ChatGPT rahbari nima uchun ishdan olindi yoki sunʼiy intellekt xavflimi?

    Raqamlashtirish 29 Noyabr 2023 3925

    Oʻtgan hafta ChatGPT botini ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi direktorining ishdan olinishi yuqori texnologiyalar olamini junbishga keltirdi. Chunki janjal jiddiy savollarni kun tartibiga olib chiqdi:

    Oʻtgan hafta ChatGPT botini ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi direktorining ishdan olinishi yuqori texnologiyalar olamini junbishga keltirdi. Chunki janjal jiddiy savollarni kun tartibiga olib chiqdi: Sunʼiy intellekt kelajakda insoniyatga zarar keltirishi mumkinmi? U rivojlanishda qayergacha boradi? Inson uni qanday nazorat qila oladi?

    Janjal tarixi

    Avvaliga Direktorlar kengashi kutilmaganda kompaniya bosh direktori Sem Altmanni vazifasidan ozod etdi. Sabab – “ishonchning yoʻqolishi”.

    Ammo uch kundan keyin Altman lavozimiga qaytdi. Chunki uning ishdan olinishi kompaniya xodimlarining aksari tomonidan norozilik bilan qarshi olindi va 770 xodimdan 700 nafari ishdan boʻshab ketish haqida ariza yozdi. ChatGPT ni yaratgan shunday katta jamoaning oltinboshlari birdaniga ishdan ketishi – bu katta muammo. Buning ustiga OpenAI ning eng katta investori Microsoft ham Altmanni qoʻlladi.

    Bu ketishda sunʼiy intellekt qayergacha boradi?

    Boʻshatilgan bosh direktor oʻz vazifasiga qaytar ekan kompaniya boshqaruv kengashidagi aksar direktorlar ishdan olindi. Ularning oʻrniga yangi menejerlar, xususan, AQSHning sobiq moliya vaziri Larri Simmers keldi.

    Ekspertlar fikricha, ushbu bir necha kunlik talotoʻplar nafaqat kompaniyaga, balki umuman sunʼiy intellekt sanoatiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Yaʼni bir qancha muhim savollar koʻndalang chiqdi:

    · sunʼiy intellekt (SI) rivojlanib ketsa nima boʻladi?

    · biznes manfaatlari va insonparvarlik maqsadlari oʻzaro toʻqnash kelsa, SI ishlab chiqaruvchilar qaysi birini tanlashadi?

    · bu kuchli texnologiyalar kichik bir guruhning qoʻlida jamlanishi qanday oqibatlarga olib keladi? Ular oʻzaro urishib qolishsa, nima boʻladi?

    Bir paytlar Openheymer yadro bombasini yaratish ustida ishlaganida, shunday umuminsoniy va axloqiy dilemmalar qarshisida turganini bilamiz. SI yadro bombasidan ham kuchliroq deyishmoqda. Buning ertasi nima boʻladi, qanday yutuq va xavflarni olib keladi?

    “Kuchli SI ishlab chiqqan odamlar hozirda uning uch kundan keyin qanday oqibatlarni yuzaga keltirishini baholay olmaydilar” – Varshava universitetining kvant fizikasi boʻyicha professori Andjey Dragan Tvitter (X) sahifasida shunday deb yozdi.

    ChatGPT tijoriy loyihami yoki ijtimoiy?

    Kulrang tusli sviterlar muxlisi, 38 yoshli Altman SI-inqilobning yuzi sifatida tanildi, ChatGPTning muvaffaqiyatini ham bevosita uning nomi bilan bogʻlashadi.

    ChatGPT – bundan bir yil avval, 2022-yilning noyabrida internetda paydo boʻlgan bot. U savollarga qatʼiy javob beradi, sheʼr yozadi, musiqa bastalaydi, kompyuter kodlarini yaratadi va yana koʻplab ishlar qiladi. Shu yil noyabrning boshida Alman ChatGPTdan haftasiga 100 mln odam foydalanayotganini maʼlum qildi.

    Foydalanuvchilar va investorlar ChatGPT dan rozi, uning rivojlanishini istashadi. Biroq mutaxassislar va siyosatchilar SIning istiqbolini oʻylab bir seskanib olishdi va SI sanoatini huquqiy tartibga solish lozimligi haqida bong ura boshlashdi.

    Altmanning oʻzi ham SI sohasida tartibga soluvchi qonunlar ishlab chiqilishi lozimligini gapirib keladi.

    “Ushbu texnologiyaning afzalliklari xavfidan koʻra koʻproq boʻlsa ham, ularning xavfsizligini taʼminlash muhim deb hisoblaymiz” degan u may oyida AQSH senatida soʻzlagan nutqida.

    Mutaxassislar SI tufayli yolgʻon axborot va propaganda tizginsiz, cheksiz tarqalishidan, mehnat bozorida ishsizlik koʻpayishidan, hatto mashinalar taraqqiyotning tizginini qoʻlga olishidan xavotir bildirishmoqda.

    Ayniqsa, texnokompaniyalarning inson intellektining oʻrnini bosa oladigan “umumiy foydalanish uchun” degan yoʻnalishga alohida qiziqish bildirayotgani xavotirlarni kuchaytiryapti.

