Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi oʻrtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolandi

    Shu kunlarda AQSHning Nyu-York shahrida boʻlib turgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifning ilk kuni BMT Bosh Kotibi yordamchisi – Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi ijrochi direktori Aleksandr Zuyev bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida Agentlik direktori A.Burxanov prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida maʼlumot berib, oʻzaro doimiy tajriba almashish mexanizmlari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

    Xususan, Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi strategiyasini ishlab chiqish, sud-huquq tizimi xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, sohada kadrlar tayyorlashni tizimlashtirishda oʻzaro hamkorlik qilish takliflari ilgari surildi.

    Oʻz navbatida, BMT vakillari Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar faoliyati va funksiyalarini tahlil qilish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

    Muzokaralar yakunida Agentlik hamda Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi oʻrtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolandi.

    Bitim doirasida ikki idora oʻrtasida Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish salohiyatini BMT standartlari va talablariga muvofiq rivojlantirish, shu jumladan, aksilkorrupsiya siyosatiga oid hujjatlar, kasbiy tayyorgarlik, oʻzaro tajriba almashish yoʻnalishlarida amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

    Bitim, jumladan,

    ➖ korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish boʻyicha maʼlumot va professional materiallar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish orqali Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosati boʻyicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

    ➖xalqaro standartlar asosida Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar salohiyatini oshirish;

    ➖davlat xizmatchilari uchun kasbiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, bu borada ekspertlik va texnik yordam koʻrsatish;

    ➖qoʻshma seminar va treninglar oʻtkazish kabi bir qator muhim yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

    Uchrashuvda hamkorlik bitimining har bir yoʻnalishi boʻyicha aniq vazifa va rejalar belgilab olindi hamda ularning amalga oshrilishidan har ikki tomon ham manfaatdor boʻlishi qayd etildi.