«Belfa» kompaniyasi O‘zbekistondan jun mahsulotlarini xarid qiladi

    Biznes 16 Fevral 2024 516

    Belarus Respublikasining Minsk shahrida «Ishchi kiyimlar, xavfsizlik va mehnat muhofazasi» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston korxonalari mazkur ko‘rgazmaning debyutanti sanaladi.

    «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga a'zo korxonalardan iborat delegatsiya «Made in Uzbekistan» jamoaviy stendida maxsus poyabzallar, charm buyumlar, butlovchi qismlar, charmsanoat sohasi uchun zarur bo‘lgan kimyoviy moddalar, jun va mo‘yna mahsulotlarini namoyishga qo‘ygan.

    Ko‘rgazmaning dastlabki kunida Belarus Respublikasining «Trud» hamda mahalliy «Ulkan Laziz» MChJ o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Maxsus poyabzallarni mahalliy korxonamizdan xarid qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

    «Trud Spetsobuv» MChJ esa O‘zbekistondan poyabzal ustki qismlarni sotib olishga qiziqish bildirdi. Korxonalarimiz tomonidan kompaniyaga mahsulot na'munalari taqdim etildi.

    «Amr-ul Baxr» MChJ korxonasi hamda «SeYFTIM» MChJ, «Trud Spetsobuv» MChJ korxonalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotlarda tomonlar mahalliy korxonamizning mahsus poyabzallarini xarid qilish bo‘yicha dastlabki kelishuv istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

    Belorussiyaning «Belfa» kompaniyasi O‘zbekistonning «Tinchlik» MChJ korxonasi bilan jun mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Belarus kompaniyasi bilan O‘zbekistondan 20 tonna qayta ishlangan jun mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.