Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar”, deb taʼkidladi.
Oʻtgan asr avvalida yurtimizda vujudga kelgan ana shu jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, shubhasiz, Abdurauf Fitrat edi. Milliy istiqlol yillarida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan allomaning hayoti va faoliyatini oʻrganish, tadqiq va targʻib etish oʻz davri uchun nechogʻli ahamiyat kasb etgan boʻlsa, bugungi kun uchun ham shunday muhimdir.
Aytish joizki, Turkistondagi jadidchilik oʻziga xos milliy xususiyatlarga ega boʻlib, u XIX–XX asrlar oraligʻida butun dunyoda sodir boʻlayotgan ulkan taraqqiyot va oʻzgarishlar hamda Chor Rossiyasi tarkibidagi Qrim, Volgaboʻyi va Kavkaz, jumladan Turkistonning oʻzidagi ogʻir siyosiy, ijtimoiy va madaniy muammolar taʼsirida vujudga kelgan ijtimoiy, siyosiy, madaniy, maʼrifiy harakatdir.
Sharq musulmon dunyosida keng tarqalgan islohotchilik harakati XX asr boshlariga kelib Turkistonda ham yoyila boshladi. Yangi kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati oʻlkadagi barcha soha, jumladan, yangi adabiyot, publitsistika, siyosat ishlari kelajagini belgilab berdi. Davr ushbu yoʻnalishlarning xarakterini aniqlab bergan namoyandalarini ham oʻrtaga chiqardi. Mazkur islohotchilik, yaʼni jadidchilik nomi bilan tarixga kirgan harakat jamiyatning barcha sohalarini teng qamrab oldi. Oʻsha davr koʻzga tashlangan islohotchilaridan biri Abdurauf Fitrat (1886–1938) yigirma yildan ortiqroq vaqt mobaynida, avval, konservativ fikrga hamda mahalliy musulmon elitasi urf-odatlariga, soʻngroq esa yangi oʻrnatilgan sovet hokimiyatining qattiq dogmatizmiga qarshi kurashdi.
Fitrat faoliyatining asos nuqtasini – negizida ijtimoiy ozodlik gʻoyasi boʻlgan erkinlik va demokratik davlatning yangi konsepsiyasi tashkil qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.
Fitrat Buxoroda anʼanaviy islomiy taʼlim olgan. Shu sababdan ham oʻz davrining boshqa ziyolilari kabi uning 1910-yil Istanbulga ketguniga qadar davrini qamrab olgan ilk siyosiy, ijtimoiy va gʻoyaviy sohalardagi faoliyati boshdanoq islomiy tafakkurga asoslandi. Turkiyada oʻqish va turli ishlar bilan shugʻullangan yillarda esa (1910–1914) uning fikriy oʻsishi islom tafakkuriga yanada kuchliroq bogʻlandi.
Abdurauf Fitrat shubhasiz XX asr birinchi choragi Markaziy Osiyo ziyolilarining eng koʻzgan koʻringan va taʼsir doirasi kuchli boʻlgan vakillaridan biri hisoblanadi. U yozuvchi, shoir, jurnalist, siyosiy arbob va Turkiston jadidchiligining gʻoyaviy yetakchilaridan biri sifatida tanilgan.
Fitrat anʼanaviy boshlangʻich eski maktabni tugatgandan soʻng oʻqishini avval Miri Arab, soʻng Buxorodagi yana bir boshqa madrasada davom ettirgan. XX asr boshlarida Buxoro adabiy davralarida yetarli darajada mashhur boʻlgan. U “Mijmar” (yoqimli hid tarqatuvchi choʻgʻdon) taxallusi ostida sheʼrlar yozgan. Neʼmatulloh Muhtaram Fitratni Hoji Mulla Abdurauf, deb tilga oladi. Muhtaram oʻz asarini taxminan 1903–1904-yillarda yozib tugallaganligi va unda Fitrat ismidan oldin Hoji laqabining qoʻllanilganligi inobatga olinsa, Fitrat ayni yigitlik chogʻida haj amalini ado qilgan, deb aytish mumkin. U oʻsha vaqtda haj safarining anʼanaviy yoʻli hisoblangan Hindiston orqali emas, balki temir yoʻl bilan Odessa, Turkiya orqali Arabistonga borganligiligini, soʻngra Hindiston orqali qaytib kelganligini taxmin qilish mumkin. Fitrat hajdan qaytayotib yonidagi bor mablagʻini Hindistonda oʻgʻirlatib qoʻygandan keyin Buxoroga qaytish uchun pul topish maqsadida u yerda bir muddat qolib sartaroshlik bilan shugʻullangan.
“Ushbu yil (1910) fikri ochiqlarning biri Abdurauf Fitrat edi. Bu zot Buxoro talabalarining eng mustaiddi, eng fozili sanalar edi. Mirzo Abdulvohid maktabiga koʻb qotishib yurgan boʻlmasa ham, mudarris Abdulqodir Maxdum vositasi ila “Siroti Mustaqim” majallasini mutolaa qilib fikri ochilgʻon va Istanbul safari uchun hozirlik koʻrub yurgon edi. Bir bahona ila Buxoroning bir qism viloyalarini sayohat qilib yaxshigina maʼlumot toʻblab mazkur safarga hozirlandi.”
Ayniyning “Buxoro inqilobi tarixiga materiallar” kitobidan keltirilgan yuqoridagi koʻchirmadan Fitrat Istanbul safariga qadar Sharq musulmon davlatlarida ancha yoyilgan antiimperialistik modern islomchilik gʻoyalari bilan qiziqqanligi va bu boradagi asosiy maʼlumotlarni 1908-yilgi 2-konstitutsiyaviy inqilobdan keyin Turkiyadagi islomchilikning asosiy nashrlaridan biri boʻlgan “Siroti Mustaqim” jurnalidan olganligini bilish mumkin.
Turk konstitutsion inqilobidan ikki yil oldin, yaʼni 1906-yilgi Eron Mashrutiyat inqilobi va uning asoratlari Buxoro ziyolilarining fikriy oʻsishiga katta taʼsir koʻrsatdi va bu yoʻnalishdagi tashqi taʼsir manbalaridan biriga aylandi. Ayni shu yillari Buxoroda eronlik Zaynalobidin Marogʻoiyning (1837–1910) “Sayohatnomai Ibrohimbek” (Ibrohimbekning sayohatnomasi) asari keng tarqaldi va omma orasida mashhur boʻldi. Bu asar XX asr boshlarida nafaqat eronliklar, balki qoʻshni davlatlar, xususan, Buxoro xalqi uchun ham bir “koʻzgu” boʻlib xizmat qildi. “Sayohatnomai Ibrohimbek” fors madaniyatining gʻarb – “oʻzga” madaniyat bilan qiyoslagandagi “noxush” manzarasini ochib tashladi. Asar ayni shu jihatlari bilan ham, yuqorida taʼkidlanganidek, nafaqat eron xalqi, balki unga qoʻshni davlatlar xalqlarida ham katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa ziyolilar Mashrutiyat inqilobi yillarida bu kitobdan zavqlandilar. Oʻsha davrda kim “Sayohatnomai Ibrohimbek”ni oʻqisa yoki oʻqigan boʻlsa, konstitutsion harakat va yangilanish tarafdori deb hisoblandi.
Timur Xoʻjaoʻgʻlining taʼkidlashicha, Fitrat Istanbulga kelmasidan oldin usmonli turk ziyolilari orasida keng tarqalgan antiimperialistik modern islomchilik va turkchilik mafkurasi hamda bu oqimlarning qarashlari borasida batafsil maʼlumotga ega va bu mafkuralarning taʼsiriga tushgan edi. Fitrat diniy islohot tarafdori boʻlgani holda, Ayniy taʼkidlaganidek, “buxorolik talabalarning eng mustaiddi va eng fozili” sifatida Maragʻoiyning yuqoridagi asari bilan ham juda yaxshi tanish boʻlgan.
