Abdulla Oripov ijodiy fenomeni yoxud mangulikning billur toji

    Badiiy ijod — inson mavjudligining oʻziga xos shunday bir unsuriki, butun mohiyati bilan tiriklik va hayotning abadiyligini himoya qiladi va mana shu betizgin va betakror himoya jarayonida uni butunlay nomukammallik talabi bilan  rad ham etadi.

    Mening nazarimda, atoqli shoir Abdulla Oripov ijodiy fenomenining butun sir-sinoati inson mavjudligini va hayot abadiyligini himoya qilish va inkor etishdadir.

    Shoir sheʼriyati samoviy lazzat, ilohiy surur, dardchil tugʻyonli hislar alangasi, falsafiy poetik idrok etish quvvati, donishmandlik zakovati, yangicha tafakkur qudrati, milliy ohanglarning koʻp ovozli yigʻmasi, oʻtkir ijtimoiy qarashlar silsilasi bilan shunday omuxtaki, xuddi quyosh nurlari yuzlab ranglarni oʻzida jamlagandek cheksiz ohanraboga boydir.

    Ranglar naykamalagi, ohanglar simfoniyasi bir chiziqda jonlanadi, soʻz muvozanatiga xalal bermaydi, qalbimizga imo-ishoralarga boy inja kuydek quyiladi, ong osti sezgimizni junbushga keltiradi. Koʻngil mayillari qonimizda joʻshqinlikka vobasta boʻlib, oydin taassurotlar uygʻotadi. Goʻzallik qonuni odatda adabiyotda kashf etiladi.

    Oʻtgan asrning 60-yillarida davr nafasidan dimiqqan adabiyot falajlangan xotiralar qoʻynida oʻz qiyofasini yoʻqotgan, insondan koʻra moddiyatni baland tugʻ etgan, ijtimoiy voqelikdan chekingan, ritorik qutqulardan alahsirash mavsumi yuz bergan damlarda oʻzbek sheʼriyati osmonida Abdulla Oripov isyonkor hislarga yoʻgʻrilgan sheʼrlari bilan mitti yulduz boʻlib porlagan va inson mohiyatini poetik tasvir etish, timsollashtirish baravarida adabiyotimizning qorongʻulik puchmoqlarini yoritgan boʻlsa, Erkin Vohidov sheʼriyati musaffo tong nafasini olib kirdi. Ular shoʻro tuzumida azaliy koʻrkini yoʻqotgan sanʼatga insoniy-ruhiy kechinma, sehru sinoat, yuksak joziba, musiqiylikni qaytardi.

    Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov Abdulla Oripov tugʻilgan yurtda boʻlib, shoirning bolaligi kechgan qir-adirlarni kezganini, kengliklar shovuridan nafas olib zavqlangan damlarni eʼtirof etarkan shunday yozadi: “Har gal uning sheʼrlarini mutolaa qilar ekanman, tafakkuriga oʻsha cheksizliklar cheksizlik bergandek, satrlari sahro quyoshidan nur emgandek va shu satrlar orasidan anvoyi chechaklar hidi ufurib turgandek, kelib mening dimogʻimga urilayotgandek boʻladi”. Aslida shoirni shoir qiladigan manba ham uning tugʻilib oʻsgan yurti moʻjizasiga bogʻliqdir. Shoirning “Qarshi qoʻshigʻi” sheʼrida uning yurtga muhabbati nechogʻlik oʻzaklanganini, cheksiz mehrga yoʻgʻrilganini koʻramiz.

    Lekin uning bahori, o, sen, choʻllar bahori,

    Sogʻintirgan onamning diydori senday shirin.

    Erta kun qovjirashdan boʻlsa ham dilda zori,

    Lola kabi xandonu tubda yashirin dogʻi.

    Oyoqlangan qoʻziday dovdirar yelda maysa,

    Koʻm-koʻk, moviy osmonda kezib yurar oq bulut.

    Toʻrt taraf qisib kelib, nogahon jala quysa,

    Olamga anqib ketar ming xil koʻkat, ming xil oʻt...

