Davlatimiz rahbari joriy yil 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda aholi salomatligini taʼminlash bilan bogʻliq 85 foiz muammolarni birlamchi tibbiyot muassasalarida hal qiladigan tizim yaratilishini taʼkidlagan edi.
Shundan soʻng Prezidentimizning tegishli qarori asosida oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va koʻp tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar tibbiy xizmatlar koʻrsatish vaqti 13:00 dan 20:00 gacha uzaytirildi. Xoʻsh, ana shu yangi mexanizm oʻtgan qisqa davrda qanday amaliy natijalar berdi?
Joriy yil 9 oy yakunlari tahliliga koʻra, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida 19,5 mingta kunduzgi shifo oʻrni tashkil qilinib, ular ish faoliyati 20:00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 milliontaga yetdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 millionta koʻp koʻrsatkichdir.
Kunduzgi statsionarlarda 740 ming nafar bemorga oilasidan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratildi va natijada shifoxonalarga murojaatlar 947 mingta, yaʼni 11,6 foizga kamaydi. Tibbiy brigadalar tomonidan 6,7 million nafar aholi vakili yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet hamda 2,1 million nafar ayol saratonni erta aniqlashga qaratilgan skrining tekshiruvlaridan oʻtkazildi.
Yil yakunigacha, yana 3,6 million nafar yurtdoshimizda yurak-qon tomir va qandli diabet kasalligi hamda poliklinikalarda tashkil qilingan onkonazorat xonalari orqali 830 ming nafar ayolda saratonni erta aniqlashga doir skrininglar amalga oshiriladi. Buning uchun Yaponiyaning “FUJI” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 15 ta mobil mammograf xarid qilingan boʻlib, oktyabr oyida joylarga yetkazib beriladi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida alohida “Call-markaz” hamda “Onko-registr” tizimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, birlamchi tibbiyot muassasalari 31 million dollarlik 820 tadan UTT va EKG uskunalari hamda stomatologik, ginekologik va xirurgik jamlanmalar bilan taʼminlandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati









