, ishlab chiqarish va tadbirkorlikni keng rivojlantirish borasidagi ishlar oʻz samarasini bermoqda.
Bugungi kunga kelib Qoraqalpogʻiston Respublikasida ogʻir sharoitda yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi, aholini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasi 71 foizga yetdi.
Qoraqalpogʻistonning tashqi iqtisodiy faoliyati yil sayin kengayib bormoqda. Bugungi kunga kelib xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 196 tani tashkil etib, koʻrsatkich 3 barobar oshdi. Hududiy eksportyor korxonalar 2023-yilda 240 taga yetdi va 2016-yilga nisbatan 3 barobar ortdi. Soʻnggi 6 yilda Qoraqalpogʻiston hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Amerika Qoʻshma Shtatlari, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Portugaliya, Bolgariya, Kanada, Avstraliya, Misr, Bangladesh, Filippin, Isroil, Tayvan, Pokiston, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijiy davlatlarga kirib bordi. Bu davlatlarga eksport qilingan mahsulotga turi 2 barobar koʻpayib, trikotaj mahsulotlari, ip-kalava, osh tuzi, ipak, un, quritilgan pomidor, shisha idishlari, yarim tayyor mebel, yarim tayyor charm mahsuloti, infuzion sistema, bir martalik inyeksion shprislar, kir yuvish kukuni, suyultirilgan oyna, qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan setka va qorakoʻl terisi tashqi bozorda yuqori baholanmoqda.
Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy rivojlanishida “Uz-Kor Gas Chemical” qoʻshma korxonasi, Qoʻngʻirot soda zavodi kabi yirik eksportchilar qatorida “Nukus Med Tex”, “Oriyent Teknolodji”, “Sebu Artemiya” “Amudaryoteks”, “Kanteks Invest”, “Korporatsiya Aral San Bao”, “Biogumus”, “Lanekstrakt” va boshqa eksportyor korxonalarni qilib keltirishimiz mumkin.
Ikkinchidan, yoshlar va xotin-qizlarga eʼtibor yuksaldi.
Qoraqalpogʻistondagi oliygohlar soni 2 barobar koʻpayib, 12 taga yetdi. Ularga qabul soni esa 3,5-marta oshdi va qamrov 19 foizdan 46 foizga oʻsdi. Hozirgi vaqtda bu yerda 58 ming talaba tahsil olmoqda.
Aytish joizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni, ayniqsa, ayol-qizlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni uy-joy bilan taʼminlash borasida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan. Mahalla xotin-qizlar fidoyilarining takliflari asosida bugungi kunda 41 turdagi yordam koʻrsatish amaliyoti joriy etilgan. Masalan, birgina “Ayollar daftari” tizimi doirasida oʻtgan 2021–2022-yillarda 82 mingdan ortiq xotin-qizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari oʻz yechimini topgan boʻlsa, ushbu tadbirlar uchun jami 158 milliard 666 million soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilgan.
2023-yilning oʻzida 55 ming 51 xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, shu kunga qadar 38,5 mingdan ziyod xotin-qizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topildi. Jumladan, joriy yilning 5 oyi davomida 28 ming 729 xotin-qizning bandligi taʼminlandi, 4418 nafari kasb-hunarga oʻqitildi, 4814 nafariga 43 milliard 331 million soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi, 272 xotin-qizga 1 milliard 347 million soʻm miqdorida subsidiyalar berildi.
Ijtimoiy himoyaga muxtoj xotin-qizlarning bilim olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2022–2023 oʻquv yilida magistratura bosqichida oʻqiyotgan 2300 dan ortiq talaba qizning shartnoma toʻlovlari toʻlab berildi. Oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtida taʼlim olayotgan 1951 xotin-qizga 17 milliard 220 million soʻm miqdoridagi shartnoma toʻlovi uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratildi.
Uchinchidan, yoʻl infratuzilmasi yaxshilandi.
Yoʻllar aholi turmush farovonligi, mamlakat taraqqiyotini belgilovchi mezonlardan biridir. Qayerda yoʻl qurilishi, taʼmirlash ishlari keng quloch yozsa, oʻsha joyda zamonaviy infratuzilma obyektlari qad rostlab, aholi hayot tarzi yuksalib boraveradi.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda jami 12381,5 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari 4254 kilometr, ichki xoʻjalik yoʻllari, shaharlar va qishloq aholi punktlari koʻchalari 8127,5 kilometrni tashkil qiladi.
Haqiqatan ham, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati soʻnggi paytlarda yangi yoʻl va koʻpriklar qurish, uning infratuzilmasini xalqaro andozalar darajasida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda namoyon boʻlmoqda. Shu maʼnoda, mamlakatimizda zamonaviy yoʻl hamda koʻpriklar qurilishi, avvalo, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash, ularning vaqtini tejash, mahallalarimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.