    Qashqadaryo jugʻrofiyasi mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan ajralib turadi. Sharqida togʻu qir-adirlar yastangan boʻlsa, gʻarbida cheksiz dashtu choʻllar ufqqa tutashgan. Voha manzarasi shoir sheʼriyatida bor boʻyi-basti bilan bastalangan. “Qadimiy va navqiron Qarshi” sheʼrida bu manzara kartinasi inson qalbini hayratga oshno etadi.

    Dedilar: – Chaqnagan qaysi yurt erur

    Buyuk Sohibqiron sochgan ziyodan?

    Javob berdilarki: – Hech soʻnmas bu nur,

    Taralgan eng avval Qashqadaryodan.

    Kindik qoni tomgan yurt shohu gadoga ham qutlugʻ maʼvo sanaladi. Shoir bir zum, bir soniya boʻlsin tugʻilgan diyoridan koʻngil uzmadi. Sogʻinchi bitilgan satrlarda tuprogʻini sochib oʻynagan, tomsuvoq tomlardan lolaqizgʻaldoq terib, bolaligi kechgan qishlogʻini yonib kuyladi. Shoir dasht tabiati, uning giyohlarini yodidan koʻtarmadi, aksincha, unutilayotgan chechaklarni soʻzga soldi. Suyruquyrugʻu qoʻzigul, jinjagu yantogʻiniyam muattar gullar oʻrnida koʻrib, alqadi, alaf deya ijirgʻanmadi. Oqquvrayni atirgul yo chinniguldan kam koʻrmadi.

    Abdulla Oripov ijodini faqatgina tafakkur qudrati bilan anglash va anglatish mumkin. Shunda ham, oʻsha tafakkur sohibi aynan yunon, hind, xitoy, arab, lotin va umuman dunyoviy-diniy falsafani teran oʻzlashtirgan boʻlsa. Bu betakror va muazzam IJOD FENOMENI — Abdulla Oripov fenomenini kashf etishi, xalqimizning shunday ulugʻ shoiri borligini dunyoga tanitishdek tabarruk ostonaga qadam qoʻyishi mumkin.

    Abdulla Oripov ona diyorimiz manzaralarini soʻzda chizishda sanʼatkorona yangicha uslubda sohirlikka uygʻun mahoratini namoyish etdi. Sheʼriyatining yana bir tilsimi uning sheʼrlarini xos va avom oʻquvchi birday eʼtirof etdi. Buning siri nimada? Zohiran barcha oʻquvchining tushunishiga xalq ogʻzaki ijodiga uygʻunligi, milliy koloritning serqatlamligi, yechimning oddiy va mukammalligi ortiqcha sergʻalvalik tugʻdirmaydi. Xos oʻquvchi esa satrlarda botiniy maxzan tilsimotini oʻz zakovati qudrati bilan anglashga qodir.

    Yana bir jihati, shoirning koʻpgina sheʼrlarida oʻtmish va bugun tasmalangan, idrok koʻzgusida shakl-shamoyilini ilgʻaysiz, sezim aldamaydi, qarashlaringizni inkor etmaydi. Ayniqsa, Vatan mavzusidagi sheʼrlarida bu tilsimot yuraklarga hayrat ulashadi. Abdulla Oripovning Vatan haqidagi sheʼrlarida “qizil” gaplar yoʻq. Toʻgʻri, publitsistik ruh nuqtai-nazaridan qaraganda baʼzan shoir bir qadar koʻtarinki, bir qadar maqtovli satrlar tuzgandek taassurot qoldiradi. Lekin sinchiklab boqsangiz, ana shu koʻtarinki gaplar zamirida ham dil iztirobini anglaysiz. Bu otashin shoir ulkan iqtidorining mahsulidir.

    Mening ham Vatanim janglar guvohi,

    Mening ham tuprogʻim toptalgandi xor.

    Mening ham ruhimda ajdodlar ohi,

    Mening ham qonimda qilich zangi bor.

    Minorlar emas bu – falakka qasam,

    Qasoskor bobolar ketmishlar sanchib,

    Men tortgan gʻamni ham bir-bir sanasam,

    Oʻlik firʼavnlar ketarlar sapchib...