    OpenAI ning gʻalati tizimi

    Altman Ilon Mask bilan hamkorlikda OpenAI ga asos solgan vaqtda kompaniya notijorat tashkilot edi. Altman tashkilotini “raqamli intellektni insoniyat foydasi uchun ishlatish” shiori ostida taʼsis etgan, moliyaviy foyda koʻrishni maqsad qilmayman degan edi.

    Biroq keyinroq maʼlum boʻldiki, SI-tizimlari ishlashi uchun juda katta va kuchli, qimmat hisoblash texnikalari zarur.

    Shuning uchun 2019-yili OpenAI oʻzining tijorat qanotini ishga tushirdi. Bu esa kompaniyadagi koʻpchilikning noroziligiga sabab boʻldi. Goʻyoki yuksak ideallar tagida oxir oqibat baribir moddiy foyda koʻrish turgandek edi. Shu sababli ayrim mutaxassislar va menejerlar, xususan, Ilon Mask ham kompaniyani tark etdi.

    Kompaniyaga asosiy investor sifatida Microsoft sahnaga chiqdi. U milliardlab investitsiya evaziga kompaniyaning 49 foizini sotib oldi.

    OpenAI oʻzining avval boshdagi insonparvarlik maqsadiga sodiq qolishi uchun Altman uning ichida gʻayrioddiy korporativ tuzilmani tashkil qildi: kichik notijorat Direktorlar kengashi tijorat boʻlimi ustidan nazorat olib boradigan boʻldi.

    “Direktorlar kengashi meni boʻshatib yuborishi mumkin, men buni muhim deb hisoblayman”, degandi Altman Bloomberg nashriga iyun oyida.

    Altmanni nega boʻshatishdi?

    Direktorlar kengashi rostan ham Altmanni boʻshatib yubordi. Bu xabarni eshitganida Altman Las Vegasda “Formula-1” poygalarini tomosha qilib yurgan edi. Har holda Wall Street Journal shunday yozdi.

    Direktorlar kengashiga koʻra, Altman “Kengash bilan shaffof ishlashda yetarli darajada halollik qilmagan”. Boshqa izoh berilmadi.

    Kompaniya xodimlari qanchalik qatʼiy talab qilishmasin, Direktorlar kengashi boshqa lom-mim demadi. Wall Street Journalga koʻra, kengash yuridik sabablarga koʻra, javob berishdan bosh tortgan.

    Taxminlarga koʻra, kompaniyaning sunʼiy intellektni biznesga aylantirish siyosati avj olayotgani sabab direktorlar kengashida eʼtirozlar koʻpaygan. Yaʼni kengash SIning pul uchun insoniyatga zarar yetkazadigan tomonga qarab rivojlanib ketishidan xavotirda. Chunki janjal oldidan kompaniya aksiyalarini investorlarga sotmoqchi, bu orqali tashkilot narxini 89 mlrd dollarga koʻtarmoqchi boʻlgan.

    Biroq janjaldan soʻng kompaniyaga rahbar etib tayinlangan Emmet Shir ushbu taxminlarni rad etdi, Altmanning ishdan boʻshatilishi SIning xavfsizligi bilan bogʻliq emas, Altman SI boʻyicha ishlanmalarni shaxsiy manfaatlari yoʻlida ishlatmoqchi boʻlmagan dedi.

    Sunʼiy intellekt kuchayib ketishidan nima uchun qoʻrqishadi?

    Oʻtgan payshanba Reuters kompaniyaning ikki xodimiga tayanib qiziq maʼlumot tarqatdi. Unga koʻra, OpenAI xodimlari yanada kuchli SI ustida ishlayotganlaridan Direktorlar kengashi xavotirga tushgan. Chunki kompaniyaning bir necha xodimlari bu yaxshilikka olib kelmasligi haqida Kengashga maktub yozishgan.

    Ushbu yangi SI tashqi olam bilan oʻzi mustaqil aloqa oʻrnatib maʼlumot yigʻadi va ayrim tijoriy masalalarni odamlardan yaxshiroq yecha oladi. Bu esa mustaqil, juda tez oʻylaydigan va real jarayonlarga taʼsir koʻrsata oladigan, biroq inson kabi axloqiy tushunchalardan yiroq mashina degani. Qoʻrqinchli a?

    Altmanning oʻzi ham yaqinda Osiyo-Tinch okeani forumidagi nutqida SIning katta yutuqlari va porloq istiqboli haqida gapira turib mustaqil ishlay oladigan sunʼiy intellekt haqida ilmoqli gaplar qilgandi.

    Reutersga koʻra, xodimlarning yuqorida tilga olingan xavotirli maktubi Direktorlar kengashining Altmanni boʻshatish haqidagi qaroriga sabab boʻlgan. Biroq kompaniya bu xabarga hech qanday munosabat bildirmadi.

    Har nima boʻlganda ham, Almanning OpenAI rahbarligidan boʻshatilishi va uch kunda lavozimga qayta tiklanishi sunʼiy intellekt texnologiyalarining insonlar uchun xavfi masalasini kun tartibiga olib chiqqani bilan ahamiyatli.