Adolatli dunyoning huquqiy poydevori

    Fikr 11 Iyul 2023 2444

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi XX asrning eng muhim hujjatlaridan biridir. 350 dan ortiq tilga tarjima qilingan Deklaratsiya qabul qilinganiga 75 yil bo‘lganiga qaramasdan, bugungi kungacha u davlatlar, shaxslar va nodavlat tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi faoliyatining asosi hisoblanadi.

    Mazkur hujjat dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan va boshqa hech qaysi xalqaro hujjat bunday sharafga da’vo qila olmaydi. Chunki unda sayyoramizda yashayotgan har bir insonning, u qayerda tug‘ilgani, yashayotgani, qaysi millatga mansubligi, qanday tilda so‘zlashishi, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega ekani belgilangan.

    1948 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bugungi kunda ma’lum bo‘lgan inson huquqlari tushunchasining tub mohiyatini ochib berdi. Deklaratsiya turli siyosiy tizimlarga ega bo‘lgan davlatlarda inson huquqlarini bir xilda tushunish uchun zarur shart-sharoit yaratib, inson huquqlari sohasida standartlashtirishga asos soldi.

    Deklaratsiyaning tarixiy ahamiyati

    1943–1945 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomini yaratish jarayonida Inson huquqlari deklaratsiyasini ishlab chiqish zarurligi masalasi ko‘tarilgan. Nima uchun aynan shu paytda inson huquqlarini xalqaro darajada himoya qilish mexanizmini yaratish muammosi bunchalik dolzarb ahamiyat kasb etdi va uni yangi xalqaro tashkilotni yaratish bilan bog‘lash qanchalik asosli edi?

    Buning sababi deklaratsiya muqaddimasida bayon qilingan. Jumladan, unda inson huquqlarini mensimaslik va uni poymol etish insoniyat vijdoni qiynaladigan vahshiyona ishlar sodir etilishiga olib kelganini, kishilar so‘z erkinligi va e’tiqod erkinligiga ega bo‘ladigan hamda qo‘rquv va muhtojlikdan xoli sharoitda yashaydigan dunyoni yaratish, inson huquqlari qonun kuchi bilan himoya etilishi zarurligini e’tiborga olib, barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida ayni deklaratsiya ishlab chiqilgani ta’kidlangan.

    Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq hodisalar jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, BMT nizomida inson huquqlari yetarlicha aniq belgilanmagani, hali himoya qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar juda ko‘pligi ayon bo‘ldi. Shuni ta’kidlash kerakki, BMT nizomida “inson huquqlarini himoya qilish” kabi atamalar ishlatilmagan, faqat “inson huquqlariga hurmatni rag‘batlantirish va rivojlantirish” jumlasigina qo‘llangan. Ushbu holatda shaxs huquqlarini batafsil sanab o‘tadigan va tavsiflaydigan umumjahoniy bir hujjat zarur edi.

    Shu ma’noda, deklaratsiyani Ikkinchi jahon urushi davomida sodir bo‘lgan vahshiyliklarga xalqaro hamjamiyatning javobi sifatida tushunish mumkin. Dunyoning yarmi vayronaga aylangan, millionlab odamlar halok bo‘lgan, insoniyat hayoti izdan chiqqan o‘sha davrda deklaratsiya bunday dahshatli harakatlar takrorlanishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro majburiyatni belgilab berdi.

    Shunday qilib, tarixda birinchi marta inson huquqlari bo‘yicha normalar umumlashtirilib, 30 moddadan iborat yagona hujjat shakliga keltirildi. Shundan, 3 moddada erkinlik va tenglikning asosiy tamoyillari, 21 moddada fuqarolik va siyosiy huquqlar, 6 moddada ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar, 1 moddada shaxsning majburiyatlari belgilandi.

    Inson huquqlarining mustahkam poydevori

    Bugungi kunda deyarli barcha huquqshunos olimlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini inson huquqlarini universallashtirishning asosi, deb biladi. Chunki birinchi marta inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar aynan shu hujjatda birlashtirildi. Hozirgi vaqtda ushbu hujjat o‘zining tavsiyaviy xarakterga egaligi hamda siyosiy xususiyatiga qaramasdan xalqaro hamjamiyat tomonidan xalqaro-huquqiy majburiyatlarni keltirib chiqaradigan hujjat sifatida tan olingan. U inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimini rivojlantirishda yangi sahifa ochgan hujjatdir.

    Deklaratsiya har qanday demokratik jamiyatda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarning hurmat qilinishi va ularga amal qilinish darajasini aniqlash uchun mezon vazifasini bajaradi. Unga barcha davlatlar va xalqlar bajarishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida qaraladi.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu hujjat universaldir. Ya’ni, undagi normalar dunyoning barcha mamlakatlaridagi odamlarga tegishli. Deklaratsiyaning asosiy tamoyil va qoidalari jahondagi aksariyat davlatlar konstitutsiyalaridan joy oldi hamda inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchilik rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi va milliy huquqning tarkibiy qismiga aylandi. Xususan, 1948 yildan keyin qabul qilingan 100 dan ortiq davlatning Konstitutsiyasida hozirgi vaqtda deklaratsiya qoidalariga uyg‘un va hamohang ko‘plab moddalar mavjud.

