Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga oʻtkazilmoqda hamda vazirlikning hududiy boʻlinmalarida “loyihaviy yondashuv” tamoyili asosida ish tashkil etilib xodimlar aholi va tadbirkorlar bilan bevosita ishlovchi loyiha guruhlariga (front ofis) va boʻlinma umumiy faoliyatini tahlil qiluvchi guruhlarga (bek ofis) boʻlinadi.
Vazirlikning tuman boʻlimlari, tuman hokimligi hamda MFY oʻrtasida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari tuziladi. Bunda, ushbu shartnomada Vazirlik tuman boʻlimi va hokimiyat – infratuzilmani yaxshilash, aholining daromad manbaini oshirishga sharoit yaratishga, mahalla raisi – aholini ishga jalb qilish, hududini obodonlashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish kabi vazifalarga masʼul boʻladi.
Loyihaviy yondashuv asosida ishlar quyidagicha tashkil etiladi:
ogʻir ahvoldagi 1 000 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash (elektr energiyasi, internet, suv taʼminoti) uchun mablagʻlar Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar asosida ajratiladi;
Vazirlik huzurida yuqori natijaga erishgan 50 nafar hokim yordamchilaridan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etiladi hamda hokim yordamchisi koʻrsatkichi past tumanga biriktiriladi va ular oʻz tajribasini shu mahallalarda joriy etadi.
100 ta eng namunaviy mikroloyihalar katalogi yaratiladi hamda hokim yordamchilari orqali barcha hududlarda ommalashtiriladi;
2025-yilda 167 ta tumanning jami 6 680 gektar maydonida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi;
2026-yilda har bir viloyatda kamida 2 tadan koʻp qavatli kompleks sanoat markazlarini barpo etish va tadbirkorlarni joylashtirish loyihalari amalga oshiriladi;
sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025-yilda 1 000 ta,
2026-yilda 2 000 ta qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi;
har yili kamida 500 ta hunarmandchilik va kasanachilik loyihalari mahallaning oʻzida joriy etiladi;
2025-yilda 2 000 ta mahallada, 2026-yilda qolgan 2 122 ta mahallada salohiyatli tadbirkorlar, eksportyorlar va brokerlar bilan hamkorlikda yetakchi tadbirkorlarning faoliyati yoʻlga qoʻyiladi (hozirda 5 323 tada bor);
ixtisoslashgan mahallalar soni har yili 10 foizga oshirib boriladi;
har yili 50 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarni bosqichma-bosqich kichik biznes subyektlariga aylantirish choralari koʻriladi.
2) Bandlikni oshirish va kasbga tayyorlashda zamonaviy usullar tatbiq qilinadi.
Ish beruvchilarning ehtiyojini oʻrganish asosida ishsizlarni kasblarga maqsadli oʻqitishni inobatga olgan holda Kasbiy koʻnikmalar markazlari tashkil etiladi.
Bunda:
markazlarda ish beruvchilar talabiga moslashtirilgan ekspress-kurslar tashkil etiladi hamda amaliy koʻnikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish tizimi yaratiladi;
markazlarda xalqaro tan olingan dasturlar joriy qilinadi va xorijda tan olinadigan sertifikatlar berilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻqitish jarayoniga xususiy sektor keng jalb qilinadi hamda ishsizlarni kasb va xorijiy tilga davlat buyurtmasi asosida oʻqitish tashkil etiladi.
Bunda:
Vazirlik talab yuqori boʻlgan kasb va xorijiy tillar hamda oʻqitganlik uchun toʻlanadigan davlat granti miqdorini belgilaydi;
ishsizlarga kasb va xorijiy tilga oʻqitadigan davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini mustaqil tanlash huquqi beriladi;
fuqaro tanlagan taʼlim tashkilotiga grant mablagʻlarining 50 foizi oʻqish boshlanishidan oldin, qolgan qismi yakuniy imtihon muvaffaqiyatli topshirilganda toʻlanadi.
Kasbiy koʻnikmalar markazlari binolari oʻquv kurslari tashkil qilish uchun xususiy sektorga tekin foydalanishga yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Vakansiyalar platformasi modernizatsiya qilinib, ish beruvchilar va ish izlovchilarning “shaxsiy profili” yaratiladi hamda yillik 500 ming nafar fuqaroning doimiy ish bilan taʼminlanishiga erishiladi.
Fuqarolarga ishga joylashish yoʻllanmasini eksterritorial tartibda istalgan bandlik organlari orqali olishga ruxsat berilmoqda.
Xususiy rekruting va HR kompaniyalar bilan hamkorlik qilish va ular taklif qilayotgan boʻsh ish oʻrinlariga fuqarolarni joylashtirish choralari koʻriladi.
3) Yuqorida keltirilgan chora-tadbirlarni joriy qilish natijasida:
2024-yil yakuniga qadar 500 ming, 2025-yilda 1 million aholi kambagʻallikdan chiqariladi.
Bunda, kambagʻal aholining 410 ming nafari doimiy ish bilan taʼminlanadi, 170 ming nafari kasbga oʻqitiladi va 430 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi.
2025-yil yakuniga qadar aholining kambagʻallik darajasi 6 foizgacha qisqartiriladi.
Joylarda ishni “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilish hamda tizimni toʻliq raqamlashtirish hisobiga norasmiy bandlik ulushi har yili 1 million nafarga kamaytiriladi.
Ishsizlarni manzilli aniqlash, ularni yuqori daromadli kasblarga tayyorlash va ishga joylashtirishning yaxlit tizimi yaratiladi.