Toʻrtinchidan, maktabgacha va maktab taʼlimi tubdan oʻzgardi.
Davlatimiz kelajak avlod uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha aniq yoʻnalishga ega. Bogʻchalar qamrovi 28 foizdan 81 foizga, ularning soni esa 317 tadan 1 ming 600 taga koʻpaydi. 172 ta maktab mukammal taʼmirlanib, 104 ta maktabda qoʻshimcha binolar barpo etilgani hisobiga 118 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Yaqin kelajakda Qoraqalpogʻistonda 160 yangi bogʻcha qurilib, ayrimlari qayta taʼmirlanadi, 2 mingta xususiy bogʻcha tashkil qilinadi. Kelgusi yetti yilda qoʻshimcha 100 ming yangi oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Bunda, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qoʻshimcha bino qurilib, 350 tasi taʼmirlanadi. Ixtisoslashgan maktablar soni 2 karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi. Natijada Qoraqalpogʻistondagi maktablarda 30–35 dan ortiq bola oʻqiydigan sinflar umuman boʻlmaydi.
Bolalarning jismonan va maʼnan sogʻlom boʻlib ulgʻayishi koʻp jihatdan sogʻlom va sifatli ovqatlanishiga bogʻliq. Oʻz navbatida, bunda maktablardagi bepul ovqatlantirish samarali taʼsir koʻratadi. Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 716 umumtaʼlim maktabida boshlangʻich sinflardagi oʻquvchilar keytering usulida bepul ovqat bilan taʼminlangan. Endilikda esa olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini yoʻlga quyish Qoraqalpogʻistondan boshlanadigan boʻldi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishni istaydi”. Shunday ekan, insonlarning bugungi hayotidan roziligini taʼminlash yoʻlidagi ezgu ishlar davom etaveradi.
Beshinchidan, qoraqalpogʻistonliklar uchun alohida imtiyozlar berilmoqda.
Qoraqalpogʻiston uchun berilayotgan imtiyozlar qatorida 7000 nafar yoshga Oʻzbekistondagi barcha oliy oʻquv yurtiga kvota ajratilayotgan boʻlsa, tadbirkorlar uchun qoʻllaniladigan soliq turi va miqdori deyarli 2 barobar kamaytirilyapti. Faqatgina Qoraqalpogʻiston uchun temir yoʻl va aviachiptalarga 50 foizlik imtiyoz berish tizimi joriy qilindi. Yangi oʻquv yilidan eʼtiboran, oliygohda oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari daromad soligʻidan ozod etiladi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda agro-texnologiyalar va muhandislik yoʻnalishlarida yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari hamda Nukusda Raqamli texnologiyalar instituti ochiladi.
Prezidentimiz saylovchilar bilan uchrashuvda “Umuman, biz Qoraqalpogʻistonda oliy taʼlim qamrovini kelgusi yilning oʻzida 50 foizga yetkazamiz. Buning uchun, chet ellarda oʻqiyotgan yoshlarimizning oʻqishini yurtimiz oliygohlariga davlat granti asosida koʻchirish amaliyotini yoʻlga qoʻyamiz”, deya taʼkidladi.
Bugungi kunda barcha shahar va tumanlarda jami 21 mingdan ortiq uy-joylarda 350 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan boʻlsa, shuningdek, 452 mahallaning har biriga bevosita 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratilmoqda. Shuningdek, kadastri yoʻq 47 ming turar joy va koʻchmas mulk boʻyicha tegishli hujjatlar ishlab beriladi. Shu bilan birga, joriy yilda 4 mingta uy qurilib, yana shuncha shaxsiy turar joy qurish uchun 4 sotixdan yer uchastkasi ajratib beriladi.
Oltinchidan, aholi qulay yashashi uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda.
Qoraqalpogʻistonda 2030-yilga qadar moʻljallangan rejaga muvofiq, mahalla va ovullarda 6 ming kilometr yoʻl hamda 150 koʻprik taʼmirlanadi. 5 ming kilometr elektr tarmogʻi, 1 ming 350 transformator va 10 podstansiya yangilanadi. 70 ming xonadonga ega 2 mingta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Barcha ijtimoiy obyektlar va davlat idoralari hamda 17 ming xonadonga 55 megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatiladi.
