Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini reeksport qilish “OneRoad Group” kompaniyasi yordamida amalga oshiriladi

    Biznes 10 Oktabr 2024 513

    Oʻzbekiston elchisi Abdulaziz Aqqulov Birlashgan Arab Amirliklaridagi “OneRoad Group” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Chenling Jang bilan muzokara oʻtkazdi.

    Uchrashuv avvalida Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, bojxona toʻlovlarini yengillashtirish va investorlar huquqlarini qonunchilik bilan himoya qilish boʻyicha islohotlar, 2030-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.

    “OneRoad Group” kompaniyasi vakiliga Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish va qishloq xoʻjaligi tarmogʻida hamkorlik qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

    Amirliklar tomoni oʻz navbatida, Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan oʻzgarish va keng koʻlamli islohotlarni kuzatib borayotganini hamda mamlakatimiz bozorida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish mavjudligini taʼkidladi.

    Xususan, Chenling Jang Oʻzbekistonda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilib, ularni qayta ishlagan holda reeksport qilish mumkinligi maʼlum qildi.

    Tomonlar ushbu yoʻnalishdagi ishlarni boshlash maqsadida mazkur kompaniya va Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi vakillari oʻrtasida alohida uchrashuv tashkil etish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

    Muzokaralar yakunida “OneRoad Group” kompaniyasi bosh ijrochi direktoriga yurtimiz imkoniyatlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida joriy yil 13-16-oktyabr kunlari Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Oʻzbekiston – BAA” biznes-forumida ishtirok etish taklifi bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.