“Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokama etildi

    Biznes 5 Fevral 2024 1475

    Joriy yil 5-fevralda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi muhokama etildi.

    Majlisda senatorlar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyiha “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilganiga urgʻu berdi.

    Xususan, Davlat dasturining “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash” yoʻnalishi doirasida yalpi ichki mahsulot oʻsish surʼatini 6 foizdan kam boʻlmagan darajada, investitsiyalarni esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz boʻlishini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida 18 milliard dollarlik 309 ta yirik loyihani ishga tushirish belgilangan.

    Shuningdek, iqtisodiyotga 275 trillion soʻm kredit resurslarini yoʻnaltirish, shu jumladan, 41 trillion soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash, banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

    Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shugʻullanishga qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

    “Yosh tadbirkor” tanlovi asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va gʻoyalari saralanishi, respublika bosqichida saralashdan oʻtgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilishi va kredit stavkasining 50 foizi qoplab berilishi, gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi ham koʻzda tutilyapti.

    Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omili sifatida biznes uchun yana-da qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturi” doirasida kompleks qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali kamida 200 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, 90 mingta korxona va 110 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini taʼminlash orqali 5 million aholining bandligi uchun zarur sharoitlar yaratilishi belgilangan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qizgʻin muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.