26 davlatdan 300 dan ortiq sportchi ishtirok etgan jahon chempionati bahslarida polvonlarimizdan Feruza Sobirova (43 kg.), Quvonchbek Ermuhammedov (45 kg.), Yasmina Sodiqova (52 kg.), Samandar Soliyev (55 kg.) oltin medalni qo'lga kiritdi.
Jahon kubogi bellashuvlarida ham vakillarimiz munosib ishtirok etib, klassik yo'nalishda 1 oltin, 2 kumush, 6 bronza, erkin yo'nalishda 1 kumush va 6 bronza medalga egalik qildi.
Har ikki yo'nalishdagi bahslarda yurtdoshlarimizdan Miranshoh Ro'ziev, elmurod Abdullaev, Jamshid egamovlar hakam sifatida qatnashdi.
Jahon kubogi doirasida Tatariston sport vaziri Vladimir Leonov, Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G'aniyev, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Toshkent viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Boboqulovlar uchrashuvida o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, yosh va umidli sportchilarni tayyorlashda ilmiy metodik, o'quv-yig'in mashg'ulotlar samaradorligini oshirish singari qator masalalar muhokama qilindi.
Tashrif davomida R.Boboqulov Qozon shahridagi eshkak eshish sport turi bo'yicha markaz faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Boshqirdiston sport vazirligi bilan ham hamkorlik doirasida kelishuvlarga erishildi.
Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G'aniyev hamda Toshkent viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Boboqulovga sportni rivojlantirishga qo'shayotgan hissasi uchun Tatariston sport vazirligi tomonidan ko'krak nishoni topshirildi.
Ilhom Rahmonov











