ISSV oʻzbek eksportyorlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqyapti

    Biznes 31 Oktabr 2024 419

    Bugungi kunda oʻzbek ishlab chiqaruvchilari tomonidan rivojlantirilayotgan asosiy eksport yoʻnalishlaridan biri bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridir. Oʻzbekiston GSP+ umumiy imtiyozlar tizimi doirasida Yevropa mamlakatlari bozorlariga imtiyozli kirish huquqiga ega boʻlgan kam sonli davlatlardan biri boʻlib, 6000 turdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga bojsiz olib kirish imkoniga ega.

    Oʻzbekistonlik tadbirkorlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan faol foydalanib, eksport hajmini yildan-yilga oshirib kelyapti. Birgina joriy yil yanvar-sentyabr oylarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 1 milliard 470 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga koʻpdir. GSP+ dasturi doirasida eksport qilinadigan mahsulotlar old qatorida tayyor trikotaj, paypoq, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari egallaydi.

    Eksport hajmini oshirish jarayonida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan charm-toʻqimachilik sanoati korxonalari egalarining Portugaliya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Polshadagi yirik savdo tarmoqlari va kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazish uchun tashrifini va biznes missiyalarini tashkil etish katta rol oʻynadi.

    Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Alba Tessile, T.I.S., Ametlab, ItalTex, Sartoria La Torre va SI Group, Rossorame, Weitblick, WLL Gmb, El Corte Inglés, Tendam, Gedepsa, ACIR Southern Europe, Gedepsa, ACIR Southern Europe, El Corte Ingles, Tendam, LEGS, PPHU JOLA-STYL, Colorinvest va Arlen, Textile Group kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Natijada tayyor toʻqimachilik mahsulotlari va gazlamalarni yetkazib berish, Italiya-Oʻzbekiston qoʻshma brendini yaratish, Yevropa elektron tijorat platformalari bilan ishlash, Yevropa Ittifoqi hududida Oʻzbekiston savdo uylarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, shuningdek, logistika, saqlash, sertifikatlash, sifat nazorati masalalari boʻyicha yechimlarga kelindi.

    Koʻnchilik ishlab chiqaruvchilari Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar — CTIC, APIC, Confidustria Toscana Sud, Cámara de Comercio de Valencia tashkilotlari, Aquitex, CEPSA, Alidata, Mapril ION Exchange, VentilaQUA, Desotec, Jose maria & filhos Tanned Group, Incusa kompaniyalari bilan shu kabi kelishuvlarga erishdilar.

    Missiyaning birlamchi natijalari imzolangan shartnomalar doirasida soʻnggi 2 oyda Italiya, Bolgariya, Polsha, Avstriya va Germaniyaga charm sanoati eksporti koʻpayganligini koʻrsatyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.