Suv narxlarining oshishi tejamkorlikka o'rgatadimi?

    Mutaxassis, ichimlik suv narxlari turli hududlarda turlicha ekaniga izoh berdi.

    Tahlillarga ko'ra, tomchilab turgan jo'mrakdan 1 sutkada 75 litrgacha suv behuda oqib ketadi. Atigi 12 komplekt idish-tovoq yuvish uchun esa 80—90 litr suv talab qilinadi. Kun davomidagi boshqa ehtiyojlarimiz uchun ham bir necha o'n litrlab suv sarflaymiz. Ammo bir kun suv o'chib qolgudek bo'lsa, zaxiradagi har tomchi suvni tejashga, asrab ishlatishga tushib qolamiz. Zaxiradagi suv ham tugab qolsaku, dunyo ko'zimizga tor bo'lib ketadi.

    Nima uchundir tejamkorlikka o'tishimiz uchun o'sha ne'matning tamom bo'lishi, kerak vaqtda topolmay qolishimizni kutamiz. Yoki bizdagi bor narsalar hech qachon tugamaydigandek, bemalolmiz. Ammo har narsaning, hatto, tabiat ne'matlarining ham oxiri bor. Biz yer qaridan beminnat chiqib kelaveradi, deb hisoblagan suv zaxiralari tobora kamayib bormoqda. Sayyoramizda 2 milliardga yaqin kishi toza suv ichish imkoniyatidan mahrum. Dunyoning 17 mamlakatida suv tanqisligi, allaqachon, eng yuqori darajaga etgan. Bir vaqtlar neft va uglevodorod zaxiralariga ega davlatlar jahon siyosiy “atmosferasini” belgilashi e'tirof etilgan bo'lsa, hozirgi rivojlanish tendensiyasi undan ham muhimroq resurs borligini ko'rsatmoqda — bu o'rnini hech narsa bosa olmaydigan ichimlik suv manbaalaridir.

    Mamlakatimizda ham ichimlik suv muammosi yo'q emas. Yanada jiddiyroq masala esa aholining ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi. Xo'sh, bu borada yurtimizdagi vaziyat qanday? Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yirik loyihalar qanchalik natija beryapti? Aholining ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi necha foizga etdi? Mamlakatimizda ichimlik suv etib bormagan hududlar ham bormi? Shu kabi dolzarb savollar bilan “O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Dilshod AZIMOVga yuzlandik.

    — Suv — bu obihayot. Ushbu ne'mat bo'lmagan joyda hayot ham, tiriklik ham bo'lmaydi. Ammo toza ichimlik suv bormaydigan yoki yetkazib berishning imkoni bo'lmagan hududlar boshqa masala. Shunga ko'ra, mamlakatimizda suv yetib bormagan joyning o'zi yo'q. Faqat ichimlik suv markazlashgan holda ta'minlanmagan hududlar bor. Bunday hududlar aholisi suvni muqobil manbalar, xususan, buloqlar, quduqlar, kachalkalar, soylardan iste'mol qiladi. Qolaversa, ayni paytda markazlashgan ichimlik suv ta'minotiga ega bo'lmagan joylarda yashovchi 2,8 million aholiga maxsus suv tashish texnikalari orqali ichimlik suv etkazib berilmoqda. Bu, albatta, toza ichimlik suv ta'minoti sohasida hali qilinadigan ishlarning ko'pligidan dalolat.

    Masalaning boshqa tomoni ham bor. Yurtimizda ichimlik suvning 60 foizi yer osti, 40 foizi yer usti suv manbalaridan olinadi. Ularni tozalab, aholiga yetkazish doim eng dolzarb masalalardan bo'lgan. Ammo ayrim hududlarda markazlashgan ichimlik suv ta'minotini yo'lga qo'yishning geografik jihatdan imkoni yo'q. Shu bois, markazlashgan suv tarmog'i yo'q mahallalardagi imkoniyatlar o'rganilib, uch xil yo'nalishda ishni tashkil etish belgilangan. Ya'ni, infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortish, yer osti suvi yaqin va toza bo'lgan joylarda quduq qazib, suv inshooti qurish, quduq qazish hamda quvur tortish imkoni bo'lmagan qishloqlarda aholi suv tashib kelishi uchun katta sig'imli hovuzlar barpo etish ishlari olib boriladi.