Adib Xolidning aniqlashicha, Fitratning ilk asarlari boʻlgan “Munozara” va “Hind sayyohi”da uslub jihatidan ham, mazmunan ham “Sayohatnomai Ibrohimbek”ning kuchli taʼsiri kuzatiladi. Shu sabab “Siroti Mutaqim” jurnali va “Sayohatnomai Ibrohimbek” kabi boshqa manbalardan “oʻzlashtirilgan” gʻoyalar Fitratning XX asr birinchi oʻn yilligi boshlaridagi faoliyati va ijodining asosiy yoʻnalishini belgilab berdi. Boshqacha aytganda, Fitrat ijodining bu bosqichi ayrim tadqiqotchilar tomonidan “gumanistik hurfikrlilik” davri deb ham baholandi.
Yosh Fitrat Istanbuldagi hayotining ilk davrida turli gʻoyalar faol muhokama va targʻib qilinadigan muhitga tushdi. Istanbulda boʻlgan davri mobaynida Fitrat soʻfiylik taʼlimoti bilan sugʻorilgan modern islomchilik gʻoyalari ustunlik qilgan doiralarga, xususan u soʻfiy turk yozuvchisi, mutafakkir va “Hikmat” nashriyot uyining taʼsischisi Shahbandarzoda Ahmet Hilmiyga juda yaqin boʻlgan. Shuni taʼkidlash kerakki, yuqoridagi vaziyat sabab Fitrat davrga oid oʻz qarashlari aks etgan ilk maqolalarini Hilmiyning “Hikmat” va qozi va siyosiy arbob Abdurashid Ibrohimning “Taarufi Muslimin” kabi modern islomchilik yoʻnalishidagi davriy nashrlarida chop qilgan.
Fitrat Istanbulda tirikchilik uchun turli joylarda ishlashga majbur boʻlgan. Xususan, bozorda mayda-chuyda savdo bilan shugʻullangan, madrasa va masjidda hovli supirgan, oshpaz yordamchisi ham boʻlib ishlagan va hakozo. Eng asosiysi, 1910-yil davomida oʻzining mashhur “Munozara” va “Hind sayyohi” asarlari ustida ishlagan. 1911-yili qiyin moddiy ahvoliga qaramasdan, turli joylarda ishlab topgan mablagʻiga Ahmad Hilmiyning “Hikmat” nashriyotida oʻzining yuqorida nomi zikr etilgan ikki badiiy asari va “Sayxa” sheʼriy toʻplamini chop qildi.
Fitrat holat va vaqtning qulayligidan unumli foydalanib, Buxoroda qoralaganlarini qayta ishlagan koʻrinadi. Zero, u Istanbulga safar oldidan Buxoro amirligining bir necha viloyatlariga safar qilgan va maʼlumotlar jamlagan. Albatta, Fitrat jamlagan maʼlumotlar mamlakatdagi haqiqiy ijtimoiy ahvolni yaqqol koʻrsatib berishi kerak edi. Shu sababdan ham oʻz asarlarida tasvirlagan Buxoroning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoli haqiqatga juda yaqin. Uning ilk asarlari nafaqat badiiy, shu bilan birga tarixiy manba sifatida ham oʻta qimmatli.
Fitrat Buxoroda yozilajak asarlarining syujeti va yoʻnalishini aniq bilgan hamda qoralamalari boʻlganligi ehtimoldan holi emas. Oʻz davrning diniy, falsafiy va siyosiy qarashlarining taʼsiri uning 1910–1915-yillar oraligʻida yozgan asarlarida yaqqol koʻrinib turadi. Fitratning modern islomchilik fikri va gʻoyalariga qattiq berilishi, ehtimol uni zamonaviy islom ulamolarini tayyorlash maqsadida yangidan tashkil qilingan “Madrasatul Voizin”ga yetaklagandir.
