23-yanvar kuni Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Norqobil Jalil va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Roʻzimboy Hasanning “General Joʻrabek: davr va qismat”nomli kitobi taqdimotida adabiyotshunos va jurnalist-ijodkorlar, koʻplab oʻqirmanlar ishtirok etdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, atoqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev, professor Nurboy Jabborov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xurshid Doʻstmuhammad asarning bugungi kundagi ahamiyati, koʻtarilgan mavzu va yozuvchilarning mehnati borasida oʻz fikrlarini bildirdi.
Tarix – insoniyatning ortga qaytarib boʻlmaydigan, qayta yozilmaydigan nodir oʻtmishi, kashf etilmagan buyuk xazina.
Ayonki, xolis va haqqoniy, adolatli yoritilgan tarixiy haqiqatlargina xalqning bebaho mulkiga aylanadi.
Shu maʼnoda shoʻrolar zamonida “gʻoyat ziddiyatli va murakkab shaxs” sifatida talqin qilingan harbiy arbob, maʼrifatparvar inson Joʻrabek Qalandar qori oʻgʻli taqdiri haqida mustaqillik davriga kelibgina toʻgʻri, xolis bahoni aytish imkoniga ega boʻldik.
Mazkur kitobda mualliflar bir yarim asrdan koʻproq davr avval Turkiston zaminida roʻy bergan hodisotlar, taxt va mansab, boylik talashish ortidan kelib chiqqan urush-nizolar, talotumlarni bugungi kun nazari bilan tahlil qilgan.