Oʻzbekiston va Oʻmon tijorat banklari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

    Oʻzbekiston elchisi Abdusalom Hotamov Oʻmonning “Oman Arab Bank” direktorlar kengashi raisi, “The Zubair Corporation” rahbari Rashod Az-Zubayr bilan uchrashdi.

    Suhbat davomida mezbonlarga mamlakatimizda yuz berayotgan ulkan oʻzgarishlar, xususan 2024-yil yurtimiz yalpi ichki mahsuloti qiymati, jalb qilingan investitsiya miqdorida yuqori oʻsish surʼati qayd etilgani haqida batafsil soʻzlab berildi. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida banklarning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar taʼkidlandi.

    Rashod Az-Zubayr diyorimizdagi ijobiy muhitdan yaxshi xabardorligi, muqaddam yurtimizga Oʻmon delegatsiyasi tarkibida kelganini bildirdi. Oʻzbekistonning tarixi va hozirgi taraqqiyot bosqichi xalqaro maydonda yuqori baholanayotganini eʼtirof etdi.

    Oʻmonlik tadbirkorga banklarimiz bilan hamkorlik doirasida respublikamizdagi investitsiya loyihalariga sarmoya kiritish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.