Manbalarda qayd etilishicha, 1913–1914 oʻquv yili uchun 48 nafar talaba, shu jumladan 10 nafar xorijiy davlat fuqarosi boʻlgan musulmonlarni qabul qilish haqida eʼlon berilgan. Fitratning “Madrasatul Voizin”ga qachon oʻqishga kirganligi masalasi manba va maʼlumotlar yetarli boʻlmaganligi uchun hamon muammoligicha qolmoqda. Har holda, u madrasaga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, Zaki Validiy qayd etganidek, “Konstantinopol “Madrasatul Voizin” diniy taʼlim muassasasi”ning buxorolik birinchi talabasi boʻlgan. Lekin 1914-yilda boshlangan Birinchi jahon urushi Fitratga ushbu madrasani tamomlashga imkon bermadi. 1914-yilning oʻrtalarida Istanbulda tahsil olayotgan aksar talabalar qatorida Fitrat ham Buxoroga qaytib keldi.
U madrasadagi oʻqishini tamomlay olmasa-da, Buxoro talabalarining “eng fozili” sifatida egallagan bilimlari, madrasaga kirish uchun tayyorgarlik va tahsil davomida olgan malaka unga ulkan intellektual boylik zaxirasini berdi. Aynan Istanbulda oʻtkazgan yillari “ochiq modern islomchilik”ning amaldagi eng aʼlo namunasi boʻlgan oʻnga yaqin asarini yozdi. Bundan tashqari islomchilikning Ahmet Hilmiy, Mehmet Akif, Abdurashid Ibrohim kabi nufuzli gʻoyaviy rahnamolari bilan bevosita muloqot qilish va ularning asosiy asarlari va gʻoyalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.
Turkiyadan qaytgan Fitrat maktab ishlari bilan shugʻullanar ekan, 1915-1916-yillar davomida qator asarlar ham nashr qildi. Bular “Oila”, “Rahbari najot”, “Qisqacha islom tarixi” va boshqalar. 1920-yillarda Fitratning “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “Abo Muslim” dramalari sahnaga qoʻyildi va oʻz davri adabiy tanqidchilari tarafidan juda iliq kutib olindi. Uning bu davrdagi ijodi ozodlik tuygʻulari bilan toʻlib toshgan edi. Yuqoridagi asarlarning barchasida bir maqsad – millat ozodligi, mustaqillik nashidasi, hurriyat, erkinlik mavzusi ilgari surildi. Bu holat uning sheʼrlarida yaqqol seziladi. Jumladan, “Mirrix yulduziga” sheʼrida davrning manzarasi, bolsheviklar siyosatining tub mohiyati, ular olib borgan siyosat bus-butunligicha ochib berilgan edi:
Goʻzal yulduz, Yerimizning eng qadrli tuvgʻoni!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlargʻa tushubsen?
Tuvgʻoninggʻa nechun sira gapurmasdan turibsen?
Soʻyla yulduz. Holing nadur? Nechuk topding dunyoni?
Bizning Yerda boʻlub turgʻon tubanliklar, xoʻrliqlar
Soʻyla yulduz, sening daxi quchogʻingda boʻlurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Iki yuzli ish buzarlar, shaytonlar.
Oʻrtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin toʻymay yegan qoplonlar.
Bormi senda, oʻksuz, yoʻqsulning qonin,
Gurunglashib, chogʻir kabi ichganlar?!
Bormi senda, butun dunyo tuzugun
Oʻz qopchugʻin toʻldurgʻali buzgʻonlar?
Bormi senda, bir oʻlkani yondirib,
Oʻz qozonin qaynatgʻuchi xoqonlar?
Bormi senda, qorin, qursoq yoʻlida
Elin, yurtin, borin, yoʻgʻin sotqonlar?
1917-yildan boshlab Fitrat maorif ishlaridan biroz chekinib, siyosiy faoliyat bilan shugʻullana boshladi. Buxoro jadidlarining tashabbusi bilan tuzilgan “Yosh buxorolilar” partiyasi sarkotibligi vazifasini bajardi. Samarqandda nashr qilingan “Hurriyat” gazetasida, avval, faol muallif sifatida qatnashgan boʻlsa, qisqa vaqt oʻtishi bilan uning bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordi.
