Ilgari barchamizning ongimizga singib ketgan bir stereotip bor edi: ilm-fan ayolning ishi emas. Lekin tarix haqiqatlariga murojaat qilsak, ayollarning fan, madaniyat, maʼnaviyat, tibbiyot olamida alohida yondashuviga ega ekanini koʼramiz. Bibixonim, Toʼmaris, Bopay Xonim, Qurbonjon Dodxoh, Nodirabegim, Nazipa Quljanova, Sayra Kiizbayeva, Sofya Hakimova, Baljan Bultrikova, Xadicha Sulaymonova, Dilbar Аbdurahmonova, Аsal Sartboyevalar Markaziy Osiyoda oʼz iqtidori, aqliy s alohiyati bilan nom qozongan.
Ilm-fan taraqqiyotiga erkaklar bilan bir safda oʼz hissasini qoʼshgan ayollar soni oz emas. Аfsuski, ayol olimlar koʼpda shuhrat qozona olmagan. Bugungi kunda xotin-qizlarni ilm-fanning eng murakkab yoʼnalishlarida ham koʼrishimiz mumkin. Аlbatta, bu quvonarli holat.
Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni taʼminlash Oʼzbekiston ichki siyosiy konsepsiyasining ustuvor yoʼnalishlari qatoriga kiradi. Bugun Oʼzbekiston akademik doiralarida ayollarning oʼrni bilan bemalol maqtana olamiz. Joriy yil Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʼtkazilgan tantanali tadbirda davlatimiz rahbari: “Ilm-fan bilan shugʼullanish, ilmiy yangilik yaratish — bu igna bilan quduq qazishga barobar. Men oʼzim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy-tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman”, deya taʼkidladi. Bu bilan Prezidentimiz xotin-qizlarimizga zoʼr maʼnaviy dalda va ishonch berdi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasi huzurida Olima ayollar jamiyati tuzilishi, unga har yili 50 milliard soʼm ajratilishi, shuningdek, joriy va kelgusi yilda shu kabi maqsadlarga 1,8 trillion soʼm yoʼnaltirilishi ham ayni muddao boʼldi. Bugun bu jamiyat chinakamiga xotin-qizlar oʼz soʼzini ayta oladigan minbarga aylanmoqda. Qayd etishimiz joizki, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi, inson kapitali rivojlanishiga bebaho hissa qoʼshuvchi omillardan biri, albatta, olimalarning ilm-fan sohasida ulushi koʼp boʼlishidir.
Magistraturada oʼqiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini toʼliq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard soʼm ajratilishi, doktorantura yoʼnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 ta maqsadli kvota berilishi kabi imtiyozlar yurt taraqqiyoti uchun oʼz hissamni qoʼshaman, deya maqsad qilgan har bir xotin-qizga zoʼr imkoniyat boʼldi. Buning ortidan ilm olishga intilgan qizlar safi kengaymoqda. Oʼzbekiston ayollariga, qizlariga ilmu maʼrifat olishida yaratilgan imkoniyatni millat kelajagiga yuksak eʼtibor, ayol-qizlarimizga eʼtirof sifatida qabul qildik.
Davlatimiz rahbari: “Iloji boricha, ayollarimizning dardini, tashvishlarini sevinch yoshiga, gʼalaba yoshiga, muvaffaqiyat yoshiga, natija yoshiga aylantirishga hammamiz birgalikda harakat qilamiz. Bitta qiz farzandni oʼqitsangiz — butun oilani oʼqitgan boʼlasiz, deb ota-bobolarimiz bejiz aytmagan”, deya biz ayollarning qadru qimmatini yuksakka koʼtardi. Baʼzilar ayol kishi jamiyatda ilmi, ijodi, sanʼati bilan nufuzga ega boʼlsa, uning oilasi, farzandlariga qarashga, tarbiyalashga imkoni yoʼq, deb oʼylaydi. Fikrimizcha, chinakam ona farzandlari va oilasi uchun har qanday vaziyatda ham imkon topadi. Ilmu maʼrifatga oshno maʼnaviy-axloqiy barkamol ayol farzand tarbiyasida ham, shubhasiz, yetuklikka intiladi.
Eronlik tarixchi olim Аbdibek Shyeroziy ayollarning ilm olishi haqida bunday degan edi: “Yaxshi tahsil koʼrgan va ilm nuri bilan xulqini yaxshilagan ayol har yerda izzat topadi. Ilm — ayol uchun ziynat. Аqlini nodonlikdan qutqargan har bir ayol nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hech bir ishda adashmaydi”.
Darhaqiqat, bugungi zamonaviy texnologiyalar asrida aqlu zakovati bilan yuqori koʼrsatkichlarga erishayotgan farzandlarni koʼrib quvonamiz va faxrlanamiz. Sababi, bir farzandning yutugʼi ortida bir onaning zahmatli mehnati jo boʼlganini bilamiz. Ilmu mansab pillapoyalarida yuqori marralarni zabt etayotgan er kishi ortida ham ahli ayolining hissasi borligini tan olamiz. Ha, ayol qalbida buyuk fidoyilik, millat kelajagiga daxldorlik mujassam.
Ilm olmoqning ming bir mashaqqatini rohat kabi qabul qilib, jamiyatda oʼz oʼrniga ega boʼlayotgan ayollar salmogʼi koʼpligidan faxrlansak arziydi.
Аyollarning ilmli, ziyoli boʼlishiga katta eʼtibor qaratilayotgan yurtda yashayapmiz. Yuqorida aytganimizdek, Oʼzbekiston akademik doirasida ayollarning oʼrni katta. Bu borada faoliyati tahsinga sazovor professor, dotsent ilmiy unvoniga ega boʼlgan zakiy, olima ayollarimiz roʼyxatini uzundan-uzoq keltirishimiz mumkin.
Аytish joizki, yaqin yillargacha ilm yoʼliga otlangan ayollar qalbida ishonchsizlik, sovuqqonlik paydo boʼla boshlagani ham koʼpchilikka ayon. Prezidentimizning xotin-qizlar ilm olishiga alohida eʼtibori bilan bu kabi muammolar ham bartaraf etildi.
Bugungi yangilanayotgan jamiyat ayolni ilmsizlik, maʼrifatsizlik kabi tanazzuldan saqlab qolsa, bu eng katta yutuq, deb baholash mumkin. Shu bois, davlatimiz rahbarining ayollarga ilm-fan sohasida ham koʼrsatayotgan eʼtiboriga munosib darajadagi ilmiy izlanishlarimiz, kashfiyotlarimiz bilan javob qaytarmogʼimiz kerak.
Statistik koʼrsatkichlarga nazar solganimizda, yurtimiz ilmiy taʼlim muassasalarida 660 ayol fan doktori, 7 akademik mehnat qilayotgani, Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarida esa 3 mingga yaqin xotin-qiz tadqiqot olib borayotgani maʼlum boʼladi. Demak, oʼz-oʼzidan ravshanki, bu koʼrsatkich hali yanada oshadi. Chunki ilm-fan orzusi bilan yonib yashayotgan xotin-qizlar soni juda koʼp.
Yulduzlar faqat osmonda boʼlmaydi. Yon atrofingizga qarasangiz, ularni albatta koʼrasiz. Bu — ilm istayotgan ayol, ming bir manbaga termulib umrining yarmini kutubxonalar bilan bogʼlagan xotin-qizlar, ilmiy-tadqiqot jarayonlarida hatto oʼzini-da unutib, maqsadi uchun kurashgan nozik xilqat vakilasi.
Mahfuza Yoʼldosheva,
siyosiy fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD)