    Billur shodalardek nur taratguchi bu satrlar oʻzbekning tarixi, ajdodlar qismati chigal va mukammalligi bilan mangulikka daxldorligini inkishof etmoqda. Har bir satrida Vatanga cheksiz muhabbat gurkirab turgan “Bahor”, “Yurtim shamoli”, “Oʻylar”, “Oʻzbekistonda kuz”, “Tabiat”, “Sarob”, “Yuzma-yuz”, “Genetika”, “Ona sayyora” kabi qator sheʼrlari shoirning iqtidori favqulodda koʻlamdor va teranligini namoyish etadi, muhimi, oʻquvchilarni hayrat vodiysiga yetaklaydi. Yana bir jihati, yashashdan koʻnglingiz sovuganda saodatmandlikka chorlaydi, ozurdalikni umid otashida choʻgʻlantirib, mehr-muhabbat ulashadi.

    Shoirning “Oʻzbekistonda kuz” sheʼriga munosabatda shunday yorqin mulohazalarga nigohimiz tushadi.

    Shabnam shovullaydi bogʻlar qoʻynida,

    Salqin tuman ichra boʻzarar tonglar.

    Quyoshning erinchoq yogʻdularida,

    Nafis yaltiraydi bargi xazonlar...

    Shabnamning shovullashi inson aqlu tasavvuriga kelmaydi. Ammo shoir nozik tuygʻular orqali chiroyli ifodalashni, bogʻ uzra esgan shamol daraxtlarni yelpib barglarga ingan shabnamlarni toʻkib yuborish jarayonida “shabnam shovullashi”ga toʻgʻri tashxis qoʻyadi. Yoxud ikkinchi qatordagi tongning “boʻzarishi”, uchinchi misradagi “erinchoq yogʻdular”, toʻrtinchidagi “xazonlarning nafis yaltirashi” orqali kuz faslini hayratomuz poetik topilmalar bilan inkishof etganki, bu manzaralar keyingi bezovta his-tuygʻularga oʻtishi-yu kontrastlik yuzaga kelishi yechimini topgan. Qarangki, tabiat manzarasi ijtimoiy voqeiylik bilan uygʻunlashib, shoʻro davri qiyofasini oydinlashtiradi. Million egatlarga egilgan xalqning ogʻir mehnat ostida kuz goʻzalligidan bebahra yashayotganidan qaygʻuradi. Oʻzbekning har bir fasli oʻz goʻzalligi va nafosati bilan dunyodagi mamlakatlar faslidan farqlanishini, oʻzining ayricha manzarasiga ega ekanini shoir rassomona sinchilik bilan soʻz boʻyogʻida yorqin va jozibali chiza olgan.

    Shoirning “Bahor kunlarida kuzning havosi” deb boshlanuvchi sheʼrida ham xalqining erksizligidan oʻkinch oʻtida yongan, atrofdagi mavjud narsadan malol tuygan, hattoki, nayning navosi gʻamginligidan qalbi bezovtalangan shoir orzu-armonlarini oʻqiymiz. “Barglar orasida behol oʻynayotgan uyqudagi qizning bedor tushlari”dan falajlangan “Erk qizi”ning zabunligidan magʻlub bahodirning nayzasi misol maʼyus egilayotgan terak uchlari manzarasi yurakni sergaklantiradi. Nega bahor kunlarida kuzning havosini tuyayotgan shoir holatini anglaymiz. Demoqchimanki, 60-yillardanoq shoir tabiat manzaralari orqali Vatan, xalqi dardini, shoʻro zulmini tesha tegmagan poetik topilmalar orqali davrning ayanchli qismatini sanʼatkorona taʼriflaydi.

    Ha, turgʻunlik davrining eng mudroq faslida oʻzbek adabiyotida “xalqchillikning uquvsiz kuychisi emas, balki chinakam sanʼatkori” (V. Belinskiy) sifatida Abdulla Orif maydonga keldi. Uning otashlarga yoʻgʻrilgan poeziyasi maʼnaviy boʻshliqni qalb vafosi bilan toʻldirdi. Asriy qatqaloqlik erkin fikr tajassumida hayotbaxshlikka yuz burdi. “Titroq yulduz kabi muzlagan shuur”da zamonamiz quramaligi, yaʼni zamonasozlik muddatini oʻtagan maxfiy qoʻlyozmaday kuydirildi. Sof tuygʻular poʻrtanasi aqliy jununlik va havoyi ehtiroslar pufagini sidirib tashladi. Shoirning “Kuz xayollari” sheʼrida yer va samo ohanglari uygʻunligi bilan, inson qalbi ozodligi, tabiat goʻzalligi hayrat silsilasidan tugʻilganining guvohi boʻlamiz. Shu sheʼrni toʻliq tahlil etsak, shoir tafakkuri va zakovati qudratining nechogʻlik yuksakligini anglab yetamiz.