    Biroq mavjud kamchiliklarga qaramay, oldimizda turgan asosiy vazifa baribir, yurtimiz aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minganlik darajasini 100 foizga etkazishdan iborat. Bu bosqichma-bosqich bajariladigan jarayon bo'lib, ayni vaqtda mazkur ko'rsatkich 77,2 foizni tashkil etyapti. Yetti yil oldingi bilan solishtirganda, salkam 14 foizga o'sish kuzatildi. Bu eng yuqori natija bo'lmasada, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ajratilayotgan mablag'lar salmog'i yildan yilga ortib, avvalgi davrlarga nisbatan 5-6 barobar ko'p ekani ko'zga tashlanadi. Birgina 2023-yilda ushbu yo'nalishdagi barcha dasturlar doirasida byudjetdan 5,4 trillion so'm mablag' ajratilgan. Buning hisobiga 2 ming 598 ta obyektda 11 ming 207 kilometr ichimlik va 593 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, 1 ming 740 ta ichimlik suv va oqova suv inshootlari qurildi hamda rekonstruktsiya qilindi. Natijada, 2 mingdan ortiq mahalladagi 1,1 million nafar aholi xonadoniga ilk bor toza ichimlik suv kirib bordi, 2,5 million nafar aholining ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi.

    Joriy yilda yurtimiz aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 81 foizga etkazilishi rejalashtirilgan. Bu albatta, qo'shimcha mablag', yangi loyihalarni talab etadi. Rejada ko'plab investitsion loyihalar bor. Jumladan, Investitsiya dasturiga ko'ra, 1,3 trillion so'm byudjet mablag'lari hisobiga 1,3 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 75 ta inshootda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Ichimlik suv qamrovi darajasi past bo'lgan 30 ta tumanda 459 kilometr tarmoq hamda 24 ta ichimlik va oqova suv inshootlari quriladi. Belgilangan loyihalar yil boshidan buyon birin-ketin amalga oshirib kelinyapti. Bunda e'tibor nafaqat suv ta'minoti, balki ichimlik suv sifati va sanitariya-gigiena sharoitlarini ta'minlashga ham qaratilgan. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan “Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirishning 2024—2026-yillarga mo'ljallangan dastur”lari ham belgilangan.

    O'rganishlar asnosida suv ta'minoti og'ir ahvolda bo'lgan 813 ta mahalla aniqlangan. Joriy yilda davlat byudjeti mablag'lari hisobidan 83 ta mahalla va qator aholi punktlarida suv ta'minoti va kanalizatsiya bo'yicha 76 ta loyiha amalga oshiriladi. Ularning umumiy qiymati 6,8 trillion so'm bo'lib, loyihalarning 67 tasini shu yili topshirishni rejalashtirganmiz.

    Sohaga investitsiyalarni ko'proq jalb etish, nafaqat moliyaviy, balki xalqaro tajriba, yangi loyihalar, innovatsion texnologiyalarning kirib kelishi jihatidan ham ijobiy samaradorlikka ega. Jarayonda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsion loyihalarning ulushi va ahamiyati, ayniqsa, yuqori. Hozirgi vaqtda bu borada 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Saudiya taraqqiyot jamg'armasi kabi tashkilotlar bilan aloqalar o'rnatilgan. Hamkorlik munosabatlari sohada jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi yil sayin oshishida katta hissa bo'lib qo'shilyapti. Agar mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki 25 yilida sohada jami 892 million dollar investitsiya o'zlashtirilgan bo'lsa, so'nggi besh yilda bu raqam 700 million dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

    Ayni vaqtda qiymati 2,4 milliard dollarlik 25 ta loyihani amalga oshirish ishlari avjida. Ularning orasida Osiyo Taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi “Jizzax shahar oqova suv tizimini rekonstruktsiya qilish”, Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Sirdaryo viloyati Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va kengaytirish”, Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg'armalarining mablag'lari hisobidan “Samarqand viloyatining Qo'shrabod tumani ichimlik suv ta'minotini yaxshilash” kabi yirik loyihalar ko'p. Asosiysi, har bir loyihadan aniq maqsadlar ko'zlangan. Xususan, yil yakuni bilan 82 ta MFYda istiqomat qiluvchi 250,3 ming nafar aholining ichimlik suv ta'minoti hamda 26 ta MFYda istiqomat qiluvchi 103,2 ming nafar aholining oqova suv xizmatlari yaxshilanadi.

