Rossiyada Oʻzbekiston charm sanoati yutuqlari namoyish etilyapti

    Biznes 21 Fevral 2024 562

    Moskva shahrida joriy yil 19-22-fevral kunlari charm, poyabzal, kiyimlar va charm-attorlik mahsulotlarining namoyishi sanalgan “Fashion Style Russia” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtyapti.

    Unda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 20 ga yaqin korxonalar “ Made in Uzbekistan” jamoaviy stendi bilan ishtirok etyapti. Mahalliy korxonalarimiz xorijiy hamkorlar eʼtiboriga charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlari, qorakoʻl va moʻyna mahsulotlarining 100 dan ortiq turini taqdim etgan.

    Koʻrgazmaning dastlabki kunida oʻz ishini boshlagan biznes forumda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi mamlakatimiz charm sanoatida soʻngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʻrsatkichlari, xalqaro bozorlarda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostidagi mahsulotlarni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy brendlar bilan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi.

    Xalqaro koʻrgazma mahalliy korxonalarimizga biznes aloqalarni yoʻlga qoʻyish, yangi xaridorlar portfelini shakllantirishga xizmat qilyapti. Xususan, “Ulkan Laziz” MCHJ Rossiyaning “Divali”, “Profi”, “Obuvnыye texnologii” kabi qator korxonalari bilan samarali muloqot va muzokaralar oʻtkazdi. Natijada “Divali” korxonasi bilan kamarlar ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan tayyor charmni yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shartnomaning umumiy summasi 100 ming dollarni tashkil etadi.

    “Profi” korxonasi esa 200 ming dollarlik charm va kamarlarni Oʻzbekistondan xarid qiladigan boʻldi. “Obuvnыye texnologii” kompaniyasi esa mamlakatimiz korxonalaridan 6 ming juft poyabzal ustki qismlarini oladigan boʻldi. Shartnoma qiymati 4 million rublni tashkil etadi.

    Koʻrgazma doirasida qorakoʻl mahsulotlarini Rossiya savdo tarmoqlariga yetkazib berish, poyabzallar eksporti boʻyicha ham qator muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.