Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasida jinoyat sud ishlarini yuritish sohasida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi konstitutsiyaviy asoslar belgilandi, – dedi deputat Davron Aripov. – Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, qonuniy manfaatlarini ifodalovchi normalarni boshqa qonun hujjatlarida ham aks ettirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilanmoqda. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar taʼminlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi oʻz aksini topmoqda.
Bundan tashqari, hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi koʻzda tutilmoqda. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalar boʻyicha aniqlashtiruvchi savollarni oʻrtaga tashladi va masʼullardan tegishli javoblar oldi. Qayd etildiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning soʻzsiz va toʻliq amalga oshirilishiga, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.