    Deklaratsiya inson huquqlari bo‘yicha boshqa ko‘plab xalqaro majburiy ahamiyatga ega bo‘lgan pakt va konvensiyalarni, xartiya va boshqa shartnomalarni ishlab chiqish uchun asos yaratdi. Shu nuqtai nazardan, u barcha mamlakatlarda rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi kerak bo‘lgan inson huquqlari bo‘yicha universal standartlar uchun aniq “yo‘lchi yulduz” vazifasini bajardi, desak, o‘rinli bo‘ladi.

    Deklaratsiya inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro normalarni yaratish bo‘yicha huquq ijodkorligining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgani uchun ham unda insonning asosiy huquq va erkinliklarini to‘laqonli ifodalash mumkin emas. Aynan shu omil keyinchalik 1966 yil 16 dekabrda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning qabul qilinishiga sabab bo‘ldi.

    Mazkur paktlarda deklaratsiyada nazarda tutilgan huquq va erkinliklar yanada aniqlashtirildi hamda to‘ldirildi. Ular deklaratsiyadan farqli ravishda majburiy xarakterga ega. Dunyoning ko‘plab davlatlari ushbu ikki paktning ishtirokchilari hisoblanadi, bu ularga ushbu paktlarda belgilangan huquq va erkinliklarni ta’minlash majburiyatini yuklaydi.

    Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt hamda uning ikkita qo‘shimcha protokoli, shuningdek, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bilan birgalikda Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro billni tashkil etadi.

    O‘zbekiston demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida sobitqadam

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Zero, demokratik, huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini jamiyatni rivojlantirish va davlat qurilishining, butun ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgiladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik normalarida o‘z ifodasini topgan.

    Mazkur deklaratsiya O‘zbekistonda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida katta ahamiyat kasb etdi. Endigina mustaqillikka erishgan O‘zbekiston o‘z Konstitutsiyasini, undagi inson huquq va erkinliklarini ta’minlovchi normalarni shakllantirishda deklaratsiya dasturulamal vazifasini bajargan.

    Ta’kidlash joizki, 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyamizning “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan ikkinchi bo‘limida deklaratsiyaning deyarli barcha norma va qoidalari o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, joriy yil referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada deklaratsiya bilan birga, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktlar normalari ham ancha keng o‘rin oldi. Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Konstitutsiyasini Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill normalarini o‘zida mujassamlashtirgan yetuk huquqiy hujjat sifatida e’tirof etish mumkin.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz tarixida birinchi marta deklaratsiyaning 1-moddasida mustahkamlangan inson huquqlari tabiiy xususiyatini e’lon qildi. Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekani hamda milliy qonunchilikka nisbatan ustun ahamiyatga egaligi tan olingani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda O‘zbekistonda insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan e’tirof etilishi va kafolatlanishi belgilanishi, deklaratsiyaning inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan norma sifatida mamlakatimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi nazarda tutilgan.

    So‘nggi yillarda mamlakatimizda BMTning boshqa hujjatlari qatori Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan normalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida barcha davlatlarni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol harakatlarni amalga oshirishga, ushbu sohada yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga chaqirdi.

    Joriy yil 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan mazkur sanaga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlandi

    Ushbu farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarning ta’minlanishi bo‘yicha davlat siyosatini izchil amalga oshirish va tizimlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va uni targ‘ib qilish, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordam beradi.

    Umuman olganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi axloqiy, huquqiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, inson huquqlari konsepsiyasini doimiy ravishda kengaytirish va takomillashtirish uchun katta ahamiyatga ega hujjatdir. Binobarin, agar 75 yil ortga nazar solsak, 1948 yilda qabul qilingan deklaratsiyaning sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritganiga guvoh bo‘lamiz. Deklaratsiya orqali millionlab odamlarning kundalik hayoti yaxshilandi, so‘zlab bo‘lmaydigan azob-uqubatlarning oldi olindi va adolatli dunyoning poydevori qo‘yildi. Deklaratsiyaning vaqt sinovidan o‘tgani, tenglik, adolat va inson qadr-qimmatining kafolatlovchi normalari uning umumbashariy tabiatidan dalolat beradi.

    Shunday ekan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan barchamiz birlashishimiz va bor kuchimizni mamlakatimizda inson qadr-qimmati hamda erkinliklarini himoya qilishga, ushbu sohadagi muammolarni hal etishga, deklaratsiyada belgilangan tamoyil va qadriyatlarni jamiyatimiz va davlatimiz hayotiga yanada keng joriy etishga safarbar etishimiz darkor. Shundagina mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya ro‘yobga chiqib, O‘zbekistonimiz inson huquqlari to‘la qaror topgan davlatlar qatoridan joy olajak.

    Rustam ATOVULLOYEV,

    Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston

    Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsulti