Kredit foiz stavkalari nega yuqori?

    Yoxud imtiyoz maqsadli va manzilli boʻlsagina samara keltiradi

    Odatda, yirikroq moliyaviy maqsadga tezroq erishish uchun qarz olish orqali masalani hal qilishga harakat qilinadi. Zamonaviy tilda bu kredit deb atalib, pul mablagʻlari, tovar va xizmatlarni kelishilgan ustama (foiz) toʻlab qaytarish sharti bilan muayyan muddatga qarz berish tushuniladi. Misol uchun, banklar pullarni bir biznes subyektidan qarz olib boshqasiga beradi. Pulni qarz sifatida olib ishlatgan korxona buning uchun foiz toʻlaydi. Moliyaviy tashkilot shundan foyda koʻradi.

    Kreditning tijorat, bank, davlat, isteʼmol, xalqaro, ipoteka va boshqa shakllari mavjud. Ular orasida imtiyozli kreditlar alohida oʻrin tutadi. Chunki bu kreditlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan davlatning maxsus jamgʻarmalari yoki xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan turli imtiyozlar asosida ajratiladi. Ularning shartlari bevosita resursni taqdim etayotgan tashkilot tomonidan oʻrnatiladi.

    Kredit iqtisodiyotda muhim vazifani bajaradi, ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni oshirish, ustuvor sohalar faoliyatini jadallashtirish uchun mablagʻni eng foydali va istiqbolli yoʻnalishlarga yoʻnaltirish imkoniyatini yuzaga keltiradi.

    Joriy yildagi sanoat korxonalarini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bunda ham boshqa iqtisodiy ragʻbatlar kabi imtiyozli kreditlar muhim dastak boʻlayotganini koʻrish mumkin.

    140 ta tayyor loyiha

    Respublikamizda xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, sanoatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 milliard dollarga teng boʻlib, ularda 60 mingta ish oʻrni yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot tayyorlash hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish koʻzda tutilgan.

    Mazkur loyihalar elektron platformaga qoʻyilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif etiladi. Ularga joyi ham, mablagʻi ham, infratuzilmasi ham hal qilib beriladi.

    Prezidentimiz oʻtgan yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda mazkur yangi tashabbusni ilgari surdi. “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish va “Sanoat ipotekasi” tizimini joriy qilish loyihasi davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 4-sentyabrdagi va Vazirlar Mahkamasining 26-dekabrdagi qarorlari asosida huquqiy maqom kasb etdi.

    Hujjatlar bilan dastur doirasida tadbirkorlik subyektlariga ochiq tanlov asosida taklif qilinadigan yirik sanoat loyihalarining taqsimoti, shuningdek, ularni amalga oshiruvchi tashabbuskor tadbirkorlarni ochiq tanlov asosida tanlab olish va moliyalashtirish tasdiqlandi.

    — Yoʻnalishlar boʻyicha elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, polimer-kimyo, oziq-ovqat sanoatlaridan 20 tadan, charm-poyabzal, mashinasozlik, zargarlik, mebelsozlik sohalaridan 10 tadan loyiha kiritilgan, — deydi iqtisod fanlari nomzodi, ekspert Roʻzimboy Qurbonov. — Ularni ochiq tanlov asosida tanlashning asosiy mezonlari sifatida kamida 100 ta yangi ish oʻrni yaratilishi, ishlab chiqariladigan mahsulotning ichki bozordagi import ulushi 50 foizdan yuqori va texnologik asbob-uskunalarning yangi avlodga mansub boʻlishi, loyiha amalga oshiriladigan tumanning toifasidan kelib chiqib, unga afzallik berilishi (toifasi past tumanlarga yuqori afzallik taqdim qilinishi), xalqaro brendlar bilan hamkorlik shartnomasiga asosan joriy etilishiga ham eʼtibor qaratilishi belgilangan.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan yirik sanoat loyihalarining eng yaxshilariga ochiq tanlov asosida investitsiya jalb qilinadi, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari esa hukumat komissiyasi tomonidan aniqlanadi. Gʻolib boʻlgan tashabbuskor tadbirkorlarga mazkur vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari loyihalarning biznes-rejasi va texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda uslubiy jihatdan yordam beradi. Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan xorijiy valyutada yillik 4 foiz va milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10-yil muddatgacha, shundan 3-yilgacha imtiyozli davr bilan bir loyiha qiymatining 25 foizi, biroq 10 million AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

