Pokiston sudi sobiq bosh vazirni 14 yillik qamoq jazosiga hukm qildi

    Pokiston sudi sobiq bosh vazir Imron Xonni yer bilan bog'liq korrupsiya ishi bo'yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

    Xonning rafiqasi Bushra Bibi ham aybdor deb topilib, yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U garov evaziga qo'yib yuborilgan, biroq hukm e'lon qilingandan keyin hibsga olingan.

    Tergov ma'lumotlariga ko'ra, sobiq bosh vazir va uning rafiqasi Islomobodda joylashgan Bahria Town ko'chmas mulk shirkatidan besh milliard rupiy va o'nlab gektar yerni pul yuvish ishi bo'yicha shirkatni himoya qilish evaziga olgan.

    Adliya vaziri Azam Nazir Tararning aytishicha, Xonning Pakistan Tehreek-e-Insaf (PTI) partiyasi qarorga e'tiroz bildirish uchun yuqori sudlarga murojaat qilishi mumkin. PTI yer shaxsiy manfaat uchun emas, sobiq bosh vazir tomonidan tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy muassasa uchun berilganini da'vo qilmoqda.

    Imron Xon 2022-yil aprelida mamlakat parlamenti tomonidan o'tkazilgan ishonchsizlik votumi orqali lavozimidan chetlatilganidan keyin korrupsiya va mansab vakolatini suiiste'mol qilishdan tortib, davlatga qarshi zo'ravonlikka undashgacha bo'lgan o'nlab ayblovlar bilan 2023-yil avgustidan beri qamoqda, deb xabar beradi lenta.ru.