Toshkentda haydovchi mast holda uxlab qolgan yoʻlovchining nomiga 12 mln soʻmlik mikroqarz oldi – IIBB

    Ijtimoiy tarmoqlarda «Taksi haydovchisi mijozini narkotik modda qoʻshilgan suv berib, uyquga ketkazgan va uning nomiga mikroqarz rasmiylashtirdi« sarlavhasi ostida audioyozuv tarqaldi.

    Mazku xabar boʻyicha Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tezkor oʻrganish ishlari olib borildi, deb yozadi boshqarma matbuot xizmati.

    Maʼlum boʻlishicha, yoʻlovchi (ayol) oʻsha kuni mast holda taksiga oʻtirgan. Ayol taksi haydovchisiga yoʻnalishni koʻrsatib turishi uchun telefonini oʻz ixtiyori bilan bergan va uxlab qolgan.

    Shundan soʻng, haydovchi tanishi bilan ayolning nomiga onlayn mikroqarz rasmiylashtirib, pulni oʻz kartasiga oʻtkazib, bankomatdan yechib olgan.

    Hozirda gumonlanganlar qoʻlga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayolga yetkazilgan zarar toʻliq qoplandi.