    Qorayganda uzoq togʻlarning qori,

    Bogʻlarga choʻkkanda oqshomgi tuman,

    Sovuq kuz yelidan junjikib, nari –

    Ochiq ayvon ostin etganda maskan.

    Doʻstginam, xayolan quchaman seni,

    Xazon davrasida kutaman seni.

    Qorayganda uzoq togʻlarning qorimisrasi oʻziyoq qalb chiltorini chertib, allanechuk sokin tuygʻular mavjida maʼyuslik epkini muz qotgan xayollarni chuva boshlaydiki, tabiat tilsimoti sohirlik maqomiga doʻnadi. Mezonda suv qorayadi deyishadiku xalqimiz, koʻzga uncha chalinmas mezon iplari chuvalib sargʻaygan oʻt-oʻlanu dov-daraxtlar shoxlariga “argʻamchi otadi”. Bogʻlarga oqshomgi tumanning choʻkishi hamon togʻlarning oq qorida qorayib koʻrinishini anglash ong osti sezimi inkishofidir.

    Odatda kun botishda shafaq yolqini kuyishadiki, osmon soyasi borliqqa qora toʻrini yoyadi. Bu yerda shoir kuz fasli kartinasini soʻz boʻyogʻida chizish emas, balki inson umrining kuzi haqida ham soʻz ochadi. Avvalo, sovuq kuz yelidan junjikkan tuman ayvon ostini maskan aylarkan, bu holat shoir yuragida ham kechishi inson va tabiatning bus-butunlikka uygʻunligini aks ettiradi. Doʻstni xazon davrasida kutish sheʼr muhibini hayratga soladi. Nega, nega degan savol aks-sadoday toʻlqin hosil qiladi. Umr kuzida inson xayolida eng yaqin qadrdonlar gavdalanadiki, parishon oʻylar yigʻmasida bolaligu yoshlik faslining munavvar damlari buloqdek koʻz ochsa, ajabmas. Sheʼrning ikkinchi oltiligida ham tabiat manzarasi betimsol chizgilarda mavjlanadi. Shoirning muddaosini uchinchi oltilikda yaqqolroq sezishga jazm etasiz va muyassar boʻlasiz.

    Nimani xohlayman? Istagim nima?

    Changalzor shovqinin tinglab turaman.

    Yaproqlar bandida kezgan jimgina

    Maʼyus va bezovta kuzni koʻraman.

    Uning qoʻshigʻida, uning ohida,

    Sezaman odamzod qalbin gohida.

    Nogahoniy olovli tugʻyon muzlagan tomirlaringda xurofiy shovqinga emas, ilohiy zavqqa ragʻbat, bedor tuygʻuga mayl uygʻotadi. Har qanday shovqinda yalangʻochlik bor. Shovqin – qofiyabozning shaqildogʻi, u tuygʻular jununini toʻnglatadi, ehtiroslar erkini vaznsizlikka mubtalo etadi. Erksizlik va zalolat shovqini insoniy umid qotilidir. Yaproqlar bandida jimgina kezgan bezovtalik (maʼyuslik ham!) ohida odamzod qalbini sezish – bu yashashga berilgan huquqdir. Aslida, hayot – cheklanmagan imtiyoz.

    Unga bari birday hayot va oʻlim,

    Goʻyoki keksa chol soʻngini oʻylar.

    Va sekin silkitib qahrabo qoʻlin,

    Koʻrganin-bilganin birma-bir soʻylar.

    Bir hikmat oʻqiyman xazonlardan men:

    “Yashaginu, biroq yaproq boʻlma sen”.

