Mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. 2020-yilda uning maqomini belgilovchi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Hozirgi kunga qadar Milliy gvardiya organlari faoliyatiga oid 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qaror qabul qilinib, Milliy gvardiyaga qator yangi vazifa va funksiyalar yuklatildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya organlarining vazifalari tizimlashtirilmoqda. Shuningdek, bitta yangi vazifa kiritilmoqda. Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan fuqarolarga murojaat etganda yoki unga fuqaro murojaat etganda oʻzini tanishtirish tartibi belgilanmagan edi. Bu esa amaliyotda ayrim eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqqan holda “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida hamda oʻziga fuqaro murojaat etgan taqdirda oʻzini tanishtirishi hamda fuqaroga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi shartligiga oid norma bilan toʻldirilmoqda, — dedi maʼruzachi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida Milliy gvardiya faoliyati samaradorligi taʼminlanadi. Jamoat tartibini saqlash va qoʻriqlash ishlari samarali tashkil etiladi.