    Hozir ana shunday loyihalar amalga oshirilmayotgan hududlar yo'q hisobi. Birgina poytaxtimizga yaqin Toshkent viloyati misolida oladigan bo'lsak, o'tgan yili byudjetidan ajratilgan 851,2 milliard so'm mablag'lar hisobidan 492 ta ob'ektda jami 1 ming 878 kilometr tarmoq va 238 ta inshoot qurilib, 221 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Hududning markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 72,8 foizdan 79,4 foizga etkazildi. Quvonarlisi, 163 ta mahalladagi 214 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlandi. Toshkent tumanida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha shulardan biri. Loyihaning birinchi bosqichida 3 ta suv taqsimlash inshooti ishga tushirilib, tumanning 26 ta mahallasi, 214 ta ko'chasiga ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qarabsizki, tuman aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 78,9 foizdan 92 foizga yetdi. Hududdagi 152 ta xonadon ilk bor suv ta'minotiga ega bo'ldi. Loyiha ichiga kiritilgan mahallarda avval suv ta'minoti yer osti quduqlaridan olingan va jadval asosida ta'minlab kelingan. Odamlar yillar davomida ariqdan suv tashib, idishlarda tindirib ichishga majbur bo'lgan. Hatto, ellik yil bir joyda yashab, uyida suv tarmog'i tortilmagan kishilar ham bor. Endi esa aholi suv tashish uchun chelak ko'tarib sarson bo'lishiga hojat qolmadi, suv olish uchun xonadonidagi jo'mrakni burashi kifoya.

    — Ichimlik suvni olisdan olishga majbur bo'ladigan insonlar bu ne'matning qadriga ko'proq etishi, shubhasiz. Ammo oramizda “suv tekin”, degan iborani bevosita suvning o'ziga nisbatan ham qo'llaydigan, unga eng arzon vosita sifatida qarab, isrof qiladiganlar oz emas. O'tgan yildan mamlakatimizda suv ta'riflari narxlarining oshirilishi tejamkorlikka qaratilgan bir echimdek bo'ldi. Ammo narxlar turli hududlarda turlicha ekani qiziq. Bu nima bilan bog'liq?

    — Aslida, sayyoramizda havo va suvdan qimmatliroq ne'mat yo'q. Ya'ni, uning qiymatini hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydi. Afsuski, insoniyat o'z ta'siri orqali ana shu ne'matning kamayib borishi, taqchilligiga sabab bo'lyapti. Suv zaxiralarining yo'qolib borishi Yer yuzi uchun juda katta fojia ekanini tushunish qiyin emas. Bu haqida olimlar yillar davomida gapirib, bong urib kelgan bo'lsa, bugungi kunga kelib, insoniyat bevosita ana shu muammoga duch keldi va shu muammo bilan yashayapti.

    Sayyoramizning uchdan ikki qismi suvdan iborat bo'lishiga qaramay, atigi 3 foizini chuchuk suvlar tashkil etadi. Tahlillarga ko'ra, 1960-yillardan buyon Yer yuzida suvga bo'lgan talab ikki baravar ko'paygan. Bu aholi sonining ortishi, qishloq xo'jaligi va sanoatning rivojlanishi kabi ko'plab omillar bilan bog'liq. Ammo shunisi aniqki, suv tanqisligi oziq-ovqat xavfsizligiga sezilarli tahdid solmoqda, yaqin yillarda esa global muammo yanada jiddiy fojialarni keltirib chiqarishi mumkin. Ba'zi hisob-kitoblarga ko'ra, insoniyatnig chuchuk suv resurslaridan foydalanish sur'ati shu tarzda davom etsa, 2100-yillarga borib ishlatib bo'linadi va 2230-yillarda sayyoramiz suv zahiralari potensiali batamom tugaydi.