    “Qahrabo qoʻl” – topilma. Cholning qoʻli qurushqoq, qahrabo tus. Cholni kuzga muqoyasalash ayni kesishmagan chiziqday aniq taassurot qoldiradi. Xazon – yoʻqlikdan nishon, uning shitirida soʻlgʻinlik giryasi oʻrlaydi, mung savqida esa hayot mohiyatining xossasini koʻramiz. Shoir qalbi ulugʻ bir hikmatni angladi:”Yashaginu, biroq yaproq boʻlma sen”. Bu – qalb iqrori.

    Mangu yashillikning maskani qayda,

    Qaydadir xazonni bilmagan bahor?

    Nechun u hovliqib oqquvchi soyda,

    Chavandoz umrining qaytmas sehri bor?

    Nechun uygʻonadi qaytadan bahor,

    Nechun inson umri boʻlmagay takror?..

    Shoir yashillikning mangu maskanini inson qalbidan axtarayapti. Qalb illatlardan tozalanmas ekan, undan xazonrezgilikka ruyxush bermas koʻklam manzil topolmaydi. Mangu adashadi. Qalb bahorigina inson ruhiyatini bedorlikka chorlaydi. Insonning oʻzi mamlakat. Uning hukmdori ham, quli ham uning oʻzidir. Hayot – buyuk murabbiy. Inson hayot taʼlimini oʻrganish, oʻzini anglash barobarida oʻz “mamlakati”ga egalik hissini uygʻotadi va oʻrnatadi.

    Turgʻunlik davrining yalangʻochligi, odamlar shuurining nursizligi shoir halovatini junbushga keltiradi. Shoirni kuzning xayolidan koʻklamning nashʼayu nagʻmasini topish, uning hukmdori boʻlib qolishga daʼvat etgan urgʻu ham shundandir. Sheʼrda ikki qutb mavjudligi ushbu xulosani tugʻdiradi. Bu –mening fikrim. Hayqirib, hovliqib oqayotgan soydan chavandoz umrining qaytmas sehrini anglagan shoir munojotida diltangligu bedorlikka safarbar etgan tuygʻu burgʻusini behuda chalmayapti. Inson umri takrorlanmasligi shoirni qattiq oʻyga solayapti. Inson ana shu takrorlanmas umri davomida oʻz bahorini topa oladimi yo yoʻq? Umr takrorlanmaydi, bahor uygʻonguvchi. Umr va bahor mushtarakligi mavjud emas ekan, inson hayoti xazonrezgilikka mahkumdir. “Shoir faylasuf emas, musavvirdir. Uning manzara va tasvirlaridagi hamishalik mavzu “shuhratga toʻla ijod” – behudud va rang-barang hodisalarga toʻla olamdir. Poeziya koʻngilga obrazlar bilan soʻzlaydi va undagi obrazlar ibtidosi tabiatning barcha juzʼiy hodisalari va shakllari qurilishida tovlanib turgan goʻzallik ifodasining mohiyatidir”. Bu– Belinskiy talqini. Buyuk munaqqid izlagan obraz yuqoridagi misralarda quyma tarzida oʻz ifodasini topgan.

    Meni savollarga koʻmar dafʼatan,

    Xazonning taqdiri, soʻnggi shovqini.

    Koʻzimga koʻrinar umrim qaytadan,

    Garchi surmakdaman bahor shavqini.

    Garchand yigit yoshim yashnab tursa ham,

    Keksalik qismatin oʻylayman shu dam.

    Naqadar boldek totli misralar! Xazonning taqdiri shoir xayolida shovqin solayapti. Shoir shovqinda emas, bahor shavqida umrining qaytadan haddi-hisobini oʻlchayapti. Nega yana yigit yoshi yashnab tursa ham, keksalik qismatini oʻylayapti? Keksalikda qalb navqironligini saqlab qolish har kimning ham chekiga tushavermaydi. Hayot charxida charxlanaverib, jismoniy va ruhiy quvvatiga darz ketgan kishi dunyo malomati yukidan qalb majruhligiga yoʻliqishi baʼzan tasavvurimizga kelavermaydi. Ana shunday damda...