    2024-yil 1-yanvardan “Sanoat ipotekasi” tizimi joriy etila boshlandi. Uning doirasida tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari (ishlab chiqarish maydonlari) qurilish uchun tegishli ruxsatnoma va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, “tayyor biznes” shaklida auksion savdolariga chiqariladi. Ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun tijorat banklariga 7-yil muddatga, 2-yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat bankining marjasi 4 foiz miqdorida belgilanadi. Xarid qilingan bino-inshootlarning kamida 50 foiz maydonidan bevosita ishlab chiqarish faoliyati uchun foydalanish sharti qoʻyilgan.

    Tez orada Vazirlar Mahkamasi tomonidan sanoat ipotekasi asosida xarid qilingan bino-inshootlarning kamida 50 foiz maydonidan bevosita ishlab chiqarish uchun foydalanish va boshqa mezonlar boʻyicha tartib tasdiqlanadi.

    Koʻrinib turibdiki, kredit ajratilishida maqsad va manzil aniq, samaradorlikka erishish uchun ham mutassaddilarning masʼuliyati belgilangan. Eng muhimi, bu kreditlar auksion savdolariga chiqariladi, gʻoliblik uchun kurash ketadi va gʻoliblar hukumat komissiyasi tomonidan aniqlanadi.

    Resurs yoʻqligi sababli kredit foizi yuqorimi?

    Sohani isloh qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida soʻnggi uch yilda banklar kapitali 1,8 barobar, yillik kredit ajratish hajmi 2 barobar koʻpaydi. 4 ta bank ilk bor “yevrobond” chiqarib, xalqaro kapital bozorlaridan 1 milliard dollar resurs olib keldi. 13 ta yangi xususiy bank tashkil etildi. Vengriya, Qozogʻiston va Gruziyaning nufuzli banklari yurtimizda faoliyat boshladi. Onlayn bank xizmatlari hajmi 2,7 barobar oshdi.

    Prezidentimiz raisligida 16-yanvar kuni 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bank tizimi barqarorligini taʼminlash hamda kredit foiz stavkalarini tushirish masalalari atroflicha tahlil etildi.

    Ayni paytda Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foizni tashkil etadi. Bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish mumkin.

    Yigʻilishda banklar resurs yoʻqligi sababli kredit foizi yuqori, deyishga oʻrganib olgani taʼkidlandi. Vaholanki, muammoli qarzlarni undirishning oʻzidan 25 trillion soʻmlik kreditga resurs topsa boʻladi. Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida muammoli kreditlar ulushi 10 foizga yetgan.

    Tarmoq rahbarlari, hokimlar 9 trillion soʻmlik kreditlar hisobiga tashkil etilgan 2 342 loyiha past quvvatda ishlayotganiga qaramasdan, ularning muammosini hal qilishda koʻmaklashmayotgani tanqid qilindi. Endilikda Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman kredit olgan korxonalarning toʻliq quvvatda ishlab ketishiga yordam beradi. Hokimlar, banklar kredit berishdan oldin loyiha qancha ish oʻrin yaratishi, byudjetga qancha tushum boʻlishini hisob-kitob qilish tizimiga oʻtadi va samarasiga shaxsan javob beradi.

    Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, tijorat banklarining jami kredit portfeli 2023-yil davomida 81,4 trillion soʻmga oʻsib, yil yakunida 471,4 trillion soʻmni tashkil qilgan. Muammoli kreditlar miqdori yil boshidagi koʻrsatkichga (13,99 trillion soʻm) nisbatan 2,63 trillion soʻmga oʻsib, 16,62 trillion soʻmdan ortgan.

    Prezidentimiz raisligida 18-yanvar kuni boʻlib oʻtgan 2024-yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishda qayd etilishicha, eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, joriy yilda mazkur yoʻnalishga 800 milliard soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Shunga qaramay, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birgalikda bu mablagʻlardan samarali foydalanishini taʼminlay olmayotgani taʼkidlandi.

    Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har 1 dollarga oʻrtacha 5 dollarlik eksport toʻgʻri kelyapti. Lekin elektrotexnikada bu koʻrsatkich 2,5 dollar, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika sohalarida 3 dollarni tashkil qiladi. Ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam boʻlgan boʻlsa, baʼzilari kredit olib, umuman eksport qilmagan. Shuningdek, 2023-yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard soʻm mablagʻ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shugʻullanmagan.

    Yigʻilishda Eksportni ragʻbatlantirish agentligi eksportchi korxonalarga haqiqiy koʻmakchi boʻlish oʻrniga davlatdan berilgan tayyor pulni yoʻnaltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi. Endilikda eksportni qoʻllab-quvvatlash tizimi oʻzgarishi belgilandi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.

    Savdoni rivojlantirish kompaniyasi beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi. Joriy yil 1-martdan ushbu tizimni joriy qilishga kirishiladi.

    Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonimmi?

    Huquqshunoslar taʼbiri bilan aytganda, qarz oldi-berdisi azal-azaldan insonlar oʻrtasida shakllangan fuqarolik huquqiy munosabatlar sirasiga kiradi. Olgan qarzini qaytarishni paysalga solib, uni uzish oʻrniga ming xil hiyla-nayrang oʻylab topayotgan kimsalar koʻpayib borayotgani, baʼzi bir mulkchilik subyektlari tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy yordamdan foydalanganidan keyin majburiyatini bajarish fursati yetgan paytda masʼuliyatni unutib qoʻyayotgani afsuslanarli holatlardir. Ular “olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim” qabilida ish tutadi.

    Yaqin kunlarda ommaviy axborot vositalarida chop etilgan quyidagi xabarlar ham buni tasdiqlab turibdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qorakoʻl tuman boʻlimi tomonidan AT “Xalq banki” Buxoro viloyat filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.Ch.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari va boshqalar chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 423 ming 560 AQSH dollari miqdoridagi kreditni soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali garov taʼminotisiz qoldirib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Departamentning Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K.T.” MCHJ rahbari S.Q. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, 10 nafar fuqaroga issiqxona qurish va tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun ajratilgan 457 million soʻm kreditni rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritish orqali oʻzlashtirgani maʼlum boʻlgan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Bundan tashqari, “T.Yo.E.” MCHJ Eksportni ragʻbatlantirish agentligining resursi hisobidan AT “Aloqabank” Surxondaryo filialidan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablagʻni toʻldirish” maqsadida 12 oy muddatga 4 foiz ustama toʻlash sharti bilan 220 ming dollar kredit olgan. Lekin qishloq xoʻjalik mahsulotlarini xorijga eksport qilmasdan, hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyatini sodir qilgan. Bu holatga ham qonuniy baho berilgan.

    Muammolarning oldini olishi mumkin boʻlgan choralar

    Bu savolga javob izlash jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2022-yil 22-iyul kuni boʻlib oʻtgan majlisida Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov maʼruzasida bildirilgan fikrlar eʼtiborni tortadi.

    “Buning uchun kredit berish jarayonini koʻrib chiqish kerak. Kredit berish jarayonini koʻrib chiqish degani, bu, birinchi navbatda, imtiyozli kredit boʻlmasligi kerak, degani. Qachonki, imtiyozli kredit boʻlmasa, shunda kredit berish tartibga tushadi. Ikkinchidan, banklarimizni xususiylashtirishimiz kerak. Banklar xususiy boʻlsa, uning egalari divident orqali daromadini oladi va talon-taroj masalalariga ham oʻzi qaraydi”, degan edi Jamshid Qoʻchqorov.

    2022-yilning 20-yanvarida oʻtkazilgan boshqaruv yigʻilishida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov ham imtiyozli kreditlar masalasida oʻz fikrini bildirgan edi.

    “Qayd etish kerakki, inflyatsion targetlash boʻyicha Prezident farmonida 2021-yildan barcha kreditlarni bozor foizlarida berish moʻljallangan edi. Afsuski, pandemiya sharoiti bu holatni kechiktirishni taqozo qildi.

