1. Oldingi yilgi qabulda mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga teng – 3,1 balldan berilgan edi. Bu yil esa shu 2 ta fan muhimliligiga qarab darajalanadi. Masalan, matematika yoʻnalishi uchun 1-fan matematika (har toʻgʻri javobga 3,1 balldan) , 2-fan esa fizika (har toʻgʻri javobga 2,1 balldan) boʻladi.
2. Mutaxassislik fanlarining darajalanishi abituriyentlarning 5 ta yoʻnalish tanlash imkoniga ham taʼsir qiladi. Endi abituriyentlar oʻtgan yilgidek mutaxassislik blokida mavjud 2 ta fanga qarab emas, balki ularning birinchi yoki ikkinchi fanligini ham hisobga olib 5 ta OTMni tanlaydi.
3. Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy boʻlgan 3 ta fan – matematika, ona tili va Oʻzbekiston tarixi boʻyicha 10 tadan jami 30 ta savol tushadi va ularga 1,1 balldan beriladi (2021-yili majburiy blok uchun 2,1 balldan berilgan).
Majburiy blokdan jami toʻplash mumkin boʻlgan ball – 33 ball. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan 2 ta fan boʻyicha esa jami 60 ta savol beriladi. Birinchi fandan toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball – 93 ball, ikkinchi fandan toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball esa 63 ball.
Umumiy holda, 2022-2023 oʻquv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan boʻyicha jami 90 ta test topshirigʻi beriladi. Bunda toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.
4. Bu yil kirish imtihonlarida abituriyentlarga testlarni ishlash uchun 3 soat vaqt beriladi. Vazirlar Mahkamasining test topshiriqlarini oʻtkazishga oid 261-sonli nizomida 30 ta savol uchun bir soat vaqt berilishi yozilgan. Demak, 90 ta savolga 3 soat vaqt beriladi.
5. Bu yildan 6 ta OTMda test ijodiy imtihonga oʻzgarmoqda. Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan:
- Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Samarqand davlat chet tillari instituti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Shuningdek:
- Toshkent davlat pedagogika universiteti;
- Qoʻqon davlat pedagogika instituti;
- Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar boʻyicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida chet tilidan test emas, tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadi.
Bunda ushbu OTMlarning birinchi fani chet tili boʻlgan yoʻnalishlarida abituriyentlar ijodiy imtihon topshiradi. Ingliz tili boʻyicha ijodiy imtihon kompyuter variantda, qolgan tillar boʻyicha esa qogʻoz variantda olinishi rejalashtirilmoqda.
Bu yoʻnalishlarga topshiradigan abituriyentlar uchun eng murakkab va tavakkalli tomoni – ular mana shu 6 ta OTM doirasidagina 5 ta yoʻnalish tanlashi mumkin boʻladi. Sababi boshqa OTMlarda chet tili imtihoni test koʻrinishida olinadi va savollar turi bir-biridan farq qiladi.
6. Shuningdek, baʼzi yoʻnalishlarda imtihon olinadigan fanlar oʻzgargan. Davlat OTMlarida taʼlim yoʻnalishlari soni – 461 ta, shundan 7 foizida 2 ta fanning oʻrni oʻzgargan. Bitta fan oʻzgargan taʼlim yoʻnalishlari esa 2,8 foizni tashkil qilgan boʻlsa, faqatgina bitta yoʻnalish – biotibbiyot muhandisligi yoʻnalishida mutaxassislik fanlari butunlay oʻzgargan.
Jumladan, filologiya va oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishlarida ham ikkinchi fan – tarix oʻrniga chet tili kiritildi.
7. Maktab yoki kollej, litseyni bir yil avval tugatgan abituriyentlarning barchasi kirish imtihonlarida qatnashish uchun pul toʻlaydi. Bu yildan boshlab kirish imtihonlari uchun toʻlov undirilmaydigan abituriyentlar toifasiga:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
“Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar ham kiritildi.
Bungacha ozod qilinganlar roʻyxatida nogironligi boʻlgan shaxslar va mehribonlik uylari bolalari, bolalar shaharchasining bitiruvchilari bor edi.









