Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlash va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish boʻyicha tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan taʼtil davomiyligini belgilash tartibini va xodimning oʻrtacha ish haqini hisoblash tartibini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi taʼlim shaklida oʻqishi mumkin boʻlgan taʼlim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan boʻshatishga taqiq joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, ishga qabul qilish chogʻida shaxsning pasporti yoki ID-kartasini, mehnat daftarchasiga oid maʼlumotlarni talab qilmasdan, davlat organlari va tashkilotlari mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali soʻrab olishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga oʻtishi taʼminlanishiga, davlat organlari va tashkilotlarida xodimni ishga qabul qilishda noqonuniy rad etish holatlari kamayishiga, shuningdek, ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish kabi byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.