    Bir qarashda, bu shunchaki vahimali bashoratlardek ko'rinadi. Bir necha o'n yil oldin ham shunday fiklashimiz mumkin edi. Ammo bugungi global vaziyat har qanday sharoitga tayyor turishimiz kerakligini ko'rsatmoqda. Oldimizda turgan eng katta vazifa esa tabiiy resurslardan oqilona, tejamkor foydalanish, ularning muqobil manbalarini yaratish bo'lib turibdi. Bunday sharoitda keskin choralar ko'rishga ham to'g'ri keladi. Chunki ko'plab davlatlar qatori bizda ham suv tanqisligi xavfi yuqori.

    Yurtimizda jami 11 063 ta suv olish inshootlari mavjud. Ichimlik suvning asosiy zaxiralari esa Amudaryo va Sirdaryo daryolari hamda unga tutash yer osti chuchuk suv manbalari hisoblanadi. Mamlakatimizda ishlab chiqariladigan suvning 87 foizi qishloq xo'jaligida, 9 foizi energetika va baliqchilik uchun, qolgan 4 foizigina ichimlik suv uchun sarflanadi. Shunday sharoitda suvga nisbatan eng arzon vositalardan biri sifatida qarash chinakam fojia.

    Ammo suv tariflari narxlarini oshirishdan maqsad tejamkorlikni oshirishdangina iborat emas. Ushbu zaruratga bir qator omillar, jumladan, markazlashgan ichimlik suv tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovutning kattalashgani, narxga nisbatan ishlab chiqarish xarajatlarining yuqoriligi sabab bo'ldi. Gap shundaki, iste'molchilarga toza ichimlik suv yetkazib berish hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish bir qancha bosqichlarni, minglab xodimlar mehnatini talab etadi. Biz har kuni iste'mol qiladigan ichimlik suv bir nechta tozalash bosqichlaridan o'tmaguniga qadar xonadonlarga yo'naltirilmaydi. Buning o'z belgilangan talab va me'yorlari bor. Avvalo, suv havzalari va boshqa manbalardan olinadigan suv tozalash uchun suv inshootiga kelib tushadi. U erda suvga maxsus idishlarda zarur reagentlar bilan ishlov berilib, tindiriladi. Mayda zarrachalar suv tagiga cho'kkach, rangsizlantiriladi. So'ng birin-ketin zararsizlantirish, yumshatish, chuchuklashtirish va tiniqlashtirish jarayonlaridan o'tkaziladi. Ana shu murakkab bosqichlardan keyingina suv nasoslar yordamida tarmoqqa yuboriladi. Markazlashtirilgan ta'minot tizimidagi suv sifati suvning manba yuqori oqimidan to iste'molchi uyidagi jo'mraklarigacha bo'lgan harakati davomida kechayu kunduz nazorat qilinadi. Ushbu nazorat suvning maqbul organoleptik, kimyoviy va mikrobiologik xususiyatlarini baholashga imkon beradigan turli tadbirlar majmuasini o'z ichiga oladi va bularning har biri xarajatni talab qiladi.

    O'tgan yilgi tahlillarga ko'ra, yurtimiz bo'yicha o'rtacha 1 metr kub ichimlik suv ishlab chiqarish uchun 1 312 so'm, 1 metr kub oqova suv tozalash uchun 753 so'm sarflangan. Tariflar esa so'nggi 3 yildan buyon o'zgarmay kelayotgani natijasida o'rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 milliard so'm qoplanmasdan qolgan. Bu qo'shimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi, degani. Bundan tashqari, oxirgi uch yilda iste'molchilar soni 808 mingtaga oshgan. Demak, ularga ichimlik suv yetkazib berish yanada ko'proq mehnat va xarajat talab etadi. Masalan, suvni uzoq masofaga etkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi, bu ham katta xarajat. Qolaversa, tizimda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal ta'mirlash xarajatlari bor.

