O'zbekistonda 2025−2026-yillarda aholini ro'yxatga olish ishlari o'tkaziladi

    Yurtimizda aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish ishlari bundan besh yil oldin boshlangan edi.

    Aholini ro'yxatga olish umumdavlat miqyosidagi keng ko'lamli tadbir, aholi to'g'risidagi ishonchli axborot manbai. Buning natijasida aholi soni, yashash sharoiti, ma'lumoti, ta'lim darajasi, bandligi, yoshi, jinsi, milliy tarkibi, hududlarda joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik masalalar to'g'risida to'liq ma'lumotlar yig'iladi.

    Aholini ro'yxatga olish ma'lum bir sanada o'tkazilib turuvchi jarayondir. O'zbekistonda aholini ro'yxatga olish tadbirlarini o'tkazish 2025-2026-yillarga mo'ljallanyapti. Bu haqda 2024-yil 4-mart kuni Prezident tomonidan imzolangan “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo'yicha yo'l xaritasida ko'rish mumkin. Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026-yillarda aholini ro'yxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

    Qarorga muvofiq, aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish, uni o'tkazish va natijalarini e'lon qilish quyidagi tartibda tashkil etiladi. Birinchidan, 2024-2025-yillarda aholini ro'yxatga olishni o'tkazishga tayyorgarlik ko'riladi. Bunda uning mazmun-mohiyatini ommaga tushuntirish bo'yicha targ'ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flaer va bukletlar tayyorlanadi. 2021-yilda sinov tariqasida o'tkazilgan aholini ro'yxatga olish natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida tayyorlangan savolnomalar shakllari, “Aholini ro'yxatga olish” axborot tizimi takomillashtiriladi, “STATA” amaliy dasturiy paketi litsenziyasi xarid qilinib, unda ro'yxatga olish natijalarini aks ettiruvchi jadvallarning namunalari shakllantiriladi hamda tadbirning tashkiliy rejasi ishlab chiqiladi.

    Ikkinchidan, 2025-2026-yillarda respublikamizning barcha tuman va shaharlarida aholini ro'yxatga olishni o'tkazish ishlari amalga oshiriladi. Uchinchidan, 2026-2027-yillarda aholini ro'yxatga olish natijalari tayyorlanadi va rasman e'lon qilinadi.

    Yurtimizda aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish ishlari bundan besh yil oldin boshlangan edi. Prezidentimizning 2019-yil 5-fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilinib, bu jarayonni 2022-yilda o'tkazish belgilangan. 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli tadbirni o'tkazish 2023-yilga ko'chirildi. Keyinchalik bu muddat ham ayrim sabablarga ko'ra ortga surildi. Lekin aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik to'xtab qolgani yo'q, aksincha, belgilangan tartibda davom ettirib kelinmoqda. O'tgan davr mobaynida aholini ro'yxatga olishning maxsus veb-sayti (aholi.stat.uz) amaliyotga joriy qilindi. O'tkazilgan ochiq tanlov asosida aholini ro'yxatga olish tadbirining logotipi va shiori (“Yangi O'zbekistonning bir qismi bo'l!”) tayyorlandi.

    BMT Aholishunoslik jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda bu sohadagi ilg'or davlatlarning tajribalari asosida aholini ro'yxatga olishning normativ-huquqiy va uslubiy asoslari ishlab chiqildi. Jumladan, “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi qonun loyihasi tayyorlanib, 2020-yil 16-mart kuni qabul qilindi. Aholini ro'yxatga olishning birlamchi ma'lumotlarini yig'ish, qayta ishlash, tahlil qilish va natijalarini shakllantirish imkonini beruvchi “Aholini ro'yxatga olish” axborot tizimi amaliyotga joriy qilindi. endi u yanada takomillashtiriladi.

    Aytish joizki, aholini ro'yxatga olish O'zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko'rsatib beradi. Ushbu ma'lumotlar aholining istiqboldagi hisob-kitoblari va yaqin yillarda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning ustuvor yo'nalishlarini belgilash uchun asos bo'lib xizmat qiladi.

    Natijalar esa hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo'yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo'lib xizmat qiladi. Shu jihatdan, mamlakatimizda aholini ro'yxatga olish 2025−2026-yillarda o'tkazilishi, natijalar esa 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va e'lon qilinishi belgilangan.

    Kamol JAMOLOV,

    Mirobod tumani Statistika bo'limi boshlig'i