Yettinchidan, aholi salomatligini mutahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Toshkentda mavjud boʻlgan barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yoʻlga qoʻyiladi, olis va chekka ovullardagi tibbiyot xodimlariga 5 million soʻmgacha alohida ustama beriladi. Qoraqalpogʻistondagi Onkologiya va radiologiya markazi filiali uchun yangi bino quriladi va eng zamonaviy uskunalar bilan toʻliq jihozlanadi. Uning hududida bemorlarning yaqinlari vaqtincha yashab turadigan yotoqxona barpo etiladi. Endi kelasi yildan Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirotda ham 200 foizlik oylik ustama toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatimiz rahbari faqat Qoraqalpogʻiston uchun aholining statsionarda davolanish xarajatlari daromad soligʻidan ozod qilinib, ijtimoiy reyestrga kirgan aholi order asosida Toshkent shahri yoki boshqa viloyatga davolanishga kelganida, ularga avia va temir yoʻl xarajatlari toʻliq qoplab berilishi boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi. Shu bilan birga, qoraqalpogʻistonlik bolalarga yuqori texnologik operatsiyalar uchun homiylik qilgan tadbirkorlarning ushbu xarajatlari soliq undirish bazasidan chegirib tashlanishi maʼlum qilindi.
Sakkizinchidan, qoraqalpogʻistonlik yoshlar – davlat himoyasida.
Taʼkidlanganidek, yoshlar uchun maxsus uy-joylar quriladi va kelgusi yetti yilda har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlari berilishi, buning uchun, mazkur loyihaga Xoʻjayli tumanidan birinchi bosqichda 100 gektar yer ajratiladi hamda 100 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi aytildi.
Xoʻjayli tumanida tashkil qilinadigan “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash sharti bilan tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Ushbu markazda nafaqat ishlab chiqarish obyektlari, balki kasbga oʻqitish markazlari, IT park filiali, loyiha ofislari joylashtiriladi.
Toʻqqizinchidan, Qoraqalpogʻiston turistik hududga aylanmoqda.
Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtiriladi. Toʻrtkoʻl, Beruniy, Amudaryo, Xoʻjayli, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirotda yoʻl-savdo infratuzilmasi kengaytiriladi. Shu bilan birga, Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilib, yoʻlovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. Buning uchun, uzunligi 465 kilometr boʻlgan “Buxoro – Urganch – Xiva” va uzunligi 196 kilometr boʻlgan “Miskin – Nukus” temir yoʻl liniyalari elektrlashtiriladi. Bu loyihaga 460 million dollar yoʻnaltiriladi. Ushbu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva” anʼanaviy turistik zanjiriga Qoraqalpogʻiston ham qoʻshiladi.
Natijada xorijiy va mahalliy sayyohlarning yurtimizda 4–5 kungacha boʻlishini taʼminlash, turistik xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish imkoniyati yaratiladi.
Oʻninchidan, qoraqalpoq mahallarida boshqaruv tizimi oʻzgardi.
Prezidentimiz saylovchilar bilan uchrashuvda mahalla tizimida kutilayotgan bir qator yangiliklar haqida ham maʼlum qildi.
Jumladan, endilikda mahallaning moliyaviy mustaqilligini oshirish boʻyicha ham qator yangiliklar qilinadi. Bu borada aholidan yigʻiladigan mol-mulk va yer soliqlari yagona mulk soligʻi boʻlib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla byudjetiga toʻliq oʻtkaziladi. Bu Qoraqalpogʻistondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoladi, degani.
Prezidentimiz mamlakat boʻyicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari boʻyicha 500 milliard soʻm penya kechib yuborilishi (Qoraqalpogʻistonda 20 milliard soʻm) haqida aytganida Qoraqalpogʻiston eli nihoyatda quvondi. Shu bilan birga, mahallalar uchun “Ochiq byudjet” imkoniyatlari yanada kengaytirilib, unga ajratiladigan mablagʻlar 3 karra oshirilishi ham katta yangilik boʻldi. Maʼlum qilinishicha, endilikda “Ochiq byudjet” loyihalarida gʻolib boʻlish uchun 1,5 ming ovoz yetarli boʻladi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion soʻm ajratiladi.
Biz hozir keyingi yillarda Qoraqalpogʻistonda kuzatilgan ayrim oʻzgarishlarnigina sanadik, xolos. Aslida qoraqalpoq elining bugungi qiyofasi, ovul va qishloqlarimiz butkul oʻzgacha chiroy ochgani, odamlarimiz hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida koʻp va xoʻp gapirish mumkin.
Bularni Prezidentimizning bitta istagi bilan ifodalash mumkin: “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilayapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz”.
Demak biz katta yoʻlning boshidamiz. Bu yoʻlda hali yangidan-yangi tashabbus va gʻoyalar yuzaga chiqariladi. Shunda yana bir bor shoirimiz soʻziga quloq tutgimiz keladi: Ezgulik unib oʻssin, Inson insonni suysin! Yoʻqsa qanday yashaydi, Bir odamsiz bir odam?
Bayrambay OTEMURATOV,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat
pedagogika instituti rektori