    Ichimlik suv ishlab chiqarish va etkazib berish xarajatlarining farqlanishi hisobiga, tariflar har bir viloyat hududlarida turlicha belgilangan. Misol uchun, Toshkent shahriga ichimlik suv “Bo'zsuv” kanali orqali, Andijon viloyatiga esa “Kampirovot” suv omboridan yer satxining farqi hisobiga o'zi oqar tarzida yetkazib beriladi. Navoiy iste'molchilari suv ta'minotining 70 foizdan ortig'i Samarqand viloyatidagi suv inshootidan ichimlik suv quvurlari orqali ta'minlanadi. Buning natijasida elektr energiya kamida 2 barobar ko'p sarf etiladi. Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz bo'yicha barcha hududlarda ichimlik va oqova suv tariflari qayta ko'rib chiqildi. Ayni paytda yurtimiz bo'ylab 1 metr kub ichimlik suvni yetkazib berish o'rtacha 2 300 so'mni, 1 metr kub oqova suv xizmatlarini ko'rsatish esa o'rtacha 1 300 so'mni tashkil etmoqda. Masalan, Toshkent shahrida ichimlik suv yetkazib berishda yer usti suvidan foydalanilgani va iste'molchilar zich joylashgani sababli 1 metr kub ichimlik suv narxi 1 400 so'mni tashkil etsa, Jizzax viloyatida ichimlik suv bir nechta suv ko'tarish inshootlari orqali etkazib berilishi hisobiga 1 metr kub uchun 4 000 so'm narx belgilangan.

    Umuman, ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish, tasdiqlash va amalga kiritish 2022-yil 22-iyulda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to'g'risida”gi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur qonunga asosan, suv ta'minoti korxonalari tomonidan shakllantirilgan takliflar jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilib, olingan xulosalar asosida tasdiqlanadi.

    — Kunlar isishi bilan hovlilarda yashaydigan odamlar suvdan mashina yuvish, o'simliklarni sug'orish, yerlarni salqinlatish va boshqa maqsadsiz jarayonlarda bemalol foydalanib, ichimlik suvni uvol qiladi. Tejamkorlik haqida qancha gapirilmasin, targ'ibot qilinmasin, bunga befarq qaraydiganlar ko'p. Aksariyati, “pulini to'layapman, istalgancha foydalanaman”, degan qabilida ish tutadi. Ammo ichimlik suvni tejash umumilliy masala va unga barchamiz mas'ulmiz. Shu jihatdan, suvni behuda isrof qilganlar uchun qonunchiligimizda choralar belgilanganmi?

    — To'g'ri aytdingiz, suvni isrof qilish bu faqatgina shaxsiy masala emas. Bu qonunchiligimizda ham nazarda tutilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko'rsatish qoidalarini tasdiqlash to'g'risida”gi qarorining 96-bandida ichimlik suvni sug'orish va boshqa maqsadlarga ishlatish tartibi begilangan. Mazkur bandga ko'ra, ichimlik suvdan dov-daraxtlarni sug'orish maqsadlarida foydalanishga bir qator istisno holatlardagina yo'l qo'yiladi. Ya'ni, irrigatsiya suvi bo'lmaganda, ISKX tashkiloti quvvati mavjud bo'lganda va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlangan jadval bo'yicha — faqat tungi soat 00:00 dan soat 05:00 ga qadar foydalanish mumkin. Rasmiy ruxsatsiz yoki ko'rsatilgan vaqtdan tashqari sug'orilgan holatlarda, bir oyda foydalanilgan suv uchun to'lov — aholi iste'molchilari uchun suv sepish va sug'orish maydonining har 1 metr kvadrati uchun 15 litrdan hisob-kitob qilinadi.

    Tahlillarga ko'ra, ichimlik suvni isrof qilish holatlari asosan hisoblagich o'rnatilmagan iste'molchilar soniga to'g'ri keladi. Qonunchilikka asosan, suvni hisobga olish asbobi mavjud bo'lmagan holatlarda suv ta'minoti xizmatlari uchun aholi iste'molchilariga belgilangan tariflarga 1,5 orttiriluvchi koeffitsientni qo'llash yo'li bilan hisob-kitob amalga oshiriladi. Ana shunday holatlarning oldini olish uchun ham aholi xonadonlarini to'liq elektron hisoblagichlar bilan ta'minlash belgilangan. 2021 yilda bu ko'rsatkich 52 foizni tashkil qilgan bo'lsa, bugungi kunda 77,2 foizga yetdi.

