Motorola kompaniyasida ishlagan Martin Kuper 1973-yil 3-aprelda dunyodagi ilk mobil telefon qo'ng'irog'ini amalga oshirdi. U raqobatchi Bell Laboratories kompaniyasi rahbari bo'lgan tanishi Joel Engelga qo'ng'iroq qildi.
Birinchi “uyali telefon” Motorola DynaTAC 8000X deb nomlangan. Qurilmaning og'irligi deyarli bir kilogramm bo'lib, batareya quvvati yarim soatlik suhbatga ham yetmasdi, telefonni quvvatlantirish uchun 10 soat vaqt sarflangan.
Kuperning so'zlariga ko'ra, birinchi mobil telefonlar arzon emas edi – narxi taxminan 5000 dollar bo'lgan.
Kuperning fikricha, mobil telefonlar odamlar hayotini yaxshilashda davom etmoqda. Mutaxassisning fikricha, bu borada insoniyat bu jarayonning faqat boshida turibdi. “Biz endigina bu kashfiyot biz uchun nima qilib bera olishi mumkinligini tushuna boshlayapmiz”, dedi Kuper.
“Kelajakda biz mobil telefon ta'lim sohasida inqilob qilishini kutishimiz mumkin, u sog'liqni saqlash sohasida inqilob qiladi. Bilaman, bu mubolag'a bo'lib tuyuladi, lekin shuni bilishingizni istardimki, bir yoki ikki avloddan keyin biz ushbu texnologiyalar yordamida kasallikni yengamiz. Bir kun kelib telefonlar tanaga ulangan datchiklar majmuasiga ulanadi, ular xavfli kasalliklar paydo bo'lishidan oldin ularni aniqlaydi”, – deya ishonch bildirdi ekspert.









