Toshkent Oʻzbekiston-Hindiston biznes-forumiga mezbonlik qildi

    Biznes 28 Sentabr 2024 480

    Joriy yil 27-sentyabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xojayev hamda Hindiston moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitharaman hamraisligida Oʻzbekiston-Hindiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Shohrux Gulamov, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, transport va logistika sohalaridagi 100 ga yaqin yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Forum ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan chiqqan Jamshid Xojayev Hindiston tomoniga delegatsiyaning nufuzli tarkibi uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu Forum ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Hindiston tomoni bilan oʻzaro hamkorlik hajmi izchil ortib borayotgani qayd etildi. Shu tariqa, soʻnggi besh yil ichida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar ortib, 2023-yil oxiriga kelib qariyb 800 million dollarga yetdi. Yil boshidan buyon bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshib, 600 million dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 317 kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

    Maʼruzachi mamlakatimizda yaratilgan investitsiya muhitining bir qator amaliy jihatlari, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari, investorlar huquqlarini himoya qilish, raqamlashtirish, rivojlangan infratuzilma, Yevropa Ittifoqi, MDH va boshqa mintaqalar bozorlariga imtiyozli eksport qilish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi.

    Forum doirasida B2B formatida uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻz hamkasblari bilan oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish rejalarini atroflicha muhokama qildilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbir soʻngida “Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida”gi hukumatlararo bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.