Fitrat bu davrda Rossiyadagi Muvaqqat hukumat bilan oʻzaro tenglik asosida aloqalarni yoʻlga qoʻyish borasida juda koʻplab maqolalari bilan siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Ammo u orzu qilgan tenglik, hurriyat orzusi bolsheviklar tomonidan chilparchin qilindi. Shu sabab 1917-yilning oktyabrida sodir boʻlgan toʻntarishni “yurt qaygʻusi” sifatida qabul qildi.
1918-yili Toshkentga kelgan Fitrat oʻz atrofiga yoshlarni yigʻib “Chigʻatoy gurungi”ni tashkil qildi. Bu jamiyat 3 yil faoliyat olib borgan boʻlishiga qaramay nafaqat oʻzbek tili va adabiyoti, balki umuman yangi oʻzbek madaniyatining shakllanishi va taraqqiyot tarixni butkul yangi, zamonaviy ilm asosida oʻrganishni boshlab berdi. “Chigʻatoy gurungi” yangi Oʻzbekiston tarixidagi mahalliy ziyolilar tarafidan tuzilgan birinchi ilmiy tadqiqot jamiyati sifatida tarixga kirdi. Ayni shu jamiyat hozirgi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining ham tamal toshini qoʻydi. Gurung aʼzolari tomonidan qator ilmiy risolalar, ayniqsa, til, imlo masalasiga oid nashrlar eʼlon qilindi.
1920–1923-yillar davomida yangi tuzilgan Buxoro hukumati tarkibidan turli yuqori lavozimlarda ishlagan Fitrat turli siyosiy ayblovlar bilan ishdan boʻshatildi va Moskvadagi “Jonli sharq tillari” institutiga yuborildi. Shu davrdan boshlab Fitrat umrining oxiriga qadar faqat ilmiy izlanishlar bilan mashgʻul boʻldi.
Fitratning adabiy asarlari, xususan, dramaturg sifatidagi faoliyati zamondoshlari tomonidan yakdillik bilan eʼtirof etildi. 1916–1930-yillar oraligʻida u oʻndan ortiq dramalar yozdi. Ayniqsa, 1920-yillarda yozgan “Oʻgʻuzxon”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “Abulfayzxon” kabi dramalari katta shuhrat qozondi. “Chin sevish” dramasida biz oldingi Fitrat, yaʼni gʻarb ilm-fanini oʻrganishga boʻlgan targʻibotning boshqa bir darajaga oʻtgani, yaʼni siyosiy jihatdan yetuklikka erishgan Fitratni koʻramiz. U asar qahramoni Karimbaxsh tilidan bu kabi gʻoyalarini quyidagicha ifodasini kuzatish mumkin: “Ovrupo ishlarini oʻrganmak albatta kerakdir. Ovrupoda oʻqimoq oprupoliklarni insofli, adolatli deb maqtamoq uchun emas, ulardan oʻzimizni saqlamoq, tishli-tirnoqli boʻlish uchun kerakdir.”
Fitrat bundan biroz avvalroq yozilgan “Sharq siyosati” nomli maqolasida Gʻarbga boʻlgan munosabatini, uning haqiqiy siyosati nimada ekanligini ochib tashlagan edi. Bir vaqtlar “Sharqgʻa madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz” degan bahona bilan Turkistonni qonga botirib, uning yuzini toptagan bosqinchi “jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa” olib kelmadi. Fitrat shu oʻrinda oʻziga oʻzi savol beradi: “Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar?” Javobi esa “Albatta, bilib qildilar, joʻrttaga qildilar.” Fitrat maqolasida mustamlakachilarning asosiy maqsadlari qoʻl ostiga oligan mazlum xalqqa “madaniyat berish”, “maorif tarqatish”, “taraqqiy etdurmak” emas, “turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq” va oxir oqibatda “bizni ishdan chiqarmoq va oʻz qoʻllarigʻa muhtoj qilib qoʻymoqdir”. Fitrat bu fikrlarni yozar ekan, siyosiy jihatdan ancha yetishgan, xalqni haqiqiy ahvoldan boxabar qilish uchun hech narsadan tap tortmay fikr yuritadigan shaxs sifatida koʻrinadi.