    Ammo bu kabi chora-tadbirlar hamda tariflar narxlarining oshirilishi ham ayrim insonlarning suv tejamkorligiga sabab bo'la olmayotgani achinarli. Vaholanki, biz suvni qimmatga sotib olayotganimiz uchungina emas, balki bebaho ne'mat bo'lgani, dunyoda millionlab odam unga zor ekani uchun ham tejab ishlatishga mas'ulmiz. Buning uchun xalqimiz orasida iste'mol madaniyatini oshirish, har birimiz oddiy kundalik me'yorlarga rioya qilishimiz lozim. Masalan, oqayotgan jo'mrak, maishiy texnika yoki maysa purkagichlarni o'z vaqtida tuzataylik. Chunki oqayotgan tomchilar vaqt o'tishi bilan katta yo'qotishga olib keladi. Tishlarni yuvayotganda suvni o'chirib qo'yib, bir stakan suvdan foydalanish kifoya. AQSH atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi ma'lumotlariga ko'ra, shu oddiy qadam bir oyda 700 litr suvni tejash imkonini beradi. Bu raqam so'mga chaqilsa, qancha mablag' tejash mumkinligi ham oydinlashadi. Kir, idish-tovoq va boshqa narsalarni yuqishda ham shunday tejamkorlik qilish zarar qilmaydi. Zamonaviy o'lchov asboblaridan foydalanish ham suv, elektr energiyasi tejamkorligida katta ahamiyatga ega.

    Boisi, raqamli texnologiyalar sarf-xarajatni aniq nazorat qilib, tejamkorlikni bir necha barobarga oshiradi. Shu bois, joriy yilda sohani raqamlashtirish orqali suv sarfini tartibga solish, mavjud tarmoqlarning raqamli xaritasini yaratish hamda “SCADA” tizimini joriy etish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankining 125 million dollar mablag'ini jalb qilish ko'zda tutilgan. Sohada energiya sarfini kamaytirish orqali tannarxni qisqartirish va moddiy-texnik bazani yaxshilash uchun 426 ta nasos energiya tejamkor nasoslarga almashtiriladi, 66 MVt quyosh panellari o'rnatiladi.

    Joriy yilda raqamlashtirish yo'nalishida yana 3 ta yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalarning 2 tasi Osiyo tarraqiyot banki ishtirokida joriy etiladi. Birinchisi, “Avtomatlashtirilgan ombor tizimi” (EWM) bo'lib, unda korxonaning operatsion samaradorligi va shaffofligiga erishish uchun biznes tizimlarini integratsiyalash va optimallashtirish nazarda tutilgan. Ikkinchi loyiha “WaterData” yagona ma'lumotlar bazasini yaratishdan iborat. Bunda suv ta'minoti sohasidagi barcha tahliliy ma'lumotlarning elektron bazasi shakllantiriladi.

    Uchinchi loyihaga ko'ra esa Yagona dispecherlik markazi tashkil etiladi. Dispetcherlik xizmatini raqamlashtirish orqali yuqoridagi barcha loyihalar integratsiyalashadi. Ya'ni maxsus avtotransport va avariya brigadalari uchun marshrutlarni optimallashtirish, murojaatlarni monitoring qilish, suv bosimi, elektr energiya sarfi, nasoslarning ishlashini boshqarish, avariyalarni monitoring qilish, noqonuniy ulanishlarni aniqlash hamda buxgalteriya va ombor tizimlarini integratsiya qilish orqali boshqaruv tizimi samaradorligiga erishiladi.

    Yana bir qulaylik, suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “WATER LAB” axborot tizimi joriy etilib, testdan o'tmoqda. Bunda mavjud laboratoriyalar to'liq raqamlashtirilib, hisobotlari elektron tarzda yuritiladi. Natijada, yurtimiz bo'ylab ichimlik suv sifatini nazorat qilish imkoniyati sezilarli darajada kengayadi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 17.05.24 y, 95-sonida e'lon qilindi)