Eron yadro qurolidan ustunroq qurolga ega ekanini ma'lum qildi

    Eron yadro qurolidan ustunroq qurolga ega, bu haqda Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (Eron qurolli kuchlarining elita bo'linmalari) xalqaro bo'limi sobiq rahbari, iste'fodagi general-mayor Ibrohim Rostami bayonot berdi.

    “Eronning to'xtatuvchi kuchi yadroviy quroldan ancha kuchli, bizda yadro qurolidan kuchliroq qurol bor”, dedi u Didban Iran portaliga bergan intervyusida. Generalning so'zlariga ko'ra, “Eron yadro qurolini ishlab chiqish arafasida” va agar Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiy tegishli qaror qabul qilib, 2003-yilda bunday qurollarni ishlab chiqishni taqiqlovchi fatvosini o'zgartirsa, “atom bombasi Eron uchun Isroilni to'xtatuvchi yaxshi vosita bo'ladi.

    1-oktabr kuni Eron Falastinning HAMAS harakati, shia tashkiloti “Hizbulloh” va Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi yetakchilarining o'ldirilishiga javoban Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Tehron raketalarning 90 foizi mo'ljallangan nishonlarni muvaffaqiyatli urganini aytdi, biroq Isroil Eron 180 ga yaqin raketa uchirgani va ularning aksariyati tutib olinganini ta'kidladi. Isroil Bosh shtabi hujumga javob berishga va'da berdi. O'z navbatida, Eron oliy rahbari bu holatda o'z mamlakatining Isroilga qarshi javob zarbalari kengroq tus olishi haqida ogohlantirdi, deb xabar beradi tass.ru.