Mantiqan olib qaraganda “Hind ixtilolchilari”ni “Chin sevish”ning davomi deyish mumkin. Lekin, ular ayri ikki asar. “Hind ixtilolchilari”da Fitratning ona Vatanga boʻlgan muhabbati, uning erki uchun hamma narsaga tayyor boʻlgan “Yurtimizni qutqaramiz. Yashasin istiqlol!”, deb mustabid tuzumga qarshi qoʻzgʻalgan isyonkorni koʻramiz. Uning 1922-yili nashr etilgan “Oʻzbek yosh shoirlari” toʻplamidan joy olgan “Oʻgut” sheʼrida yurt erkinligi uchun kurash, hurriyatga erishish maslagidan qaytmaslikka undov juda yaxshi koʻrinadi:
Ogʻir yigit! Sening goʻzal, nurli koʻzingda
Bu millatning saodatin, baxtin oʻqudim
Oʻylashingda, turushingda hamda oʻzingda
Bu yurt uchun qutulushning borligʻin koʻrdim.
Turma. Yugur, tinma tirish, bukulma yuksal,
Hurkma kurash, qoʻrqma yopish, yoʻrilma, qoʻzgʻol,
El yoʻlini toʻsub turgʻon eski bulutlarni
Yondirib, qoʻy, yirtib, tashla. Barchasini yoʻq et!
Qilolmasang shu ishlarni
Sening uchun xoʻrliqdir bu....!
Yiqil, yoʻqol, ket!
Fitrat oʻz dramalarida, sheʼrlarida Sharq, xususan, Hindiston xalqining mustamlakachi inglizlarga qarshi kurashi orqali ona Vatan – Turkistonning tuganmas dardlarini ifoda qildi.
U tarixiy drama janriga asos soldi. “Abulfayzxon”, “Abo Muslim” kabi dramalarida tarixga yuzlanar ekan, oʻtmishdagi voqelikning mazmun-mohiyatini tarixiy shaxslar obrazi orqali qayta jonlantirishga hamda kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq boʻlgan ijodkordir.
Allomaning hayoti va ijodiy faoliyati tarixning eng qaltis damlarida Millat va Vatanga xizmat qilishning yorqin namunasidir. Yirik jadidshunos olim Begali Qosimovning soʻzlari bilan aytganda, har qanday holda ham xalq bilan birga boʻlish, uning manfaatini har narsadan ustun qoʻyish, har narsadan muqaddas bilish Fitrat shaxsiyatining eng muhim xususiyatlaridan edi.
Turkiston jadidchiligining yorqin siymolaridan boʻlgan Abdurauf Fitratning faoliyati, ayniqsa, badiiy asarlari Buxoro va Turkiston jadidchiligi tarixida sezilarli rol oʻynadi. U musulmonlarning jaholat va qoloqlikdan qutulish yoʻlini zamonaviy ilm-fanda koʻradi. Qisqa muddatda butun Turkistonda jadidchilikning asosiy gʻoyaviy yetakchilaridan biriga, “Munozara” asari esa Buxoro va Turkistondagi jadidchilik harakatining manifestiga aylandi.
Hozirgi jadidshunoslik va jadid tadqiqotlari, xususan fitratshunoslikdagi muammolar va ularning tahlili Markaziy Osiyo jadidchiligi, xususan uning asosiy gʻoyaviy yetakchilaridan biri boʻlgan Fitrat hayoti, ijodi va faoliyati bilan bogʻliq yechimini topmagan talaygina masalalar borasida tegishli aniq javoblar aytishga imkon yaratadi.
Zaynobiddin ABDURASHIDOV
filologiya fanlari doktori, professor









