2022 yil Xirurgiya markazida qanday turdagi yangi va murakkab jarrohlik amaliyotlari yo'lga qo'yildi?

    Salomatlik 2 Oktabr 2022 4393

    Xirurgiya — zamonaviy tibbiyotning eng muhim yo'nalishi. Oxirgi yillar dunyoda raqamli texnologiyalarning  taraqqiy etishi, kam invaziv va murakkab jarrohlik amaliyotlarining keng qo'llanilishi ushbu sohada butunlay yangi davrni boshlab berdi.

    Eng muhimi, mazkur yo'nalishdagi eng ilg'or innovatsion texnologiyalarni yurtimiz tibbiyotida ham joriy etishga katta e'tibor qaratilyapti. Jumladan, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ayni paytda mahalliy mutaxassislar tomonidan ko'plab murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarilib, o'ta og'ir bemorlarning to'laqonli hayotga qaytishiga, dardidan shifo topishiga imkon yaratilmoqda.

    — Markazimiz faoliyat yo'nalishi barcha turdagi xirurgik kasalliklar, jumladan abdominal, yurak-qon tomir, o'pka va ko'ks oralig'i xastaliklarini o'z ichiga oladi, — deydi markaz direktori Saidmurod Ismailov. — Ayni paytda muassasada 324 turdagi kam invaziv yuqori texnologik operatsiyalar o'tkazilyapti. e'tiborlisi, ushbu amaliyotlarning 230 tasi noyob yuqori texnologik operatsiyalar turiga kiradi.

    Yana bir muhim yangilik. Joriy yil yurtimizda ilk bor markazning endoviziual xirurgiya bo'limida 2 turda — laparoskopik usulda me'da osti bezi insulinomasini enukleatsiyasi hamda me'daning proksimal qismi o'smasida gastrektomiya amaliyotlarini bajarish yo'lga qo'yildi.

    Shuningdek, rentgenendovaskulyar xirurgiya bo'limida endovaskulyar usulda bo'lmachalararo to'siqni bartaraf etish amaliyoti muvaffaqiyatli o'tkazilib, 2022 yilning o'zida 11 turdagi yangi operatsiya usullari amaliyotga tatbiq etildi.

    Bundan tashqari, bemorlar uchun yanada qulaylik yaratish hamda ehtiyojdan kelib chiqib, markazda 3 ta yurak tug'ma nuqsonlari bo'limi ochildi. Shu bilan birga, 1 va 2-sonli gepatobiliyar xirurgiya va jigar transplantatsiyasi bo'limlari tashkil etildi. Bu esa markazga murojaat qilgan ko'plab og'ir bemorlarning o'z salomatliklarini tiklashiga imkon yaratmoqda.

    Qolaversa, 2022 yil muassasada Inson a'zolari va to'qimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi tashkil etilib, zarur asbob-uskunlar xarid qilindi. Ayniqsa, markaz negizida Toshkent tibbiyot akademiyasining ”Xirurgiya va transplantologiya” kafedrasi faoliyatining yo'lga qo'yilishi sohada etuk va malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.