    Imtiyozli kreditlar ulushiga qaraydigan boʻlsak, ular jami kreditlar portfelida kamayib boryapti. 2021-yil boʻyicha bu ulush 32 foizni tashkil etadi. Berilgan kreditlar boʻyicha qaraydigan boʻlsak, 2021-yil 24,6 foiz kredit imtiyozli shartlarda berilgan. Agar pandemiya bilan bogʻliq vaziyat boʻlmaganida, biz allaqachon imtiyozli kreditlar ajratish siyosatidan voz kechgan boʻlardik”.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbari oʻtgan yil15-noyabr kuni Olmaota shahrida XI Qozogʻiston moliyachilar kongressida soʻzlagan nutqida pul-kredit siyosatining oʻziga xos jihat va muammolarni hal qilish choralariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

    "Shuni taʼkidlashim kerakki, biz pul-kredit siyosatimiz harakatlarida zaif oʻzgarishlarni koʻrmoqdamiz. Bu, birinchi navbatda, qoniqtirilmagan talab va agentlarning mantiqsiz xatti-harakatlari hisoblanadi. Bu cheklangan daromaddek koʻrinadi, lekin ayni paytda hatto yuqori foiz stavkalari sharoitida ham kreditga katta qiziqish bor. Bu yerda, albatta, qoʻshimcha talabni oshirishga qaratilgan bunday harakatlarni cheklash uchun makroprudensial choralarni koʻrishimiz kerak. Biz nosogʻlom moliyalashtirishni cheklaydigan va moliyaviy barqarorlik uchun xavflarni kamaytiradigan makroprudensial choralar bilan ishlashimiz kerak. Iqtisodiyot soʻnggi uch yilda yuqori byudjet taqchilligi sharoitida hayotga moslashdi, bu esa pul-kredit siyosatiga yuk boʻldi. Va shunday sharoitda biz fiskal konsolidatsiya zarurligi haqidagi pozitsiyaga sodiq qolishda davom etamiz va iqtisodiy faollik oʻsib borayotgan sharoitda kelishilgan soliq-byudjet siyosatini joriy etish uchun pul-kredit siyosatining ovozini bosqichma-bosqich oshirishimiz zarur”, dedi Mamarizo Nurmurotov.

    Markaziy bank shu yil boshida mamlakatda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, ortiqcha qarz yukining oldini olish maqsadida bir qator makroprudensial va prudensial choralar koʻrgani (odatda, mazkur choralar kreditlash surʼatining iqtisodiy oʻsish surʼatlaridan tezlashib ketganda, shuningdek, valyutaviy va boshqa xatarlarning katta qismi tizimli ahamiyatga ega banklarda jamlanishining oldini olish maqsadlarida qoʻllaniladi), bundan keyin ham davom etttirishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Xususan, qarz yuki boʻyicha talablarni barcha kreditlar kesimida joriy etishni moʻljallamoqda.

    Endilikda kredit foizi oʻrniga qarz oluvchining qarz yuki darajasi (DSTI) va kreditning garovga (taʼminot) nisbatiga asoslangan talablar joriy etiladi. Bu talab Oʻzbekistonda hozirgacha faqat mikroqarzlar uchun amal qilib kelgan va 50 foizni tashkil etgan. 2024-yil 1-iyuldan barcha kreditlarni berishda (mikroqarzlar uchun ham) qarz beruvchilarga mijozlarining qarz yuki 60 foizdan oshib ketmasligi talabi qoʻyiladi. 2025-yil 1-yanvardan esa bu koʻrsatkich 50 foizgacha pasaytiriladi.

    Bundan tashqari, Markaziy bank qarz yuki boʻyicha talabda istisnolar ham boʻlishini maʼlum qildi. Unga koʻra, bank kredit portfelining 15 foizigacha boʻlgan qismigacha qarz oluvchining qarz yuki koʻrsatkichini inobatga olmasdan kredit ajratishga ruxsat beriladi. Ruxsat etilgan miqdor qarz yuki boʻyicha talabni inobatga olmasdan ajratilgan kreditlar sonini barcha kreditlar soniga boʻlish orqali aniqlanadi.

    Muammoli kreditlarni boshqarish sohasidagi xorijiy tadqiqotlarning tahlili shuni koʻrsatadaki, samaradorlik boʻyicha eng maʼqul strategiya — qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan qarz oluvchining moliyaviy tiklanishiga qaratilgan muammoli kreditni boshqarish strategiyasi boʻlib, u mijoz bilan strategik sheriklik doirasida amalga oshiriladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi