Toshkent xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi oʻtkaziladi

    Harbiy 26 Sentabr 2024 493

    Bugun poytaxtimizda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasidagi “Toshkent-2024” xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi oʻz ishini boshladi.

    Unda hamkorlikka aʼzo davlatlar Mudofaa vazirliklari harbiy tibbiyot xizmati boshliqlari va yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

    Yuqori martabali mehmonlar dastlab Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

    Shundan soʻng Qurolli Kuchlar akademiyasida xalqaro konferensiya qatnashchilari ishtirokida amaliy muzokaralar tizimidagi yigʻilish boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Hamdoʻstlik davlatlari mudofaa vazirliklari harbiy tibbiyot xizmati boshliqlari va yetakchi mutaxassislari kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

    Eslatib oʻtamiz Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasidagi “Toshkent-2024” xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi uch kun davom etadi va uning doirasidan qator amaliy tadbirlar ham oʻrin olgan. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining tajribali shifokorlari ishtirokidagi oʻndan ortiq master-klass jarrohlik amaliyotlari shular jumlasidandir. Shuningdek Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushi davrida butunittifoq miqyosida faoliyat olib borgan tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishadi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.