Qurilish va uy-joy kommunal ishlar vazirligi Toshkent shahar Shayxontohur tumani I.Karimov va Bunyodkor ko‘chalari kesishuvida joylashgan qurilish obyekti bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi.
"Ushbu obekt zamonaviy arxitektura namunasi sifatida o‘ziga xos dizayn asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu bino konstruktiv elementlarida kamchiliklar borligini anglatmaydi. Qurilish ishlari belgilangan talab va me’yorlar asosida amalga oshirilmoqda.
Xususan,
• tasdiqlangan loyiha hujjatlarining KJ (temir-beton konstruksiyalar) bo‘limining yechimlariga asosan 23-qavatdan 26-qavatgacha K-4 va K-5 quyma temir-beton ustunlar egilgan holda loyihalashtirilgan hamda bu qurilish me’yorlari va qoidalariga asosan bajarilgan;
• ishchi loyiha hujjatlari “MB STUDIO” MCHJ tomonidan ishlab chiqilganidan so‘ng “Zilzilabardosh qurilishning ilmiy-tadqiqot va loyha markazi antiseismic” MCHJ tomonidan ushbu hudud seysmikasiga yondoshgan holda tekshirilgan va 2021-yil 16-martda bu borada ham ijobiy xulosa olingan" — deyiladi vazirlik bayonotida.