    Shu dam tuygʻularga toʻladi koʻnglim,

    Titrab tarashlayman qalamim uchin.

    Tong ham yorishadi, ey mening umrim,

    Bunchalar tezlikda chopasan nechun?

    Xazonlar shoshadi, shoshaman men ham,

    Doʻstim, huzurimga shoshib kel sen ham!

    Xazon inson umrini qadam-baqadam taʼqibga oladi. Umrning tezobligi xazon shoshqaloqligiga oʻzaro kesishmaydigan chiziq tortadi. Bular qandaydir butunlikning maʼlum ehtiyot qismlarga ehtiyojini oshiradi. Bu texnik taʼrif emas. Shoirning titrab qalam tarashlashida ham yashashga chorlov bor. Chorlovdan hikmat tugʻilayapti. Shoir oʻz qalb kechinmalari orqali davr ruhining mahzunligini aniq chizgilarga jo qila olgan. Abdulla Orif ushbu sheʼrni 21 yoshida bitgan. Bu– shoirda tugʻma isteʼdodning belgisi. Bu yoʻlda necha koʻylak yirtib, qush qoʻnmas mushtdek “tepalik”ka erisholmaganlarning soni mingta. Savqi tabiiylikning qudrati ham shunda-da! Ha, noyob isteʼdodlar hamisha, har davrda barmoq bilan sanaguday darajada kamyob uchragan.

    Belinskiydan ranjimagan holda chin shoirni haqiqiy faylasuf deb atagim keladi. Pifagor shoirlikning uch qutbi, yaʼni bastakor, rassom va faylasuf umumlashmasidan mavjudligini eramizdan avvalgi asrlarda inkishof etgan edi. Mana shu nuqtayi nazardan qaraganda, muhim uch qutb Abdulla Oripov ijodida yagona nuqtada birlashgan. Lekin insoniyat kechmishida shunday bir davr boʻldiki, shoir sheʼriyatida kuy sehri, musavvir moʻjizakorligi, donishmand zakovati barobar oʻzi yashayotgan davrning farzandi ekani haqidagi eng toʻgʻri haqiqat ham oʻz aksini topmogʻi lozim edi. Abdulla Oripov sheʼriyatidagi “bu beshafqat haqiqat barchamiz dunyoda yagona Vatan — Oʻzbekiston farzandlari ekanligimiz” butun-butun avlodlarni “tarbiyaladi”. Shu oʻrinda yaqqol aytish shartki, maʼnaviy-ruhiy zamonida ham Abdulla Oripov sheʼriyati inson manzaralarining mohir naqqoshi sifatida adabiyotga tamal toshini qoʻydi. Vatan va insonga muhabbat tuygʻusi oliy maqom koʻrinishini oldi. Har bir yurtning tabiati tilsimotdir. Turfa moʻjizalar kuyiga hamohang. Shoir insonni dunyoga shamoldek kelib, shundoq ketishini anglagan holda oʻzining boqiy kamolini oʻz sheʼriyatida oldin koʻra bildi.

    Qancha shamollarga yuzimni burdim,

    Ulardan esdilar turfa xil nafas.

    Ularda goh qaygʻu, goh shodlik koʻrdim,

    Toʻxtamay oʻtdilar bari ham birpas...

    Faqat qaygʻulardan sen oʻzing xoli,

    O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

    Shoir sheʼriyatida inson iztirobi rangin tashbehlarda toblandi, cheksiz farogʻat baxshida etguvchi hikmatlarda yuksak joziba kasb etdi. “Yellar ham uygʻondi ishqalab kaftin”, “Uvada kamzulda billur tugmaday, Bulutlar ortidan boqadi yulduz”, “Minorlar emas bu – falakka qasam”, “Choʻntakdan toʻkilgan tangalar misol, Shuʼlalar oʻynaydi supa uchida”, “Borliq ham misoli oʻychan musavvir – Naqsh etmish derazang uzra savollar” kabi shaffof misralarda qalb goʻzalligi, hayotga tashnalik, insoniyatga rahnamolik, Koinot tartibotini buzishga urinuvchi yovuz kuchlarga qarshi kurash, nafosat va fasohat chamanlariga mushtaraklik tuygʻusini ulugʻlashni har bir sheʼrda uchratasiz va hayrat girdobiga choʻmasiz.

