ISSV mutaxassislari Finlyandiya savdo va biznes tajribasini oʻzlashtiryapti

    Biznes 21 Fevral 2024 378

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) loyihasi doirasida joriy yil 12-16-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda boshqa idoralar vakillaridan iborat delegatsiya vakillari Finlyandiyaning tegishli vazirliklari va tashkilotlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Xususan, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda savdoni rivojlantirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston eksport qilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama etildi. Mamlakatimizda qulay savdo muhitini yaratish, kichik va oʻrta biznesning Yevropa bozorlariga chiqishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Finlyandiya tajribasini joriy etish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Team Finland kompaniyalar guruhi va uning tarkibiga kiruvchi Business Finland, Finnvera, Finnfund va Finnpartnership kabi tashkilotlari vakillari bilan suhbatda Finlyandiyaning taniqli brendlari bilan birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, eksportni ragʻbatlantirish samarali vositalarini va hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qoʻshma platformalar ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

    Tashrif dasturiga muvofiq delegatsiya Finlyandiyaning Savdo-sanoat palatasi va Sharqiy Savdo palatasi (EastCham)da boʻlib, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha har ikki tashkilot tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar turlari bilan tanishdi. Muzokaralar chogʻida fin va oʻzbekistonlik tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish dasturini ishlab chiqish masalasi kelishib olindi. Bu Oʻzbekistonda biznesning oʻsishi va rivojlanishiga zamin yaratadi.

    Finlyandiya Qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik vazirligi vakillari bilan uchrashuvda barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Finnish Food Authority mutaxassislari Oʻzbekiston tomoniga oziq-ovqat xavfsizligi va mahsulot sifatini taʼminlash usullarini, Finlyandiyaning Fairtrade kompaniyasi mutaxassislari esa adolatli savdo amaliyotlarini taqdim etdilar.

    Tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy yoʻnalishlariga ilgʻor Finlyandiya tajribasini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini birgalikda ishlab chiqishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.