Oʻzbekiston va Qirgʻizistonni bogʻlovchi Namangandagi bojxona posti sentyabrda ochiladi

    Uchqoʻrgʻon tumanida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalarini bogʻlovchi chegara bojxona postining qurilish ishlari jadallashdi.

    Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi U.Kodirov “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

    Eslatib oʻtamiz, “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona posti shu yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Boshqarma boshligʻi post qurilishi bilan tanishuv jarayonida pudrat tashkiloti tomonidan ishlarni jadallashtirish, qurilish sifatiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi boʻyicha bir qator tavsiyalar berdi.

    Shuningdek, qurilish jarayonda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish hamda topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

    Mazkur chegara bojxona postining ochilishi Namangan viloyati va Uchqoʻrgʻon tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratibgina qolmay, logistika, xizmat koʻrsatish sohalarining takomillashtirilishiga ham xizmat qiladi.