    Abdulla Oripov sheʼriyatidagi muhabbat mavzusi shunchalar keng qamrovliki, unda ilohiy muhabbat bilan insoniy muhabbat oʻrtasidagi qizil chiziqni topolmaysiz. Aslida ham inson qalbidagi muhabbatda ham ana shu ikki buyuk tuygʻu oʻzaro bir-birini toʻldirib yashaydi. Bu esa shoir sheʼriyatining abadiyligini taʼmin etadigan dunyoviy-diniy mohiyat unsurlaridan biridir. Tillarda doston boʻlgan “Birinchi muhabbatim” sheʼri kuyga solinib qoʻshiq tarzida ijro etilishida emas, shundoq oʻqilganda ham yuragimizni tebratadi. Ruhimizda sokin uygʻongan maʼyuslik xotira goʻzalligi, sogʻinch hissi, hayrat moʻjizasiga oshno etishi bilan umrimiz obodligi insoniy muhabbat bilan bardavom ekanidan farogʻat tuyamiz.

    Abdulla Oripov sheʼriyati haqida fikr yuritish bizni bashar mavjudligining sirli-sinoatli, jozib va tilsimli dunyosiga boshlab boradi. Bu izlanishda inson hayotiga tegishli qalb va tafakkur, xayol va tasavvur, idrok va zakovat dunyosining eng teran jihatlari bilan roʻbaroʻ kelasiz. Zero, bu sheʼriyat–hayot mayogʻi boʻlib, abadiyatdan sado ekanligini yanada chuqurroq his etasiz va quvonasiz!

    Shoir sheʼriyati Sharq donishmandchiligi bulogʻidan suv ichganki, ayniqsa, umrining soʻnggi yillarida yozgan falsafiy sheʼrlari soʻz sanʼatining inju durlari bilan sayqallanganidan bevosita burgutday havolanasiz, yuksaklikdan boqib cheksizlikni qalbingizga jo etasiz. Vatanga muhabbat tuygʻusi shunchalar ulugʻvor ekanidan moʻjizaga toʻyinasiz.

    Baʼzida achchiq kesatiq, shirin istehzo, pichingli kinoya bilan zarhallangan satrlar yurakni tebratadi, koʻzda qotgan tabassum shuʼlalanadi. “Vatan” sheʼrini oʻqisangiz ruhlanasiz, vatansizlikning mudhish koʻrinishini anglaysiz va oʻz vataningizda erkin yashayotganingizdan shukronalar aytasiz.

    Vatan nimadir deb yurgandan koʻra,

    Esingni bir joyga yigʻib ol, joʻra.

    Dunyoda ibratli darsxonalar koʻp,

    Vatanni sen vatangadodan soʻra.

    Uning har bir sheʼri, aql va idrokning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanib chuqur tahlil qilinganda, ana shu sir va sinoatni sizning koʻz oʻngingizda oʻzini namoyon etadi.

    Zero, Abdulla Oripovni shunchaki tasavvur kuchi bilan kashf etamiz, desangiz, adashmaysizu, lekin oʻrtahol tahlil va talqinlarga roʻbaroʻ kelaverasiz. Bugungacha, bu ulugʻ shoir ijodi haqidagi tadqiqotlarning deyarli juda katta qismi ana shu tasavvur mevalaridir.

    Eng muhimi, bu yerda qiziq bir parodoks bor; aslida bu talablar Abdulla Oripov ijodini jon qadar yaxshi koʻradigan oddiy kitobxonlar va shoirning muxlislari uchun zarra qizigʻi yoʻq. Ular hech bir anglamlarsiz ham shoir ijodini yuksak bir mehr bilan qadrlaydi. Lekin buyuk bir xalqning buyuk bir shoiri ijodining muazzamligini anglamaslik, shu xalqning oʻzligini anglamaslik bilan tengdir.

    Abdulla Oripov sheʼriyati —mangulikning billur toji. Bu toj Allohdan shoirga tuhfa etilgani bilan ham favqulodda hodisa va bekaram siylov desak, yanglishmaymiz.

    Oʻroz HAYDAR, shoir