Livan va Isroil bir-birini sulhni buzganlikda aybladi

    “Hizbulloh” Isroilni sulhni buzganlikda ayblab, pozitsiyalariga hujum qilmoqda. Isroil ham xuddi shunday ayblovlarni ilgari surmoqda va “qat'iy javob” bilan tahdid qilyapti.

    Livandagi “Hizbulloh” radikal shia harakati 2-dekabr, dushanba kuni Isroil armiyasi pozitsiyalariga “o'zini-o'zi mudofaa qilish uchun ogohlantiruvchi zarba” berganini ma'lum qildi. Unda aytishicha, Isroil Livanga havo hujumlari va o'q uzilsh orqali o't ochishni to'xtatish kelishuvini buzmoqda.

    Isroil harbiylariga ko'ra, “Hizbulloh”dan ikkita raketa uchirilgan, biroq qurbonlar yo'q. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu zarbaga “qat'iy javob” berilishiga va'da berdi.

    Avvalroq Livan rasmiylari Isroil qo'shinlari bir necha aholi punktlarini o'qqa tutgani, oqibatda kamida ikki kishi halok bo'lgani haqida xabar bergan edi.

    Isroil Mudofaa kuchlarining (SAXAL) da'vo qilishicha, “Hizbulloh” harbiy infratuzilmasi yaqinidagi harbiy avtomobillarga, Bekaa vodiysi va Suriya bilan chegara yaqinida hujum qilingan. Isroil harbiylari hujumlardan birida livanlik askar yaralanganini tan oldi va mazkur voqea bilan bog'liq vaziyat o'rganilayotganini aytdi.

    Livan parlamenti spikeri Nabih Berrining aytishicha, Bayrut hozirgacha Isroil tomonidan kamida 54 ta qoidabuzarlikni qayd etgan.

    Ayni paytda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar mamlakati o't ochishni to'xtatish kelishuvini buzgani haqidagi xabarlarni rad etib, Litani daryosidan janubga qurol va kuchlarni olib o'tishda “Hizbulloh”ni aybladi, deb xabar beradi dw.com.

    30-noyabr, shanba kuni SAXAL Isroil harbiy-havo kuchlari Suriyadan Livanga qurol olib o'tishda faol foydalanilgani taxmin qilinayotgan Suriya va Livan o'rtasidagi chegara o'tish joylariga tutashgan Hizbulloh harbiy infratuzilma obyektlariga “razvedka zarbasi” bergani haqida xabar bergan edi.