Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida qonunchilikka rioya qilinishi oʻrganildi

    Bosh prokuratura tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli oʻrganildi.

    Mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan 2021-yilda 931,1 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarib yuborilgan. 226 ta korxonaning 610 ta manbasidan inson sogʻligʻiga jiddiy xavf soladigan turli zararli moddalar belgilangan meʼyordan ortiq chiqarilgan. Ularning 73 tasida esa muntazam ravishda belgilangan normadan ortiq zararli moddalar chiqargani aniqlandi.

    Shuningdek, ekologiya va atrof – muhitni muhofaza qilish hududiy organlari tomonidan 243 ta manbalarda monitoring umuman oʻtkazilmagan, “ECOFUND” elektron dasturidagi 4227 ta subyektdan hisobotlari talab qilib olinmagan.

    Oʻrganishda aniqlangan qonun buzilish holatlari va tizimli kamchiliklar Ekologiya va atrof – muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida kengaytirilgan yigʻilishda muhokama qilinib, atmosferaga zararli moddalar chiqarishni kamaytirish va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi hamda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan masʼullar intizomiy javobgarlikka tortildi.